2. XXI asrda yosh avlodni tarbiyalash vositalari.
Mutaxassislarning fikricha, bolalar uch yoshgacha o‗zlari uchun muammoli
vaziyatlardan tez chiqishadi, to‗g‗rirog‗i, tez unutib yuborishadi. Biroq ular katta
bo‗la boshlagach, jamiyat (bog‗cha, ijodiy studiyalar, maktabga tayyorlaydigan
muassasalar, sport komplekslari)ga qo‗shiladi. Endi bola tashqaridan o‗ziga diqqat,
e‘tibor talab qila boshlaydi. Agar u etarli darajada bo‗lmasa yoki bolaga umuman
ahamiyat berilmasa, araz, gina paydo bo‗lishi mumkin. Ota-ona boladagi ichki
norozilik aynan qaysi vaziyatda tug‗ilganini ko‗p hollarda anglay olmay qoladi. U
bora-bora yig‗ilib, haqiqatan katta muammoga aylanadi.
Bog‗cha yoshidagi bolalar o‗rtasidagi ziddiyatlarning eng odatiylari —
o‗yinchoq, turli o‗yinlar, bir-birining jig‗iga tegish, laqab qo‗yish kabilar. Shunday
paytlarda hamisha kattalar tomonidan g‗amxo‗rlik tuygan bolakaylar ruhiyatida
shok holati yuzaga keladi. Bu ayniqsa, kattalarning aralashuvi bilan o‗sha bolani
tengquriga nisbatan kamsitishsa, maqtov so‗zlari aytilmasa yaqqolroq seziladi.
Ba‘zi bolalar o‗z noroziligini ochiq-oydin bildiradi, uni xafa qilganlar kechirim
so‗rashlarini kutadi. Atrofdagilarning tavba-tazarru qilmasligi arazni yanada
chuqurlashtiradi.
Ayrim hollarda bolaning arazlashi, xafa bo‗lishiga o‗zgalarning g‗alamisligi
sabab bo‗ladi. Masalan, bola bog‗chaga kelib, birinchi kundan o‗z tashabbusi bilan
tengdoshlariga qo‗shilib o‗ynamoqchi bo‗ldi. Biroq bolalar uni begona ko‗rib,
chiqishtirishmadi. Bolaning noroziligini esa na tarbiyachi, na ota-ona e‘tiborga
oldi. Ana shu kabi hollarda bolaning etarli baholanmaganlik hissi arazga olib
kelishi mumkin.
Endi vaziyatni sal boshqacharoq misol bilan tahlil qilib ko‗ramiz. Bola
bog‗chaga kelib, o‗ynab o‗tirgan tengdoshlarini ko‗radi. Ularga qo‗shilib
o‗ynashga harakat qilmay turib, unga shunchaki e‘tibor berishmagani uchun
arazlab, xarxashani boshlaydi. Vaziyat yaxshilab tahlil qilinib qaralsa, bola
besabab xafa bo‗layapti va bunda o‗zgalarni ayblayapti. Bu erda biz o‗rganmoqchi
bo‗lgan muammoning ildizi yotadi. U ham bo‗lsa o‗z-o‗zini baholashdir.
Senga nima bo‗ldi, bolakay?
Arazchi kichkintoylarning eng xarakterli belgilaridan biri — boshqa
bolalarning muvaffaqiyatini ko‗ra olmaslik. Bunday farzandning oldida birov
maqtalishini, eng yomoni, kim bilandir solishtirganda uning torozi pallasi
bosmasligini katta iztirob bilan qabul qiladi. Bunday bolalar doimiy maqtov, ijobiy
baholanishga muhtoj bo‗lishadi. Basharti bu uning ko‗nglidagidek yuz bermas
ekan, o‗z-o‗zi bilan bo‗lib, kechinmalari ichida o‗ralashib qoladi, faqat kim
yaxshiyu kim yomonligi haqida o‗ylaydi, hamma vaziyatlarda o‗zini haq deb
biladi. Bunday haddan ortiq araz asosida bolaning o‗ziga nisbatan ishonchi kamligi
yotadi.
Munosabatni o‗zgartiring!
Ko‗pgina ota-onalar arazchi bolaning gap ko‗tara olmasligi, ko‗ngli
nozikligini hisobga olib, uni ko‗proq maqtashga, tengdoshlaridan ustunligini
isbotlashga harakat qilishadi. Biroq bu bilan muammo to‗liq hal bo‗la qolmaydi.
Har qanday baho bolaning diqqatini fe‘lidagi u yoki bu xislatga qaratishga, o‗zini
hamisha boshqalar bilan taqqoslashiga sabab bo‗lishi mumkin. Oqibatda farzand
atrofidagi bolalarni o‗ziga nisbatan raqobatdosh sifatida qabul qiladi.
Demak, arazchilikni engishda ota-onaning farzandini noreal baholamasligi
va o‗zgalar bilan taqqoslamasligi eng birinchi shart hisoblanadi. Bu gapirishga
oson, ammo maqtov va tanbeh berib turish tarbiyaning odatiy usuliga aylanib
bo‗lgani sababli ham amal qilish nihoyatda qiyin. Afsuski, ko‗pgina ota-onalar o‗z
mehrini bolani maqtash bilan ifodalashga harakat qilishadi. Bu bolakayni hamisha
o‗z qadrini bildirib qo‗yuvchi, afzalligini ko‗rsatuvchi tadbirlarni yuk sifatida
qabul qilishiga olib keladi.
Arazchi bolalarning ota-onalari uchun eng muhim qoidalar:
Farzandingiz bilan hamkorlik o‗rnating. Yuragidagi tug‗yonlarni
bildirishiga rag‗batlantiring.
Bola bilan dildan gaplashing. Arazining sababini ifodalashiga
ko‗maklashing, yuz, ko‗ziga diqqat bilan razm soling. Xohishlarini og‗zaki
ifodalashiga yordam bering.
Farzandingizdagi ta‘sirchanlikni so‗ndirishga harakat qilmang. Kerak
vaqti o‗z hissiyotlarini tashqariga chiqarishga imkon yarating. So‗ng o‗tirib,
bafurja gaplashing.
Bolani sabr bilan eshitishga o‗rganing. Maslahat, tanbeh berishga
shoshmang. Avval quloq soling. Ba‘zan «seni tushunaman. Menda ham shunday
bo‗lib turadi», deyishning o‗zi ham kifoya qiladi.
Avval vaziyatni to‗liq tushunib oling, so‗ng tushuntiring. Bolaga ola-
bo‗ji aslida yo‗qligini ming tushuntirmang, baribir ulardan qo‗rqsa, bu barcha
harakatlaringiz zoe ketdi, degani. Avval farzandingizning ishonchini qozoning,
so‗ng mantiqiy va‘zni boshlash mumkin.
Shunday tarbiya usullarini olib borilsa, bola yaqin orada arazchilikni tashlab,
optimist va xushmuomala bo‗lib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |