Keywords: presupposition, implication, implicature, explicature, pragmatic.
Til ijtimoiy hodisa, u doim inson hayoti, uning aqliy faoliyati bilan uzviy
bogʻlangan. Nutq jarayonida insonlar oʻzaro axborot uzatadilar va qabul
qiladilar. Ammo bu jarayonda muloqot ishtirokchilari faqat axborot almashinib
qolmay, nutq sohibining qolgan ishtirokchilarga ta’sir oʻtkazishi, ishora qilishi,
biror voqelikka ishontirishi, ta’kidlashi, oʻz munosabatini aks ettirishi, biror
narsaga undashi kabi maqsadlari ham amalga oshadi. Bunday holatlarda
lisoniy birliklariga axborot berishdan tashqari yana bir necha vazifa yuklanadi,
ularga pragmatik tus beriladi.
Pragmalingvistika tilshunoslikning mustaqil sohasi sifatida oʻtgan
asrning 70-80-yillarida shakllangan. “Pragmatika tushunchasi “ish”, “faoliyat”,
Til va adabiyot:
ilmiy va amaliy izlanishlar yoʻlidagi ilk odimlar
2020-yil 30-aprel
80
ma’nolarini bildiradi, shuningdek, uning lugʻaviy ma’nosi “amaliy ish” mazmuni
bilan ham reallashadi. Bundan koʻrinadiki, pragmatika bevosita til belgilarining
nutqdagi funksional qoʻllanishidan iboratdir, uning mazmuni esa odamlar
oʻrtasidagi aloqa-aralashuv jarayoniga xos ifodalash va anglash printsiplari
asosida namoyon boʻlishidir” [6.89-bet]
Til birliklarining pragmatik xususiyatlarini oʻrganish oʻzbek
tilshunosligida yigirmanchi asrning 80-yillaridan boshlangan. Tilshunos olim
N.Mahmudovning presuppozitsiya va gap munosabatiga doir, A.Nurmonovning
koʻmakchili qurilmalar presuppozitsiyasiga doir, D.Lutfullayevaning “oʻrniga”
koʻmakchili qurilmalar presuppozitsiyasi haqidagi ilmiy maqolalari e’lon
qilindi. Keyinchalik esa oʻzbek tilshunosligida til birliklarining pragmatik
xususiyatlari haqida qator tadqiqotlar yuzaga keldi. U.Rahimovning
yuklamalar presuppozitsiyasiga doir, Z.Burxonovning oʻzbek tilida
koʻmakchilar va ularga vazifadosh kelishiklar pragmatikasiga doir nomzodlik
dissertatsiyalari, A.Pardayevning yordamchi soʻz turkumlarining, xususan,
bogʻlovchilarning soʻz turkumlarining lisoniy tizimdagi oʻrni va
lingvopragmatik tadqiqiga doir doktorlik dissertatsiyalari, M.Qurbonovaning
bolalar nutqining pragmalingvistik xususiyatlariga doir ishlari shular
jumlasidandir.
Lingvistik belgining umumsemiologik tabiati, til sathlariaro munosabat,
nutqiy akt nazariyasi, matnning pragmasemantik tadqiqi kabi masalalarga
oydinlik kiritar ekan, M.Hakimov pragmatikaning ob’ekti haqida ma’lumot
berib, “konkret jumlalardan anglashilgan bir qator qoʻshimcha ma’nolar nutqiy
vaziyat, kontekst bilan uzviy bogʻliqdir. Nutqiy vaziyat, kontekst bilan uzviy
bogʻliq boʻlgan ana shunday ma’nolar va bu ma’nolarni ifodalovchi vositalar
lingvistik pragmatikaning oʻrganish ob’ekti sanalishini” ta’kidlaydi [6.26-bet].
Presuppozitsiya, uning aks etishi, presuppozitsiyaga ishora qiluvchi
birliklar turlichadir. “Presuppozitsiya pragmatik hodisa sifatida til birligining
nafaqat kontekst, nutqiy vaziyat, balki til egalarining nutq ob’ekti haqidagi
umumiy bilimlari, til koʻnikmasi kabi tashqi omillarni ham qamrab oladi.
81
Presuppozitsiya qayd etilgan tashqi omillar bilan bogʻliq holda yuzaga chiqsa-
da, mohiyatan moddiy qobigʻiga ega boʻlmagan, kontekst orqali implitsit tarzda
reallashuvchi axborot hisoblanadi”[5.15-bet]
Presuppozitsiya til birligining “ichki imkoniyati”ni namoyish etadigan
hodisadir. Presuppozitsiya hisobiga til birligining bevosita kuzatishda
berilmagan semantik xususiyati yuzaga chiqadi. Presuppozitsiya ixsham shakl
orqali koʻp ma’lumot berishga xizmat qiladi. Shu tariqa gaplarda semantik-
sintaktik assimetriya paydo boʻladi. Presuppozitsiyada nutq ishtirokchilari
voqelik haqidagi qoʻshimcha ma’lumot yashirin ifodasini anglab yetishlari
zarur. Bu ma’lumot ba’zan gapda aks etgan propozitsiyaga zid xarakterda
boʻlsa, ba’zan mazkur propozitsiyani semantik jihatdan toʻldiradi.
M.Hakimov presuppozitsiya gap orqali bayon qilingan asosiy
propozitsiyaning aks mazmunidan iborat, degan xulosaga keladi. Uning
fikricha, presuppozitsiyaning asosiy belgisi matn orqali bayon qilingan
propozitsiyaga – hukmga zid tarzda mazmuniy munosabatning
anglanishidir[6.125-bet] Biroq gapda voqelangan presuppozitsiya har doim
ham ochiq ifodalangan propozitsiyaga semantik jihatdan zid boʻlavermaydi.
Masalan, “Yana yoningizga bosh egib keldim” gapida ifodalangan «Oldin ham
bosh egib kelgan edim» presuppozitsiyasi gapning propozitiv strukturasini
semantik jihatdan toʻldiradi, voqelikning avval ham sodir boʻlganligini
tinglovchiga eslatgan. Pragmatika sohasida qator tadqiqqotlar olib borgan
Sh.Safarov presuppozitsiya va impilitsitlik haqida quyidagicha fikr bildiradi.
“Matnning va umuman turli koʻrinishdagi nutqiy tuzilmalarning mazmunini
belgilovchi hodisalardan yana biri presuppozitsiyadir. Presuppozitsiya maxsus
adabiyotlarda inferentsiyaning xususiy koʻrinishlaridan biri sifatida qaraladi
va bunda ifodalanyotgan fikr – hukmning haqiqiy yoki oʻrinli ekanligi e’tiborga
olinadi. Buning uchun esa muloqot ishtirokchilari voqelik, kechayotgan yoki
xabar qilinayotgan hodisa haqida biror bir umumiy ma’lumotga ega boʻlishlari
kerak. R.Stolneyker ta’biricha, “presuppozitsiya talab qilinayotgan lisoniy
faoliyat ijrosidan oldin implitsit nazarda tutilgan propozitsiyadir” [4.123-bet]
82
Tildagi implitsitlik muammosi, uning nutq ishtirokchilari orasidagi
munosabatni oydinlashtirishdagi ahamiyati, badiiy va publisistik matnlardagi
oʻrnini tadqiq qilish hozirgi zamon pragmalingvistikasi, kognitiv tilshunosligi
bilan shugʻullanayotgan tadqiqotchilar uchun eng murakkab va qiziqarli
masalalardan biridir. Axborotni implitsit ifodalagan, muallif tomonidan verbal
ifodalanmagan, kitobxon yoki tinglovchining oʻzi anglab yetishni koʻzda
tutadigan bunday yashirin ma’nolar badiiy asarning ekspressiv-
emotsionaligini ta’minlashda, pragmatik baho berishda, tinglovchiga ta’sir
koʻrsatishda, ijodkorning badiiy-publisistik mahoratini belgilashda muhim
vosita sanaladi. Har qanday matnda, xoh u badiiy, xoh u publisistik, xoh media
matn boʻlsin implitsit ifodalangan fikr, uning ifodalanish turlari va vositalari
nafaqat tilshunoslarni, balki juda koʻp boshqa soha vakillarini ham qiziqtirib
kelmoqda. Bu borada ilgari surilgan gʻoyalar, qarashlar, yoʻnalishlar koʻp
boʻlishiga qaramasdan implitsit axborotning mohiyati, yuzaga kelishi, nutq
ishtirokchilari tomonidan anglanishi kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.
Oʻzbek tilida yuklamalarning pragmatik xususiyatlarini tadqiq qilgan
U.Rahimov presuppozitsiya va implikatsiyaga quyidagicha munosabat
bildiradi: “I.Ballertning fikricha, presuppozitsiya implikatsiyaning xususiy
munosabatidan kelib chiqadigan va tekst ichidagi gaplarning bogʻlanishini
hosil qiluvchi zarur hodisa hisoblanadi. Chunki har qanday gapda birdan ortiq
implikatsiya mavjud boʻlishi mumkin. Bu implikatsiyalar xususiy va nutqiy
hisoblanadi. Xuddi shu implikatsiyalar asosida tekst ichidagi gaplar oʻzaro
bogʻlanib, ma’lum mazmunga ega boʻladi: M.: Ahmadning toʻngʻich oʻgʻli Karim
Andijondan Toshkentga oʻqishga ketdi tipidagi gaplardan turli implikatsiyalarni
tushunish mumkin [ 3. 4-bet].
Do'stlaringiz bilan baham: |