3. Buzish qurollarining statik izlari ekspert
tadqiqotining usullari
Dastlabki tadqiqot bosqichida ekspert o‘rganish zarur bo‘lgan
obyektlar, jinoyat ishining jinoyat sodir etilishi joyida iz hosil bo‘lish
shart-sharoitlariga tegishli holatlar to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega
bo‘ladi. Chunonchi, iz yog‘och buyumda qoldirilgan bo‘lsa, u holda iz
hosil bo‘lgan vaqtda yog‘ochning holati (quruq, ho‘l yoki boshqa modda
bilan qoplangan) hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Ushbu ma’lumotlar
ekspertni yog‘och quriganda yoki ho‘llanganda qanaqa o‘zgarishlarga
uchrashi ehtimolligi qiziqtiradi. Masalan, yog‘och ho‘llanganda, izda
118
akslangan mayda tolalar namiqqanda shishishi va tekislanib ko‘rinmay
qolishi mumkin. Ekspertga buzish quroli topilgan joy va vaqt, uni tergov
qilinayotgan jinoyatdan so‘ng ishlatish imkoniyati to‘g‘risida
ma’lumotlarni olish zarur, zero bularning hammasi relyef elementlari va
buyum tashqi tuzilishining boshqa xususiyatlarini o‘zgartirib yuborishi
mumkin.
Statik izlarni ekspertiza qilish tartibi ko‘pincha o‘rganilayotgan
obyektlar miqdori bilan belgilanadi. Agar ekspertiza qilish uchun bitta iz
va bir nechta ehtimolli buzish qurollari olinsa, boshida izning o‘zini
o‘rganib chiqish maqsadga muvofiqdir. Zero, buyumda buzish quroli
izlarini o‘rganish bevosita o‘rganilayotgan buzish qurollarini o‘rganish
orqali ulardan aynan qaysisi tomonidan ushbu izlar qoldirilgani to‘g‘risida
xulosa qilishga imkoniyat yuzaga keladi. Boshqa holatlarda ekspertiza
qilishni bevosita buzish qurollaridan boshlash kerak.
Obyektlar ko‘zdan kechirilganda, ularning yuzasida begona moddalar
qoldiqlari bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rish zarur, chunki ular ham tabiiy va
kimyoviy yo‘l bilan tekshirib ko‘rilishi mumkin. Izda topilgan begona
buyumlarni darhol olib tashlash maqsadga muvofiq emas, zero ular
keyinchalik tekshirish davomida o‘zining joylashishi va shakliga ko‘ra
tekshirilayotgan qurol bilan bog‘liqligini ko‘rsatishi mumkin. Mazkur
zarralar fotosuratga olish va trasologik tekshiruv o‘tkazilgandan so‘ng,
olib tashlanishi mumkin.
Izlarni ko‘zdan kechirishda optika va o‘lchov asbob-uskunalaridan
foydalaniladi. Tekshirish uchun yuborilayotgan izlarni ko‘zdan kechirish
obyektlarning umumiy ko‘rinishini masshtabli tasvirga olish qoidalariga
ko‘ra suratga olinadi va ta’riflanadi.
Odatda ekspertizaga izlarni o‘z ichiga olgan quyidagi obyektlar
yuboriladi: buzilgan to‘siqlar va ularning qismlari (masalan, yog‘och
to‘siqlarning arralab olingan qoldiqlari), metall eshik hamda panjaralar va
hokazo. Kamdan-kam hollarda iz qoliplari va ularning fototasvirlari,
shuningdek mazkur buyumlarda izlarni qoldirish ehtimoli mavjud bo‘lgan
buzish qurollari. Binobarin, ularni alohida tekshirishga kirishilganda,
birinchi navbatda iz qoldirilgan buyum yasalgan materialni tavsiflash:
uning turi, mustahkamligi, birxilligi, buyum sirtining holatiga alohida baho
beriladi, so‘ngra iz turi, uning yuzaga kelish shart-sharoitlari va
mexanizmi aniqlanadi.
Izlarni o‘lchash orqali tekshirilganda, iz hosil bo‘lgan obyekt sirtiga
nisbatan boshqa obyektning joylashish holati hamda buzish qurolining
tashqi ta’siri (zarba, bosim)ning yo‘nalishi va usuli aniqlanadi. Bunda
119
izning umumiy shakli va o‘lchamiga alohida e’tibor qaratish kerak. Agar
iz chegaralari noaniq bo‘ladigan bo‘lsa, uning shakli va hajmiga aniqlik
kiritish maqsadida kattalashtirish lupalari, mikroskoplar va turli yorug‘lik
manbalaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Iz shakli va hajmini tahlil
qilish uni yuzaga keltirgan qurol turini aniqlash imkonini beradi. Bu
nazariya izlarning umumiy tuzilishi tipik, standart qurolning izlariga mos
kelgandagina to‘g‘ri keladi. Masalan, siqib chiqarishda otvertkadan qolgan
izlar uning ishchi qismiga xos trapetsiyasimon shaklga va muayyan
o‘lchamlarga ega bo‘ladi. Asboblarning guruhiy tegishliligini aniqlash
maqsadida standart texnik hujjatlarda berilgan ishlab chiqarish
ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Ekspertiza jarayonida iz hosil bo‘lish mexanizmlari to‘g‘risidagi
masala hal qilinadi: buzish qurolining qaysi qismi tomonidan izlar hosil
bo‘lgan, u to‘siqqa qaysi burchak ostida va qaysi yo‘nalishda ta’sir qilgan
va hokazo. Hajmli izlarda ular izning chekkalari va tagida g‘adir-budur va
o‘ziga xos relyef hosila (chuqur va do‘ng)lar ko‘rinishida ifodalanadi.
Agar izlar chuqur qoldirilgan va ularning tagi yaxshi ko‘rinmaydigan
bo‘lsa, ularga «K» pastasi, qurilish-montaj ko‘piklari va germetiklari yoki
boshqa nusxa oluvchi moddalarni quyish tavsiya etiladi. Alohida hollarda
bunday izlarni ehtiyotlik bilan ko‘ndalangiga kesib ko‘rish mumkin.
Izlarda u yoki bu xususiyatlar topilganda, ularning kelib chiqishini
aniqlash zarur (ya’ni ular qurol sirtini aks ettiradimi yoki iz qabul qiluvchi
obyekt materialining relyefi uchun xosmi yoxud tashqi mexanik, termik
yoki kimyoviy ta’sir natijasida yuzaga kelganmi).
Yuzaki izlarda (qatlam bo‘lish yoki ko‘chish) relyef tuzilishining
xususiyatlari yomonroq aks etishi mumkin. Ko‘pgina hollarda mazkur
belgilar faqat iz chegaralarida, basharti qurolning iz qoldiruvchi joyining
qirrasi notekis bo‘lsa (sinib tushgan, qayilgan va boshqalar), aniqlanish
ehtimoli bor. Ba’zida iz konturining chegarasida iz moddasi quyuq
qoplangan dog‘ ko‘rinishida yirik o‘yiq va botiqlar yoki bo‘shliq izlarni
topish mumkin.
Buzish qurolining izlari ifodalangan umumiy va xususiy belgilarni
tahlil qilish (ular yaqqol aks etganligi sharti bilan) ular bo‘yicha iz hosil
qiluvchi obyektdagi izning identifikatsiya qilishga yaroqliligi to‘g‘risidagi
masalani hal qilish imkonini beradi. Biroq, ko‘pincha bu masalaga faraz
qilinayotgan qurolning belgilarini o‘rganish va ularning izlarda ifodalanish
ehtimolligini ekstremal ravishda hal qilganidan so‘ng oydinlik kiritiladi.
Qurolni tekshirish vaqtida ekspert uning ko‘rinishi, ishlatish
maqsadini aniqlaydi, uning shakli, o‘lchami, tarkibiy xususiyatlarini
120
ta’riflaydi, uning sirtida begona moddalarning bor yoki yo‘qligini
tekshiradi. Asbobning ishchi qismi va izda bevosita ifodalanishi mumkin
bo‘lgan boshqa qismlariga alohida e’tibor qaratiladi. Basharti ekspertiza
qilish uchun bir nechta qurollar taqdim etiladigan bo‘lsa, avval iz hosil
qilgan qurolning umumiy belgilari va ko‘rsatilgan joylardagi izlar (shakli,
o‘lchami) o‘rganiladi. Shundan so‘ng, tanlab olingan buzish qurollari
ularni alohidalashtirish imkonini beruvchi o‘ziga xos xususiyatlarni
aniqlash maqsadida batafsil o‘rganiladi.
Qurolning iz hosil qismining tashqi sirti va tashqi tuzilishi «Ularus»
uskunasida kattalashtirilib tasvirga olinadi. Bunday kattalashtirishda
relyefning izda ifodalanishi xususiyatlari aniq ko‘rinishi kerak. Ba’zida
izlar telekameraga tushirilishi va kompyuter dasturlari orqali ishlanishi
mumkin.
Amaliyotning ko‘rsatishicha, iz hosil bo‘luvchi materialning
xususiyatlari, iz hosil bo‘lishda kuchning miqdori va bir-biri bilan
ta’sirlanayotgan obyektlarning makonda joylashishiga qarab, izlar o‘zgarib
turishi mumkin. Bu holat belgilar turli xilda aks etishi darajasini va iz
hosil bo‘lish dinamikasini aniqlash hamda qiyosiy tadqiqot iz nusxalarini
olish maqsadida ekspert tomonidan tajriba o‘tkazish zaruratini taqozo
etadi. Izlarni o‘rganish orqali ularning yuzaga kelish mexanizmini
eksperiment tariqasida o‘rganish vaqtida shunday sharoit yaratiladiki,
bunda eksperiment vaqtida olingan iz jinoyat sodir qilish joyida olingan
izga (undagi belgilarning ifodalanish darajasiga ko‘ra) mos kelishi kerak.
Hajmli eksperimental izlarni olish uchun shunday material olinadiki, unda
buzish qurollarining iz qoldiruvchi qismi tashqi tuzilishi o‘zgarmasligi
lozim, shu boisdan buzish qurolining ishchi sirtini tuzilishini o‘zgartirib
yuborishi mumkin bo‘lgan materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Odatda iz daraxtda qoldirilgan bo‘lsa, aynan shu turdagi daraxt turi yoki
plastilin olinadi, izlar metallda bo‘lsa qo‘rg‘oshin yoki mis namuna
sifatida olinadi.
Qatlam bo‘lish yoki ko‘chishning eksperimental izlarini olish uchun
o‘zining tuzilishi va rangi bo‘yicha tekshirish uchun berilgan izlarga mos
bo‘lgan bo‘yoq moddalari olinadi.
Ekspert bir nechta eksperimental izlarni solishtirish orqali iz hosil
bo‘lish belgilarining turg‘unligi (yoki turli xilda aks etishining darajasi)ni
tekshiradi va pirovardida qiyosiy taqqoslashda foydalanish uchun mos iz
namunasini tanlab oladi. Bu iz jinoyat sodir qilingan joyda topilgan iz kabi
sharoit va masshtabda suratga tushiriladi. Eksperiment o‘tkazish tartibi va
shart-sharoitlari ekspert xulosasida bayon qilinadi.
121
Izlarni eksperimental tarzda yuzaga keltirish jarayonida buzish
qurolining to‘siq bilan o‘zaro ta’sirga kirishishining boshlang‘ich
mexanizmlari aniqlanadi: qurol qanday burchak ostida va qaysi
yo‘nalishda harakatlantirilgan, unga qanday kuch bilan bosilgan. Mazkur
ma’lumotlar umuman olganda to‘siqni buzish uslubi to‘g‘risidagi masalani
hal qilish imkonini beradi.
Ekspert tadqiqotining eng mas’uliyatli qismi jinoyat sodir etilgan
joydan olingan izlarni eksperimental tarzda olingan izlar yoki buzish
qurolining iz hosil qiluvchi qismi bilan taqqoslash hisoblanadi. Bunda
taqqoslashni eksperimental izlar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiq
hisoblanadi, chunki buzish quroli izda oynali akslanadi, bundan tashqari,
mazkur belgilar iz hosil bo‘luvchi materialning o‘ziga xos xususiyatlariga
ko‘ra hamma vaqt ham buzish qurolidagi belgilarga mos keladigan izlarni
hosil qilmaydi.
Taqqoslash asosan obyektlarni bevosita taqqoslash orqali amalga
oshiriladi. Alohida hollarda yaqqollik va ishonchlilik maqsadida
fotosuratlarni obyektlarga qoplab taqqoslash usullari qo‘llanishi mumkin.
Taqqoslashda jinoyat sodir qilingan joydan olingan iz va eksperimental
izlar bitta tekislikda bir xil yorug‘lik sharoitida yonma-yon joylashtiriladi.
Izlardagi solishtirilayotgan belgilarni xususiyati va o‘lchamiga qarab,
kattalashtirish mikroskoplari yoki lupa, stereoskop va taqqoslovchi
mikroskop ostida ko‘rish mumkin.
Bunda avval izlardagi umumiy belgilar, so‘ngra xususiy belgilar
tekshirib ko‘riladi. Bu kabi ketma-ketlik umumiy belgilar orasidagi farqni
aniqlashda xususiy belgilarni taqqoslashga vaqt sarflamasdan turib,
o‘hshashlikni mustasno qilish imkonini beradi. Agar buzish qurolining
shakli, o‘lchami, tarkibiy tuzilishini tavsiflovchi umumiy belgilar bir-
biriga mos tushsa, xususiy belgilarni taqqoslashga kirishiladi. Shuni
ta’kidlash joizki, relyef hosil qiluvchi obyekt qismlarining chegaralari
noaniq bo‘lishi mumkin. Shu bois, ulardagi miqdoriy ko‘rsatkichlar (relyef
qismlarining uzunligi va kengligi, ular orasidagi masofa, burchak
o‘lchovi)ni taqqoslash, ko‘p marotaba o‘lchash orqali olingan
ko‘rsatkichlar natijalarini statistik qayta ishlash (o‘rtacha arifmetik
miqdori hisoblab topiladi) orqali amalga oshiriladi. Ba’zida iz belgilari
shakli va o‘lchami o‘xshash bo‘lgani bilan, ular orasida farq qiluvchi
tomonlar ham bo‘ladi. Ular iz hosil bo‘lish sharoitlari va iz hosil bo‘lgan
materialning xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Izlarni baholash avval
eksperiment tarzida olingan va eksperimental izlarda belgilar
variatsionligini o‘rganish orqali amalga oshiriladi. Basharti iz belgisidagi
122
farq aniqlangan variatsionlik chegarasida bo‘lsa, unday holda ular juz’iy,
ya’ni qiyoslanayotgan iz belgilarining mos kelishi to‘g‘risidagi umumiy
xulosaga mos kelmaydi deb tan olinadi.
Aksincha, taqqoslash vaqtida izning umumiy va xususiy belgilari izni
hosil qiluvchi obyektni alohidalashtiruvchi obyekt qismlari bilan mos
tushadigan bo‘lsa, u holda o‘xshashlik aniqlangan, ya’ni izlar tekshirish
uchun taqdim etilgan buzish quroli tomonidan qoldirilgan, deb tan olinadi.
Solishtirilayotgan belgilardagi jiddiy farqlar o‘xshashlikni inkor etishi,
ya’ni aynan shu buzish quroli tomonidan izlarning qoldirilish imkoniyatini
rad etadi. Shu bilan birga, farqlarni baholashda ularning ba’zilari iz hosil
qilinishidan so‘ng, buzish quroli shaklining o‘zgartirilishi mumkinligini
hisobga olish kerak. Agar ekspert bunday o‘zgarishlarni aniqlasa
(ko‘pincha bu charxlash, o‘tmaslashtirish, qayrilish ko‘rinishida bo‘lishi
mumkin) yoki jinoiy ish materiallaridan jinoyat sodir etilganidan so‘ng,
buzish quroli uzoq vaqt ekspluatatsiya qilingani tasdiqlansa, odatda
ekspert tekshiruvining imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi masala hal qilinadi.
O‘xshashlik to‘g‘risidagi xulosa aniq va uzil-kesil chiqarilgan bo‘lishi,
ya’ni ekspert buzish qurolini alohidalashtiruvchi belgilar orasidagi
o‘xshashlikni ishonarli tarzda ko‘rsatib bera olishi yoki to‘liq tarzda mos
kelish bo‘lmaganda, taxminiy xulosa chiqargan bo‘lishi zarur. Ikkala
holatda ham zaruriy shart bo‘lib, belgilar orasida jiddiy farqlarning
yo‘qligi hisoblanadi. Faqat umumiy belgilarning mos kelishi guruhiy
mansublikni aniqlash, ya’ni iz qoldirgan obyektni tekshirish uchun taqdim
etilgan qurolga o‘xshashligi to‘g‘risida xulosaga kelish imkonini beradi.
