www.ziyouz.com kutubxonasi
298
nazoratchilari qo‘shni davlat elchilariga ko‘rsatiladigan izzat-ikrom bilan kutib olib,
kuzatib qo‘yishlari kerak edi. Yo‘llarda hali qaroqchilar tugatilmagan, tartib o‘rnatilmagan
notinch shahar va qishloqlar bor edi. Xondamir va uning hamrohlarini bunday joylardan
«badraqa» deb ataladigan ikki yuz-uch yuz kishilik qo‘riqchi askarlar o‘tkazib qo‘yishardi.
Karvonsaroylarda ham ularni «podshohning xos mehmonlari» deyishib, eng yaxshi
xonalarga joylashtirishar, qo‘llaridagi qog‘ozlariga binoan kundalik taomlari uchun bepul
guruch, go‘sht, yog‘ berishar, tag‘in mayda xarajatlari uchun maxsus ulufa ham
to‘lashardi. Charchagan ot-ulovlarini almashtirishlari kerak bo‘lib qolsa, yomchilar
boquvdagi ot-ulovlaridan ularga birinchi navbatda berishar edi. Kobuldan Dehligacha
bo‘lgan minglab chaqirim yo‘l bo‘yidagi karvonsaroylar va yomlar Boburning harakatlari
bilan shunchalik obod va shunchalik yaxshi ishlab turar edi.
Xondamir yo‘llarda, bekatlarda Hindistonga borib kelayotgan elchilar, sayyohlar va
savdogarlarni ko‘p uchratardi. Bultur Agradan ellik chaqirimcha g‘arbdagi Sekri degan
joyda Bobur Rano Sango bilan urushib, Panipatdagidan ham ulkanroq g‘alabaga
erishgandan keyin uni astoydil tan olib, elchi yubora boshlagan podshohlar ko‘payib
qolgan edi. Xondamir Laxo‘rda uchratgan qizilboshlarning elchisi Shoh Taxmasi I*
nomidan g‘alati sovg‘alar olib bormoqda edilar. Bu sovg‘alar orasida oq tuyaning zar
uqali kajavasida parvarishlab olib ketilayotgan ikkita go‘zal cherkas qizi ham bor edi.
Shoh Taxmasi bu qizlarni Boburning haramiga atab yuborgan edi.
Xondamir Dehlidan shimolroqdagi bir bekatda samarqandlik va toshkentlik elchilarni
ham uchratdi. Sekridagi g‘alabaning shuhrati atrof mamlakatlarga yoyilganidan keyin
Bobur Hindistonda tuzgan yangi davlatni uning ashaddiy dushmanlari bo‘lgan
shayboniyzo-dalar ham tan olgan edilar. Hozir Samarqand taxtida o‘ltirgan
Ko‘chkinchixonning elchisi Boburga Samarqandning soyaki mayizlaridan, Konibodomning
subhoni o‘riklaridan, Buxoroning o‘tkir maylaridan, Movarounnahrning boshqa noyob
ne’matlaridan yetti tuyaga sovg‘a-salom yuklab, yoniga ikki yuzta yaxshi otni ham tortiq
qilib qo‘shib keltirgan edi. Bobur bu elchini o‘zining Jamna bo‘yida qurdirgan yangi Hasht
Bihisht bog‘ida xonlar o‘tiradigan oq kigiz ustiga o‘tqazib, kamoli ehtirom bilan qabul
qilgan edi. Boburning qabulidan va sovg‘a-salomlaridan mamnun bo‘lib qaytayotgan xon
elchisi Xondamirga maqtandi:
— E, mavlono, biz Hindistonda ko‘rgan xirmon-xirmon oltinlarni hali hech kim
ko‘rmagandir. Bobur mirzo quyma oltindan qilingan taxtda o‘ltiribdir. Taxtning pastiga
katta gilam to‘shalgan ekan. Viloyat hokimlari har yili beradigan oltinlarini shu gilamning
ustiga keltirib to‘kdilar. Birpasda oltindan katta xirmon ko‘tarildi.
Bobur shayboniyzodalarning oltinga suq odamlar ekanini bilgani uchun elchining ko‘zi
oldida ataylab shunday xirmon ko‘targanini Xondamir ich-ichidan sezib kuldi:
— Janob elchi bu xirmondan kapsan olmadilarmi?
— Podshoh bizga qimmatbaho sarupolar kiydirdi. Gilam ustidagi oltindan hazrat
Ko‘chkinchixonga atab sovg‘a berildi. Oltin tangalarni sanab ham o‘ltirmadilar. Ikki yuz
ellik misqolni bir kumush tosh bilan tortib berdilar — qo‘ydilar.
— Ikki orada biron shartnoma tuzildimi?
— Ha, bemalol bordi-keldi qiladigan bo‘ldik. Savdo-sotiq tiklandi. Aloqalar ilgarigidan
yaxshiroq ravnaq topg‘usidir. Biz bulardan ipak, ziravor olurmiz. Bularga ho‘lu quruq
mevalar, ot-ulovlar soturmiz... Yo‘li uzoq bo‘lsa ham korvonlarimiz ishtiyoq bilan kelib
ketadi. Chunki Bobur mirzo butun qalamravida tamg‘a* solig‘ini bekor qilmishlar.
O‘zbek, turkman, tojik, hind, arab, ajam, fors — qo‘yingki, hamma bani bashar* bu og‘ir
soliqdan xalos bo‘lib, daromadlari oshibdi. Hunarmandu savdogarlar ham shunisidan
juda mamnun. Faqat Bobur podshoning bir amri bizga ma’qul kelmadi.
— Qaysi amri? — qiziqib so‘radi Xondamir.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |