JISMONIY TARBIYA VA JISMONIY
MADANIYAT
BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARIDA JISMONIY HATTI-HARAKATLARNI
MUSTAQIL EGALLASH KO‘NIKMALARINI SHAKLLANTIRISH
Atabekov Fozil O‘razali o‘g‘li
TVChDPI “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim” fakulteti Maktabgacha ta’lim kafedrasi
Maktabda jismoniy tarbiyaning xilma-xil shakllari mavjud. Afsuski, boshlang‘ich sinflarda faqat
dars shaklini tashkil qilish va o‘tkazish bilan cheklanib qolinmoqda. Bu esa o‘quvchilarda harakatga
bo‘lgan talablarini qoniqtirmaydi. Pedagogik kuzatishlarning ko‘rsatishicha jismoniy tarbiya darslari
jarayonida o‘quvchilar hayot uchun zarur bo‘lgan harakat faolligini nihoyatda kam qismini oladilar.
O‘zbekiston xalq ta’limi Vazirligining 1989 yil
30 yanvar, 45- sonli buyrug‘iga binoan haftasiga 3 soat jismoniy tarbiya darsini o‘tish mo‘ljallangan
edi. Lekin jismoniy tarbiya o‘qituvchilari bundan unumli foydalana ololmadilar. Bundan tashqari darslarni
metodik jihatdan to‘g‘ri tashkil qilinmasligi (ko‘pchilik maktablarda boshlangich sinf o‘quvchilari bilan
jismoniy tarbiya darsini mutaxassis bo‘lmagan o‘qituvchilar tashkil qiladi va o‘tkazadilar), o‘quvchilarning
yosh xususiyatlari va jismoniy rivojlanishini hisobga olmagan holda mashqlar tanlanishi natijasida
o‘quvchilarda jismoniy sifatlarni tarbiyalash, harakat malakalarini shakllantirish yetarli darajada emas.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarni jismoniy rivojlantirish uchun zarur va faol dam olishiga qaratilgan
tadbirlar: mashg‘ulotgacha o‘tkaziladigan gimnastika, katta tanaffuslarda qiziqarli harakatli o‘yinlar,
umumta’lim darslar jarayonida o‘tkaziladigan quvnoq daqiqalar va boshqa tadbirlarni tashkil qilishiga
e’tibor berilmay qoldi. Natijada o‘quvchilarning harakat faolligi, ishchanligi tez pasayib boradigan bo‘ldi.
Mustaqil O‘zbekiston Resupublikasining strategik vazifalaridan biri – kelajakdagi barcha ezgu
ishlarni amalga oshirishga qadar bo‘lgan jismoniy soglom va ma’naviy barkamol shaxsni voyaga
yetkazishdan iborat.
Bu vazifalarni amalga oshirish uchun o‘quv ishlarni rejalashtirishda va samarali olib borishda
yangicha hamda ijodiy qarashimiz lozim, ishga tashabbuskorlik bilan yondashishmog‘imiz kerak.
Demak, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar jismoniy tarbiya tizimini rivojlantirsh zarur,
bolalarni harakat mahoratini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish kerak.
Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarning tarbiyasida, ularni jismonan baquvvat, aqlan
barkamol bo‘lib yetishishlarida jismoniy tarbiya yetakchi rolni o‘ynaydi. Bu muammolarni hal etishda
asosiy o‘rin bolalar orasida, o‘qituvchilar, ota-onalar o‘rtasida organizmni chiniqtirish, gigiyenik qoidalari
va talablarini o‘rgatish va tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini tartib etish egallaydi. Shu sababli birinchi
navbatdagi vazifa bolalarni har tomonlama to‘liq rivojlanishiga yordam berish, salomatligini
mustaxkamlash, hayotga va mexnatga tayyorlash, yetuk shaxs bo‘lishiga hissa qo‘shishdir.
O‘quvchilarni jismoniy tarbiyalashning turli xil shakllaridan foydalanish maktabda nafaqat jismoniy
tarbiya o‘qituvchisining vazifasi, balki boshlangich sinf o‘kituvchilarining, maktab jamoatchiligining va
maktab yoshlar uyushmasi faollarining ham bevosita vazifasidir. Ammo ko‘pgina maktablarda jismoniy
tarbiya davlat dasturida ko‘zda tutilgandek tashkil qilinmaydi. Buning birinchi sababi maktab
o‘qituvchilarining jismoniy tarbiya mas’ul bo‘lganlarning barchasida jismoniy tarbiya nazariyasiga va
metodikasiga oid bilimlar yetarli emas. Bu muammolarni hal qilishga qaratilgan, metodik adabiyotlar va
qo‘llanmalar ham juda kam.
Respublikamiz mustaqilligining xalqimizga bergan eng buyuk ne’matlaridan biri yoshlar o‘rtasida
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga berilayotgan katta e’tibordir.
Keyingi yillarda bolalar sporti va jismoniy tarbiyani rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani
hammamiz uchun quvonarlidir. Ammo shunga qaramay hali ta’lim muassasalarida bolalarning jismoniy
tarbiyasini to‘g‘ri tashkil etish borasida qator muammolar mavjud.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy jihatdan sog‘lomlik
darajasi qoniqarli emasligi ko‘pgina mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijasida
olingan ma’lumotlarga ko‘ra bugungi kunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining to‘rtdan uch qismi
birdaniga ortiqcha o‘quv yuklamalari bilan band etilganligi oqibatida odatdagi o‘quv predmetlarini
o‘zlashtirishga qiynalmoqdalar. Sir emaski, ko‘pincha boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari birinchi sinfga
271
kelgan o‘quvchilarining savodini tezroq chiqarish, ularni yozishga va o‘qishga, hisob-kitobga tezroq
o‘rgatish uchun yozuv, o‘qish va matematika mashg‘ulotlariga asosiy e’tiborni qaratadilar-da, aksincha,
bolalarning qiziqishi va ehtiyoji ko‘proq seziladigan jismoniy tarbiya, musiqa, mehnat kabi mashg‘ulotlarni
ikkinchi o‘ringa surib qo‘yadilar. Buning natijasida boshlang‘ich sinf o‘quvchisi rivojlanishida ham
jismoniy, ham psixologik nosozliklar vujudga keladi. Bu esa, o‘z navbatida bolaning maktabdan, o‘qishdan
tez bezib qolishiga sabab bo‘ladi. Maktab uning uchun o‘z imkoniyatlarini namoish etadigan, bilish, o‘qish
va o‘rganish ehtiyojlarini qondiradigan, uni takomillashishga bo‘lgan intilishini qanoatlantiradigan joy
emas, balki uni har tomonlama ezib qo‘yadigan zindonga aylanadi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchisining jismoniy xatti-harakatlarga bo‘lgan ehtiyojining yuqoriligi uning
yosh va fiziologik xususiyatlari bilan asoslanadi. Bu davrda bolaning suyak- muskul tizimi shakllanishda
davom etib, uning organizmida suyaklashish davri kechayotgan bo‘ladi. Ana shu holatning o‘zi uning
jismoniy xatti-harakatlarga bo‘lgan ehtiyojini oshiradi. Ko‘p aqliy mehnat talab etadigan mashg‘ulotlarda
vaqti-vaqti bilan fizkultdaqiqalarni o‘tkazib turishning o‘zigina bolaning yuqorida aytib o‘tilgan
ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli hisoblanmaydi. Hatto haftada ikki marta o‘tkaziladigan jismoniy
tarbiya mashg‘ulotlarining o‘zi ham o‘quvchilarda jismoniy ko‘nikmalarni, qolaversa, jismoniy
madaniyatni talab darajasida shakllantirish uchun yetarli emas.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining faqat
9%i - yuqori darajadagi, 57%i – o‘rta darajada, 34%i – past darajadagi jismoniy ko‘rsatgichlarga ega.
T.V.Korneyevaning fikricha, 95,3% boshlang‘ich sinf o‘quvchilari darsdan tashqari paytlarda
jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmaydilar, 87,8 %i esa ertalabki badantarbiyani bajarmaydi, faqat 12%
bolalar ota-onalari bilan faol dam oladilar.
Bu ko‘rsatkichlar, albatta, bizni tashvishga soladi. O‘quvchilarda boshlang‘ich sinfdan, hatto undan
ham oldinroq jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanish ko‘nikmalarini shakllantirish, sog‘lom
turmush tarzini yo‘lga qo‘yish faqat ta’lim muassasalarining emas, balki ta’lim-tarbiya ishi bilan
shug‘ullanadigan barcha ijtimoiy institutlar – oila, maktab, mahalla, ommaviy axborot vositalari, huquq-
targ‘ibot organlarining birgalikdagi bahamjihat faoliyat ko‘rsatishlariga bog‘liqdir.
Ammo barcha ijtimoiy institutlar ishini bolalarda jismoniy madaniyatni shakllantirishga oid zarur
metodik ko‘rsatmalar va tavsiyalar, zarur bilimlar bilan qurollantiradigan tashkilot – bu ta’lim
muassasalaridir. Ta’lim-tarbiya ishi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi va
malakasini yuqori darajada takomillashtirish ham muammoning yechimini topish uchun asosiy shartlardan
biri bo‘lib hisoblanadi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida jismoniy ko‘nikmalar va sog‘lom turmush tarzini
shakllantirishning asosiy vositasi bu jismoniy tarbiya mashg‘ulotlaridir.
Xulosa qilib aytganda harakat malakalarini takomillashtirish jarayonida oson tushunarli va
individuallashtirishni ta’minlash bilan birga, o‘rganilgan harakatning qanchalik mustaxkamlanganligiga
qarab musobaqa metodidan oldin harakat texnikasiga asosan, so‘ngra butun funksional imkoniyatlarini
ko‘rsatib yanada kengroq foydalanish zarur.
ADABIYoTLAR RO‘YXATI
1.
Sh.Qurbonov, A.Qurbonov. Jismoniy mashqlarining fiziologik asoslari. «O‘AJBNT»
Markazi, 2003 y.
2.
Q.Sodiqov, S.X.Atipova. Yosh fiziologiyasi va gigiyena. «Yangi asr avlodi» Toshkent
2009 y.
3.
N.Q.Qosimova. Yosh fiziologiyasi va gigiyenasi. Buxoro 2005 y.
4.
A.Q.Atoyev. Bolalar sportini rivojlantirish. Buxoro-2007 y
5.
M.Raxmatxo‘jayev, B.Safarov. Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, sport maktablarining
rahbar va murabbiylari uchun qo‘llanma. Toshkent 2009 y.
272
Do'stlaringiz bilan baham: |