Ekspert xulosasini rasmiylashtirish. Statik izlarning ekspertizasi
bo‘yicha xulosa chiqarishda umumiy talablar bilan birga, o‘ziga xos
xususiyatlar ham bo‘ladi. Masalan, alohida tekshiruvning bayoni buzish
izlari bo‘lgan buyumlardan boshlanadi. Bayonnomada ularning
nomlanishi, shakli, o‘lchami, material turi, sirtining xususiyatiga ta’rif
beriladi. Agar berilgan qolip hajmli izdan olingan bo‘lsa, iz materialining
turi, rangi, qolip o‘lchami ko‘rsatiladi. Aniqlangan umumiy belgilar
asosida iz qoldirgan qurolning tur (guruhiy)i mansubligi to‘g‘risida
dastlabki xulosa chiqariladi. So‘ngra izda aks etgan xususiy belgilarning
ta’rifi beriladi. Bunda uni batafsil amalga oshirish muhimdir, masalan,
izlarning shakllari, o‘lchamlari, joylashishini ko‘rsatish. So‘ngra mazkur
izlarning yuzaga kelish imkoniyati tahlil qilinadi, ularning identifikatsion
ahamiyati umumiy belgilar bilan majmuada baholanadi va buzish qurolini
mazkur izlar orqali identifikatsiya qilish imkoniyati to‘g‘risida uzil-kesil
xulosa chiqariladi.
123
Berilgan qurolni ta’riflashda uning turi, tashqi tuzilish xususiyatlari,
yasash usullari, asosiy o‘lchami to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi. Izlar
hosil qilingan qismi batafsil tavsiflanadi – uning shakli, o‘lchami, tashqi
tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari (xususiy belgilar)ga ta’rif beriladi,
ularning yuzaga kelishi va identifikatsion ahamiyati baholanadi.
Basharti tadqiqot jarayonida ekspert tekshiruvi amalga oshirilgan
bo‘lsa, ekspert harakatlari ketma-ketlikda qaytariladi, ya’ni tanlangan
materiallar, iz hosil bo‘lish sharoiti, buzish qurollari va moslamalarni
ishlatish ehtimoli tekshiriladi.
Ekspertiza obyektlarining taqqoslash tadqiqotlarini ta’riflash
jarayonida taqqoslash uslublari, vositalari va foydalanilgan asboblarni
izohlash muhimdir. Basharti taqqoslash natijasida salbiy natija olingan
bo‘lsa, faqat jiddiy farqlargina ko‘rsatib o‘tiladi. Tekshiruv ijobiy natija
beradigan bo‘lsa, o‘xshash va farq qiluvchi umumiy va xususiy belgilar
ilova qilingan fotojadvalga havola qilgan holda batafsil izohlanadi.
Ekspertiza jarayonida mos keluvchi belgilarga baho berishga alohida
urg‘u beriladi. Bunda ekspert belgilarning kelib chiqishi va obyektda aks
etish barqarorligini hisobga olgan holda har bir belgining identifikatsion
ahamiyatini va barcha belgilar majmuining xususiyligi (individualigi)ni
ko‘rsatishi zarur. Aynan shuning asosida iz muayyan buzish qurolining
aniq bir qismidan qoldirilganligi to‘g‘risida xulosa qilishga imkon beradi.
Ekspert xulosasiga obyektlar umumiy ko‘rinishi, ulardagi belgilar,
tekshirilishi zarur bo‘lgan buzish qurolining masshtabli (yiriklashtirilgan)
fotosuratli fotojadvali ilova qilinadi. Keyinchalik taqqoslashni tasvirlash
maqsadida bir masshtabli, yetarli darajada kattalashtirilgan haqiqiy izlar va
eksperimental izlarning fototasvirlari tayyorlanadi. Mazkur suratlar bitta
gorizontal tekislikda bir-biriga iloji boricha yaqin joylashtiriladi. Bir-biriga
mos kelgan xususiy belgilar qizil chiziqlar bilan belgilanib, soat o‘qi
bo‘ylab raqamlanadi. Farq qiluvchi belgilar ko‘k rang bilan belgilanadi.
Basharti qizil va ko‘k chiziqlar bir-birining ustini qoplab, belgilarni ko‘rish
imkoniyatini qiyinlashtirsa, fotojadvalga aynan shunday tasvirli ikkita
nazorat fotosurati yopishtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |