Ne hayo fahm o`ldi sendin, ne adab,
Sen ajab, degan so`zung sendan ajab.
Bulardan tashqari dostonda klassik she`riyatda keng qo`llanilgan tarse`,
talmeh, lutf, husni ta`lil, ruju`, iyhom, irsoli masal, tamsil, istiora, tanosib va
boshqa poetik san`atlar asosida yaratilgan baytlar ham uchrab turadi.
Alisher Navoiy yirik so`z ustasi sifatida bir necha san`atni o`zida
mujassamlashtirgan baytlar ham ijod qilgan. Quyidagi misolga diqqat qilaylik:
Har biriga zot edi oti kibi,
Ul sifatkim ot edi zoti kibi.
«Muqbil va Mudbir» hikoyasidan olingan ushbu bayt birinchi qarashda
juda oddiy, sodda bo`lib ko`rinadi. Ammo ana shu «oddiy» baytda bir necha
san`at mohirona qo`llangan. Ular irsoli masal (ismi jismiga mos qabilidagi xalq
iborasining «zot edi oti kibi» poetik varianti), tashbeh (Muqbil va Mudbir
ismlari jismlariga monand), mutanosib (har ikkisining oti zotiga munosib), tazod
(bu sifatlar bir-biriga teskari) tardi aks (misralardagi so`zlar o`zaro o`rin
almashib qofiyalangan) va nihoyat zulqofiyatayn (qo`sh qofiya yaratilgan) kabi
san`atlardir. Bir baytda shuncha san`atni mohirlik bilan qo`llash Navoiy badiiy
mahoratining o`ziga xos tomonlaridan biridir. Binobarin Alisher Navoiy bir
baytning o`zida olamjahon ma`nolarni go`zal badiiy shaklda ifodalay olgan
mislsiz nuqtadon shoir hamdir.
23
UMUMIY XULOSALAR
Alisher Navoiy jahon adabiyoti tarixida asarlari chuqur donishmandlik va
ijtimoiy-falsafiy mazmun bilan sug`orilgan buyuk so`z san`atkorlaridan biri
sanaladi. Mutafakkir shoirning hayot va Inson haqidagi qarashlari asosan badiiy
ijodiyotida murakkab allegoriyalar, simvollar, muayyan nazariy tushunchalarni
ifodalovchi obraz-istilohlar vositasida yuksak darajadagi shoirona til bilan ifoda
etilgan. Bu sohada ayniqsa uning «Lison ut-tayr» dostoni o`ziga xos alohida
o`rin egallaydi. Navoiy bu dostonni yozishda Yaqin va O`rta Sharq xalqlari
adabiyoti tarixida keng qo`llanib kelingan qush tili bilan asar yozish an`anasiga
murojaat qiladi va bu borada katta mahorat ko`rsatib, shu tipdagi asarlarning
g`oyaviy-badiiy yuksak namunalaridan birini yaratadi.
Majoziy usul orqali, xususan, qush tili vositasida badiiy asar yozish Sharq
xalqlari adabiyotida qadimiy va murakkab tarixga ega bo`lib, bu xildagi
asarlarning dastlabki namunalarini xalq og`zaki ijodida uchratish mumkin.
O`rta osiyolik qomusiy olim Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub «Risolat
ut-tayr» asari yozma adabiyotda qush tili vositasida yozilgan falsafiy
asarlarning ilk namunasi hisoblanadi. Mazkur asarning maydonga kelishi Sharq
xalqlari badiiy tafakkuri taraqqiyotida chuqur iz qoldirib, ularda yangi bir
an`anani-qush tili orqali falsafiy asar yozish an`anasini boshlab berdi.
Bu usuldan foydalanib yozilgan asarlarni tadqiq etish ularda asar
yaratilgan davrlarning aktual falsafiy va ijtimoiy-siyosiy masalalari hamda bu
sohadagi o`zaro ideologik kurashlar o`ziga xos badiiy shaklda ifoda etilganligini
ko`rsatadi. Jumladan, Ibn Sino risolasida muallifning islom aqidalariga zid
keluvchi ruh va moddaning o`zaro aloqadorligi haqidagi qarashlari majoziy
tarzda o`rtaga tashlangan va o`sha davr nuqtai nazaridan ijobiy hal etilgan.
Muhammad G`azzoliyning «Risolat ut-tayr» asari esa o`z g`oyaviy mazmuniga
ko`ra Ibn Sino risolasiga raddiya sifatida maydonga kelib, unda muallifning
so`fizmni islom mafkurasi bilan moslashtirish kabi tarixiy ko`z qarashi o`zining
badiiy in`ikosini topgan.
24
Bu tipdagi asarlarni syujet tadriji nuqtai nazaridan o`rganish, birinchidan,
an`anaviy syujetli, umumiylikdan konkretlikka qarab rivojlanganligini ko`rsatsa,
ikkinchidan, syujetning obrazlar sistemasi g`oyaviy-mazmun talabiga mos
holda yangilanib va takomillashib borganligini tasdiq etadi. Qushlarning ramziy
sarguzashtlarini tasvirlovchi majoziy qissa turli dunyoqarashdagi mualliflar
uchun ularning ijtimoiy-falsafiy masalalarga oid qarashlarini ifoda et`uvchi
o`ziga xos badiiy vosita bo`lganligi tufayli syujet va obrazlar talqini ham ana
shunga muvofiq tarzda o`zgargan va rivojlantirilgan. Ibn Sino, G`azzoliy, Attor,
Gulshahriy va Navoiy asarlaridagi syujet izohlanadi.
Navoiyning «Lison ut-tayr» dostoni genezis jihatdan yuqoridagi asarlar
bilan bevosita (Attor «Mantiq ut-tayr»i) va bilvosita (Attor dostoni orqali
Gulshahriy, G`azzoliy va Ibn Sino asarlari) aloqaga kirishadi.
Alisher Navoiy tomonidan jasorat bilan ilgari surilgan ushbu g`oyalar real
ijtimoiy-tarixiy zaminga ega bo`lib, XV asr O`rta Osiyo Uyg`onish davri bilan
uzviy bog`liq holda jamiyat va inson tafakkuridagi ma`naviy o`zgarishlarni
badiiy shaklda o`zida mujassam ettiradi. Binobarin, Navoiy an`anaviy qissaga
real hayot talablari asosida yondashib, uni o`z dunyoqarashiga mos holda talqin
etgan, undan o`zining ilg`or g`oyalarini ifoda etish uchun o`ziga xos badiiy
vosita «libosi mavzun» sifatida foydalangan. Bu esa shoir tomonidan an`anaviy
syujetning falsafiy mohiyati yuksak badiiy mahorat bilan butunlay o`zgartirilib,
yangicha, navoiyona talqin etilganligi, unga chuqur zamonaviylik va ijtimoiy
ruh baxsh etilganligini tasdiq etadi.
Navoiy mazkur mavzuning g`oyaviy-tematik diapazoni va obrazlar
sistemasini kengaytirib, uning doirasiga o`z zamonasining muammoli
masalalarini olib kirdi, davrning ma`naviy-axloqiy qiyofasini badiiy
gavdalantiruvchi obrazlarning butun bir tizimini yaratdi. Bu borada ayniqsa
qoliplovchi qissaga illyustratsiya sifatida keltirilgan hikoyalar alohida
ahamiyatga ega. Ularning ko`pchilik katta qismida tasvirlangan voqelik
25
bevosita shoir yashagan jamiyat hayotidan olingan bo`lib, ijtimoiy muhit va
inson ma`naviy dunyosiga oid muhim problemalarni qamrab olgan.
Doston tarkibidagi hikoyatlar o`zlarining badiiy mazmunini ixcham
tasvirlash manerasi, satirasi tig`ining beomonligi, nozik yumori, realistik
elementlarga boyligi hamda o`zbek adabiyoti tarixida yangi hodisa hisoblangan
bir qator tragikomik obrazlar mavjudligi bilan ham diqqatni jalb etadi. Bu
xususiyatlari bilan ular shoirning hikoyanavislik faoliyatidagi yangi sifat
o`zgarishlarini o`zida mujassam ettirib, bu sohadagi Navoiy ijodining eng yuqori
cho`qqisini tashkil etadi. Ular o`zbek klassik adabiyotida realizmning
shakllanishi va qaror topishida juda katta rol` o`ynaydi.
«Lison ut-tayr» shoirning boshqa asarlari kabi o`zbek adabiyotining
keyingi davrlardagi tarqqiyotiga samarali ta`sir ko`rsatdi. Bu ta`sir asarning
ilg`or g`oyaviy mazmuni, unda umumbashariy g`oyalarning hayratomuz badiiy
mahorat bilan ifoda etilganligi kabi omillar bilan bog`liq holda namoyon
bo`ladi. Ayniqsa, dostondagi qush tili orqali davrning muhim ijtimoiy-falsafiy
problemalarini yoritish, jamiyat va inson axloqidagi turli illatlarni targ`ib etish
an`analari, shuningdek, axloqiy-ta`limiy xarakterdagi go`zal satirik va
yumoristik hikoyatlar yaratish tajribasi qator mualliflar tomonidan ijobiy qabul
etildi va har tomonlama rivojlantirildi. O`zbek adabiyotining XVII-XIX
asrlarda yashab ijod etgan Salohiy («Bulbul va Gul»), Nishotiy («Qushlar
munozarasi»), («Husn va Dil»), Gulxaniy («Zarbulmasal»), Umidiy («Qushlar
munozarasi») shuningdek, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy va boshqa iste`dodli
vakillari mazkur asar va undagi hikoyatlardan ta`sirlangan holda badiiy
ijodning yangidan-yangi namunalarini yaratdilar. Bu asarlarda Navoiy
dostonidagi barhayot an`analar yangi davr talablariga mos ravishda davom
ettirildi.
Shunday qilib, Alisher Navoiyning epik poeziyadagi so`nggi yirik asari
hisoblangan «Lison ut-tayr» dostoni o`zining ilg`or g`oyaviy mazmuni, janriy,
xususiyatlari, obrazlar sistemasi, badiiy barkamolligi va boshqa jihatlari bilan
26
faqat shoir ijodida emas, balki o`zbek adabiyoti tarixida ham juda katta voqea
bo`ldi. U jahon klassik adabiyotida allegorik-falsafiy doston janrida yozilgan
o`lmas asarlar qatorida badiiy kashfiyotning porloq timsoli bo`lib qoldi.
27
Do'stlaringiz bilan baham: |