ID-020-30-A057
Maftuna Saparova
Oʻzbek filologiyasi fakulteti 2-kurs talabasi
AHLI QABUL VA AHLI RAD ZIKRIDA
Annotatsiya. Maqolada Muqbil va Mudbir haqidagi hikoyatlar, shu mavzuga oid
Alisher Navoiy qalamiga mansub bõlgan asarlar, ularning vazn tizimi va syujetlari oʻrganilgan.
Timsollarga yuklatilgan botiniy ma’ nolarni ochishga harakat qilingan.
Kalit soʻzlar: Ritmik variatsiya, xafif, ramal, syujetlar, shoh timsoli, Muqbil timsoli,
Mudbir timsoli, basmala bobi.
Annotation. In the article, the stories about Muqbil and Mudbir are studied on the
example of works by Alisher Navoi, their weight system and plots. Attempts have been made
to reveal the inner meanings imposed on the emblems.
Key words: Rhythmic variation, khafif, ramal, plots, symbols of king, Muqbil symbol,
Mudbir symbol, basmala chapter.
Barchamizga ma’lumki, sharq adabiyotida yaxshilik va yomonlik,
toʻg‘rilik va egrilik, hidoyat va razolat mavzularida koʻplab asarlar yozilgan. Bu
boʻyicha qator oʻgitlar berilgan, pandnomalar bitilgan. Hidoyat nurlari xalqqa
chin va toʻla yetib borishi uchun koʻplab adiblar majoz usulidan foydalanib turli
syujetga asoslangan asarlar yozib qoldirishgan. Shunday asarlardan biri
“Muqbil va Mudbir” hikoyasidir.
Alisher Navoiy ijodida “Muqbil va Mudbir” haqidagi hikoyatlar “Sab’ai
sayyor”, “Lison ut-tayr” va “Mahbub ul-qulub” asarlarida uchraydi. Ularni
xronologik jihatdan koʻrib oʻtadigan boʻlsak, dastlab “Sab’ai sayyor” dostonida
yozilganining guvohi boʻlamiz.
Xamsanavislar orasida salmoqli oʻrin egallaydigan, Bahromshoh
yoʻnalishida yozilgan asarlarga e’tibor qaratadigan boʻlsak, mazkur mavzuda
Til va adabiyot:
ilmiy va amaliy izlanishlar yoʻlidagi ilk odimlar
2020-yil 30-aprel
542
Alisher Navoiydan oldin Nizomiy Ganjaviy (“Haft paykar”), Xusrav Dehlaviy
(“Hasht behisht”) va Ashraf Marog‘iy (“Haft avrang”)lar qalam tebratganining
guvohi boʻlamiz. Ushbu asarlarning barchasida 7 hikoyat roviylar tomonidan
bayon qilingan boʻlib, ulardagi fasonalarning hech qaysisi bir-birini
takrorlamaydi [1. 485-bet]. Ular bir yoʻnalishdagi turfa rang asarlar
hisoblanadi. Biz yoritmoqchi boʻlgan “Muqbil va Mudbir” hikoyati ham shu kabi
boshqa asarlarda keltirilmaydi.
“Sab’ai sayyor”dan soʻng Muqbil va Mudbir haqidagi hikoyat yirik irfoniy
doston boʻlmish “Lison ut-tayr”da uchraydi. Bunda jamiki qushlarga boshchilik
qilayotgan Hudhud ushbu hikoyatni oʻz chiroyi bilan maqtanib yoʻlni davom
ettirolmaslik uzrini aytgan Tazarvga oʻz nasihatidan soʻng bayon qiladi. Garchi
asarda hikoyat “Muqbil va Mudbir” deb nomlanmagan boʻlsada, uning
mazmuni bilan tanishgan kitobxon shu xulosaga kelishi aniq.
Bundan keyin adibning umri oxirida kelajak avlod uchun pand-oʻgit
boʻlib dunyoga kelgan, biz yoshlar uchun dasturulamal boʻlmish “Mahbub ul-
qulub” asarida ushbu hikoyat haqida soʻz boradi. Pandnomaning ikkinchi qismi
boʻlmish “Hamida af’ol va zamima xisol zikrida” (“Yaxshi fe’llar va yomon
xislatlar toʻg‘risida”) boʻlimining “Tavoze’ va odob zikrida” deb nomlanuvchi
oltinchi bobida fikrlarga misol tariqasida Muqbil va Mudbir haqida hikoyat
keltiriladi [3. 79-bet].
Asarlarning yozilishiga e’tibor qaratadigan boʻlsak, “Sab’ai sayyor”
hamda “Lison ut-tayr” dostonlari aruz vaznida she’riy yoʻsinda yozilgani,
“Mahbub ul-qulub”ning esa nasriy keltirilgan fikrlarni asoslash uchun
nazmiyda baytlar bilan boyitilganining guvohi boʻlamiz.
“Sab’ai sayyor” dostonining bosh vazni xafifi musaddasi solimi maxbuni
mahzuf boʻlib ruknlari va taqti’i: foilotun mafoilun failun – V – – / V – V ––/ V V
– hisoblanadi. Bu haqda filologiya fanlari doktori Dilnavoz Yusupova oʻz
izlanishlarida quyidagi fiklarni keltirib oʻtganlar: “Jumladan, “Sab’ai sayyor”
dostonida qoʻllanilgan xafifi maxbun vazni 8 ta ritmik variatsiyadan iborat
boʻlib, bu ritmik variatsiyalar doston tarkibidagi 7 ta hikoyat mazmunini
543
ifodalashga xizmat qilgan. Ularning doston voqealari bayonida oʻzaro
almashinib qoʻllanilishi tasodifiy boʻlmay, dostondagi voqealar,
qahramonlarning ruhiy holati, bir hikoyatdan boshqasiga oʻtish paytlari, syujet
chiziqlarining oʻzgarishiga koʻp jihatdan bog‘liq. Xususan, Bahromning “hijron
oʻtining dudi qaro qilg‘on kun”dagi holati tasvirlangan birinchi hikoyatda xafifi
musaddasi solimi maxbuni maqtu’ (rukunlari va taqti’i: – V – – V – V – – –) ritmik
variatsiyaning yetakchilik qilishi kuzatilsa, 7-hikoyat soʻnggida Bahromning
Diloromning daragini eshitgan paytidagi ruhiy holati bayoni nisbatan yengilroq
ohang kasb etuvchi xafifi musaddasi solimi maxbuni mahzuf (rukunlari va
taqti’i: – V – – V – V – V V –) ritmik variatsiyasi yordamida amalga oshirilgan.
Shuningdek, Bahromning “Xamsa” qahramonlari orasida eng koʻp qarama-
qarshiliklarga ega murakkab shaxs sifatidagi qiyofasini ochib berishda ham
ritmik variatsiyalar muhim oʻrin egallaydi.” 8 ta ritmik variatsiyalarni quyida
koʻrib oʻtishimiz mumkin:
1. Xafifi musaddasi solimi maxbuni mahzuf foilotun mafoilun failun –
V – – / V – V – / V V – .
2. Xafifi musaddasi solimi maxbuni maqsur foilotun mafoilun failon –
V – – / V – V – / V V ~.
3. Xafifi musaddasi solimi maxbuni maqtu’ foilotun mafoilun fa’lun –
V – – / V – V – / – – .
4. Xafifi musaddasi solimi maxbuni maqtu’i musabbag‘ foilotun
mafoilun fa’lon – V – – / V – V – / – ~.
5. Xafifi musaddasi maxbuni mahzuf failotun mafoilun failun V V – – /
V – V – / V V – .
6. Xafifi musaddasi maxbuni maqsur failotun mafoilun failon V V – – /
V – V – /V V ~ .
7. Xafifi musaddasi maxbuni maqtu’ failotun mafoilun fa’lun V V – – /
V – V – / – – .
8. Xafifi musaddasi maxbuni maqti’i musabbag‘ failotun mafoilun
fa’lon V V – – / V – V – / – ~ [6. 68-bet].
544
Asarning XXXI bobi boʻlmish “Muqbil va Mudbir” hikoyatida ushbu
ritmik variatsiyalarning rang-barangligini koʻrishimiz mumkin. Jumladan,
hikoyatning aksariyat qismi xafif bahrining maxbuni maqtu’ va maqtu’i
musabbag‘ida yozilganini kuzatamiz. Yengil ritmni hosil qiluvchi maxbuni
mahzuf va maqsur vaznida esa, “Vodiyi hamim” tasviri, chashma va kema
epizodi bilan bog‘liq baytlar, qahramonlarning ruhiy holatlariga oid oʻrinlari
yozilgan.
“Tutubon kunje oʻz fig‘oni bila,
V V – – / V – V / V V –
Qolibon bahr ichinda joni bila.
V V – – / V – V / V V –
Mudbir ul oʻlgan elni sug‘a solib,
6.
V – – / V – V / V V –
Kemau moli ixtiyorin olib.
V V – – / V – V / V V –
Kema amvolini qilib oʻzining,
V V – – / V – V / V V –
Kemani balki ham bilib oʻzining.”
V V – – / V – V / V V – [4. 282-bet]
Yuqoridagi parchadan ikki hamrohning bahr ichra qayiqda suzib
borishayotganda kemaga duch kelishgani va Muqbilning oʻz holi bilan
behudligi-yu Mudbirning kemani oʻzlashtirayotgan holatini bilishimiz mumkin.
Yirik irfoniy doston boʻlmish “Lison ut-tayr”ning LIII bobi Muqbil va
Mudbir haqidagi hikoyatga bag‘ishlanib oʻn yetti baytdan iborat. Hikoyat ramal
bahrining ramali musaddasi mahzuf vaznida yozilgan boʻlib, ruknlari va taqti’i:
foilotun foilotun foilun – V – – / – V – – / – V – hisoblanadi.
“Har biriga zot edi oti kibi,
545
7.
V – – / – V – – / – V –
Ul sifatkim ot edi zoti kibi.”
8.
V – – / – V – – / – V – [2. 75-bet]
Ba’zi oʻrinlarda esa, ramali musaddasi maqsur (ruknlari va taqti’i:
foilotun foilotun foilon – V – – / – V – – / – V ~) vaznida bitilgan baytlarni
kuzatishimiz mumkin.
“Buncha soʻzga bu laimi xudpisand,
– V – – / – V – – / – V ~
Onga xanjar birla yetkurmish gazand.
– V – – / – V – – / – V ~
Shoh eshitgach boʻldi adl amriga xos,
– V – – / – V – – / – V ~
Qildi Mudbirg‘a ravon hukmi qasos.”
– V – – / – V – – / – V ~ [2. 76-bet]
“Mahbub ul-qulub” haqida fikr yuritadigan boʻlsak, asarda ushbu hikoyat
nasrda bayon etilganining guvohi boʻlamiz. Hikoyat soʻnggida xulosa sifatida
bir bayt keltirilgan:
“Mutakabbir kezibon shahrda xoru mardud,
V V – – / V V – – / V V – – / – ~
Mutavozi’ni g‘aniy ayladi durri maqsud.”
V V – – / V V – – / V V – – / – ~ [3. 80-bet]
Bayt ramal bahrining ramali musammani maxbuni maqtu’i musabbag‘
(afoili va taqti’i: failotun failotun failotun fa’lon V V – – / V V – – / V V – – / – ~ )
vaznida yozilganini kuzatishimiz mumkin.
Asarlarning syujetiga e’tibor qaratadigan boʻlsak, ularning turlicha
ekanligini anglaymiz. Jumladan, “Sab’ai sayyor” dostonida Boxtardan Xovarga
546
ketayotgan ikki musofir boʻlib, ulardan biri haq yoʻlidagi Muqbil va koʻp narsani
rad etuvchi, shukr qilishdan mosivo Mudbir boʻladi. Ular yoʻlda koʻp sinovlarga
duch kelishadi. Bu sinovlar har narsadan noliydigan Mudbir soʻzlaridan
kuchlansa, zikr va tasbih oʻgiruvchi Muqbil munojotidan tinchlanardi.
Nasihatiga parvo qilmagan Mudbirdan qiyinchilik barham topgach ayrilishni
istaganida u tavba qilar edi. Safar davomida har ikkisi uchun ham sinov
qoʻyiladi. Bepoyon bahrdagi kichik orolda yuz bergan hodisalar Muqbilga
qattiq ta’sir qiladi va bundan behud boʻlib qoladi. Shu holda ular tirik jondan
holi sandal ortilgan kemaga duch kelishadi. Safar yakunida bergan va’dasini
unutgan Mudbir oʻz axloqi tufayli yorilib vafot etadi. Muqbil esa, oʻzining
toʻg‘risoʻzligi, goʻzal xulqi bilan shohga manzur boʻladi va murodiga yetadi.
Irfoniy asar boʻlmish “Lison ut-tayr”da esa Muqbil va Mudbirlarning
yana bir qirrasini koʻrishimiz mumkin. Bu asarda ham ikki bosh obrazning
yoʻldagi tasviri bilan boshlanadi. Hikoyatda Muqbil siyratni koʻruvchi, ogoh va
taqvodorlar haqida soʻzlovchi boʻlsa, mudbir esa butni vasf etib, faqat tashqi
koʻrinishga qarab baho beruvchi boʻladi. Goʻzal shaharga yetishgach bir-biridan
bahra topolmagan hamrohlarning yoʻllari ayrilib, biri nafs oʻlimi uchun ruhiy
komillik sari, biri unga qul boʻlib, boshlagan yoʻli sari ravona boʻlishadi. Ruhiy
komillik yoʻlidagi solik shoh suhbati bilan rag‘batlangan boʻlsa, nafs itiga qullik
yoʻlidagisi ishiga mos jazolanadi.
Dasturulamal boʻlmish
“Mahbub
ul-qulub”
asarida
bosh
qahramonlarning boshqa qirralarini kuzatamiz. Yuqoridagi ikki asar kabi ular
ham safardagi hamrohlar boʻlib, Muqbil odob va kamtarligi bilan ulug‘vor,
Mudbir esa, johilligi bilan kekkaygan edi. Aytib oʻtilgan asarlardan farqli
ravishda bu yerda mamlakat hirojiga teng keladigan gavhar izlovchilarga
yoʻliqish sahnasi sinov vazifasini oʻtaydi. Mudbir takabburligi va johilligidan
oʻsha gavharni bilish sharafidan mosivo boʻladi. Muqbil esa, kamtarligi bilan
oʻsha gavharni qayta kashf etishga musharraf boʻladi va shohni xushhol etib
haddan ziyoda ehson bilan mukofotlanadi.
547
Guvohi boʻlganimizdek, hikoyatlardagi sinov nuqtalari qahramonlarning
xususiyatlarini toʻlaroq ochib beruvchi hodisa boʻlgan. Jumladan, “Sab’ai
sayyor”da oroldagi chashma Mudbirning va’da berganidek toʻg‘ri yoʻlga kirish-
kirmasligi va Muqbilning koʻrgan hodisalaridan haq yoʻlidan ozish-ozmasligi
har ikkala qahramon uchun sinov vazifasini oʻtagan. Aql va sabr bilan Muqbil
oʻz niyatiga yetganidek, soʻzlab, vaziyat oʻzgarishi bilan soʻzidan qaytuvchi
Mudbir ham haqiqat qonunlari bilan jazolanadi.
“Lison ut-tayr”da farxunda shahar sinov vazifasini oʻtab, bir-biridan
bahra topolmagan hamrohlar bu yerda qalblarida neki boʻlsa, yuzaga
chiqarishadi va shunga mos ajrga ega boʻlishadi.
“Mahbub ul-qulub”da esa shohning yoʻqolgan gavharini axtarib yurilish
hodisasi sinov vazifasini oʻtagan. Takabburligi va qalb koʻzgusining qat-qat
gardi sabab kibr bilan oʻtib ketgan Mudbir asl mohiyatni anglay olmaydi va
goʻlaxlik “martabasi bilan sharaflanadi”. Ogohlik, kamtarlik va odob sohibi
boʻlgan Muqbil esa shoh gavharini topadi va saxovatga, shoh rahmatiga ega
boʻladi.
Savol tug‘iladi: nega aynan Muqbil va Mudbir hikoyatlarida ular shoh
bilan uchrashishadi? Bu yerdagi shoh qanday ramzni anglatishi mumkin?
Fikri ojizimizcha, buni Olamlar Shohiga ishorat deb anglashimiz
mumkin. “Hayrat ul-abror”ning birinchi, “basmala” bobini zikr etganimizda,
qabul qiluvchilar va rad etuvchilar yodimizga tushadi. Darhaqiqat,
“Muqbil”ning lug‘aviy ma’nosiga e’tibor beradigan boʻlsak, “qabul qiluvchilar”
mazmuniga va “Mudbir”ning “rad etuvchilar”ga yaqin turishini anglaymiz. Bu
bobda necha yuz ming qabul qiluvchilar va rad etuvchilar hikmati bitilgan.
Umuman olganda, bu yerda “Muqbil” va “Mudbir” nomlari ramziylik
kasb etib, aslida ahli qabul va ahli rad olami bahridan tomchilarini ushbu uch
hikoyatda koʻrishimiz mumkin.
Hikoyatlarning safar tasviriga e’tibor qaratadigan boʻlsak, aslida, bizlar
shu olamga safar qilib, turli mashaqqatlarga, sinov nuqtalariga duch
548
kelishimizning aksini his etamiz. Safarimizdagi sinovlar og‘ir boʻlishi mumkin,
gohida bundan behud va faqir, bechora holiga tushishimiz mumkin.
Fikrlarimizni xulosalaydigan bolsak, Muqbil va Mudbir haqidagi
hikoyatlar Alisher Navoiyning “ “Sabai sayyor”, “”Lison ut-tayr”” hamda
“Mahbub ul-qulub” asarlarida keltirilgan.
“Sab’ai sayyor”da ritmik variatsiyalar bilan xafif bahrida, “Lison ut-
tayr”da vazn imkoniyati bilan ramal bahrida, “Mahbub ul-qulub”da hikoyat
nasrda yozilgani holda xulosalovchi baytning ramal bahrida yozilganining
guvohi boʻlamiz. Hikoyatlar syujetiga e’tibor qaratganimizda ularning turfa
xilligini, bir-biriga oʻxshamasligi va qahramonlarning turli qirralarini yanada
ochuvchi vosita boʻlib gavdalanganini bilishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |