Qovun navlarining shakli dumaloq, uzunchoq, yapasqi; oʻlchami mayda, oʻrtacha, yirik;
poʻchogʻining tuzilishi silliq, toʻrsimon, qirrali; etining tuzilishi qarsillama, qumoq va sertola boʻlishi
mumkin.
Qovun navlari yetilish muddatiga qarab handalaklar, yozgi, kuzgi va qishki qovun navlariga
boʻlinadi. Oʻzbekistonda ekiladigan handalaklarga Koʻkcha handalak, Mahalliy sariq handalak,
Boʻrikalla, Koʻk kallapoʻsh navlari, yozgi navlariga Oqqovun-557, Oqnovvot, Aravakash-1219,
Koʻkcha-588, kuzgilariga Sayili, Qoʻybosh, Umrboqi; Qishki navlariga esa yashil Gulobi, Mahalliy
qoraqand, Qoʻybosh kabi navlari kiradi. Qovunning pishib yetilganligini koʻrsatadigan asosiy
alomatlari ularning poʻchogʻining rangining oʻzgarishi va hushboʻy hid paydo boʻlishi hisoblanadi.
Qovunlar sifati koʻrsatkichi boʻyicha GOST 7178-85 standarti talabiga javob berishi kerak. Bu
standartga asosan qovunlarning sifat ekspertizasini oʻtkazishda ularning tashqi koʻrinishi, hidi va
taʻmi, pishib yetilganligi, eng katta koʻndalang kesimining diametri, jarohatlanganlik darajasi kabi
koʻrsatkichlariga alohida eʻtibor beriladi.
Standart talabi boʻyicha qovunlarning tashqi koʻrinishi umumlashgan koʻrsatkich boʻlib,
qovunning butunligi, tozaligi, sogʻlomligi, ortiqcha namlikka ega emasligi, shakli va rangi, boldoqli
yoki boldoqsiz ekanligi kabi koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi.
Qovunlarning hidi va taʻmi oʻziga xos, yoqimli, begona hidlarsiz va taʻmlarsiz boʻlishi kerak.
Qovunlar uchun ham pishib yetilganlik koʻrsatkichi eng muhim hisoblanadi. Shu sababli bu
koʻrsatkich ham standart talabi boʻyicha aniqlanishi zarur boʻlgan koʻrsatichdir. Ertapishar va
oʻrtapishar qovun navlarining poʻchogʻi va eti har xil rangi, qalinligi, zichligi aynan shu navga xos,
urugʻ kamerasi yetilgan va oson ajraladigan urugʻlardan iborat boʻlishi kerak. Kuzgi, qishgi qovun
navlarining pustlogʻi va eti esa zich, kamerasi esa yaxshi yetilib pishmagan, eti mustahkam oʻrnashib
turgan urugʻlardan iborat boʻlishi kerak.
Qovunlarning katta-kichikligi ham ularning sifatiga maʻlum darajada taʻsir koʻrsatadi. Shu
sababli bu koʻrsatkich ham standart talabi boʻyicha aniqlanishi zarur boʻlgan koʻrsatkichdir.
Ertapishar qovun navlarining eng katta koʻndalang kesimining diametri 10 sm dan, dumaloq va
ovalsimon shaklidagi kechpishar navlarida esa eng katta kesimining diametri 10 smdan kam
boʻlmasligi kerak.
Standart talabi boʻyicha qovunlarning sifatini baholashda maʻlum bir chetlanishlarga ham
ruxsat etiladi.
Mazkur standart talabi boʻyicha tekshirilayotgan qovunlar massasida bosilish natijasida yengil
jarohat olgan va oʻlchamlari boʻyicha 1sm dan ortiq chetlanishga ega boʻlmagan qovunlar miqdori
5,0 % gacha boʻlishiga ruxsat etiladi. Shuningdek, ezilgan, yorilgan, qisilib boʻshashib qolgan
qovunlar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: