www.ziyouz.com kutubxonasi
121
sezib, kulimsiradi.
— Mening uyimga kelganlar ostonadan noumid qaytishmagan. Shu uy qurilganidan beri
darvoza qulf nimaligini bilmaydi. Ishonmasangiz ana, qarang. — U shunday deb uy
tomon yo‘l boshladi. Zohid darvozaga ko‘z tashladi: chindan ham tutqich boru qulf yo‘q.
— Men qishloqda tug‘ilib o‘sganman. Qishlog‘imizda qulflanadigan bironta ham eshik
yo‘q edi. Shaharda ham shunday qilsa bo‘larmikin, devdim.
— Bo‘lyaptimi? — dedi Zohid ostona hatlab.
— Bo‘lyapti shekilli?
«Bo‘lmay-chi — deb o‘yladi Zohid. — Bu uyga qaysi botir o‘g‘ri, kimning yuragi bilan
yaqinlashar ekan? Qulf nima ekan, aslida bu xonadonga darvoza ham shart emas...»
Chuvrindi uni kichik mehmonxonaga boshladi. Bu xonadonda uchta mehmonxona bo‘lib,
biri katta, ikkinchisi o‘rta, uchinchisi kichik hisoblanardi. Uchchovida ham dasturxon
hamisha tuzog‘liq turar, odamlar soniga, hamda darajasiga qarab u yoki bu
mehmonxonaga taklif qilinardi. Chuvrindi avvaliga Zohidni katta mehmonxonaga
boshlab qoyil qoldirmoqchi edi. Keyin «bularning zoti qitmir bo‘ladi, bir baloni
boshlamasin», deb «kamtarona» hisoblangan xonaga taklif etdi.
Ostona hatlab hovliga kirgan odam bir qarashdayoq xonadonning sarishta ekanini
ko‘radi. Mo‘’jaz favvora, shiypon, uylarning joylanishi — hammasi risoladagiday. Agar
hovliga tovus bilan kiyik qo‘yib yuborilsami, ertaklardagi xon saroyining o‘zi bo‘lishi
mumkin.
Chuvrindi bir necha daqiqa Zohidni mehmonxonada yolg‘iz qoldirdi. Bu muddatda Zohid
uy ichini ko‘zdan kechirishga ulgurdi. Hovlida yurishi kerak bo‘lgan tovus mehmonxona
devoriga muhrlanibdi. Rassom rang tanlashga usta ekanu ammo me’yorni bilmabdi.
Devorlaru shift tabiat va jonivorlar tasviri bilan to‘lgan, tasvirda faqat eshagu it bo‘lmasa
kerak. Bu rassomning kaltabinligimi yo xo‘jayin istagimi — Zohidga qorong‘u.
Chuvrindi kirib:
— Suratlar yoqdimi? — deb kulimsiradi.
— Rassom yaxshi ekanu...
— Hayvonot bog‘i qilib tashlabdimi?
— Ha.
— Men safarda edim. Kichkinam kirib «uni chizing» desa ham chizibdi, «buni chizing»
desa ham chizaveribdi. Men o‘zim bunaqangi bachkanalikni yoqtirmayman.
— Me’morchilikdan xabaringiz bormi, deyman?
— Nega so‘rayapsiz?
— Uy tartib bilan, yaxshi qurilibdi. Me’morning qo‘li sezilib turibdi.
— Buni to‘g‘ri topdingiz. Bir me’mor oshnam ishboshi bo‘lib qurgan bu uylarni. O‘zimda
savod yo‘q. Maktabda ham chala-chulpa o‘qiganman. O‘qishga havas zo‘r edi-ku, sharoit
to‘g‘ri kelmadi.
— Nima sababdan?
— Buning tarixini aytsam, ming bir kecha bo‘ladi. — Chuvrindi shunday deb tuzog‘liq
dasturxon ustiga yoyilgan dokani yig‘ishtirib oldi.
— Qani, marhamat qiling.
— Mehmon kutyatuvdingizmi? — deb so‘radi Zohid. — Bemavrid kelibman, shekilli?
— Kutayotgan mehmonim — siz, desam ishonasizmi?
— Yo‘q, ishonmayman, — dedi Zohid kulimsirab.
— To‘g‘ri, ishonmaysiz. Hamma gapga ishonaversangiz prokuror bo‘la olmas edingiz, —
dedi Chuvrindi ham jilmayib.
— Eksgumatsiya xulosalari...
Zohid shunday deb gap boshlagan edi, Chuvrindi shart kesdi:
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |