Subtropik mevalar
Suyutropik mevalarga sitruslar (apelsin, mandarin, limon, greyfurut), anor, xurma, anjir va
boshqalar kiradi. Respublikamizda yetishtiriladigan asosiy subtropik mevalar anor, xurma, anjir va
limon (issiqxonalarda yetishtiriladi) hisoblanadi. Bu mevalar bir guruhga kiritilsada kimyoviy tarkibi,
shifobaxshlik xususiyatlari va sifat ekspertizasini oʻtkazish uslublari boʻyicha maʻlum darajada bir-
biridan farq qiladi.
Anor. Anorning mevasi yirik (diametri 12 sm gacha), sharsimon, poʻsti oqish (oqpoʻst) yoki
qizgʻish (qizil poʻst) boʻladi. Ichida meva xonalarga boʻlingan, xonalarda taʻmi nordon-shirin, rangi
qizil yoki pushti sersharbat etga oʻralgan urugʻlar bor. Anor mevalari bir donasining ogʻirligiga qarab
katta (400 g dan ortiq), oʻrtacha kattalikda (300-400 g) va kichik (300 g dan kamroq) boʻladi.
Anorlar tarkibidagi kislotalar miqdoriga qarab shirin, nordon-shirin va nordon guruhlariga
boʻlinadi. Shirin anorlar etida qand miqdori 15-19 foiz miqdorida boʻladi. Anor tarkibida vitaminlar
va xilma-xil mineral elementlar mavjudligi uchun ham shifobaxshlik xususiyatiga egadir.
Muallifning Surxondaryo viloyatining Dashnobod, Bandixon va Fargʻona vodiysi Quva
tumanining «Anor» xoʻjaliklarida yetishtirilgan anorlarning Qozoqi va Qizil anor navlari boʻyicha
oʻtkazilgan koʻp yillik tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki, anor mevasi makro- va mikro
elementlarga boyligi bilan alohida diqqatga sazovordir. Anor mevasi tarkibida kaliy, natriy, kalsiy,
magniy kabi makroelementlar va rux, temir, marganes, nikel kabi mikroelementlar borligi
aniqlangan. Anor sharbati tarkibida boshqa sitrus mevalaridagiga nisbatan S, V1 va R vitaminlarining
miqdori kamroq boʻlsada, bu mevalar ham inson organizmi uchun fiziologik faol moddalarning
muhim manbai boʻlib xizmat qilishi tadqiqot natijalari asosida isbotlangan.
Anorning sifati GOST 27573-87 nomerli standart talabiga javob berishi kerak. Bu standart
talabi boʻyicha anor mevalari sifat darajasiga qarab birinchi va ikkinchi tovar navlariga boʻlinadi.
Har ikkala navga kiritiladigan mevalar yangi, butun, yetilib pishgan, sogʻlom, toza, ortiqcha
namliklarsiz, ombor zararkunandlari bilan zararlanmagan, shakli va rangi boʻyicha aynan shu
pomologik navga xos boʻlishi kerak. Ikkinchi tovar navida esa shakli va rangi boʻyicha shu
pomologik navga xos boʻlmagan mevalar ham boʻlishiga ruxsat etiladi. Mevalar taʻmi va hidi
boʻyicha esa oʻziga xos, begona taʻmlarsiz va hidlarsiz boʻlishi kerak.
Anor mevalarining sifatini baholashda aniqlanadigan asosiy koʻrsatkichlardan biri meva
koʻndalang kesimining diametri hisoblanadi. Bu koʻrsatkich isteʻmolga moʻljallangan mevalarning
birinchi navida 75,0 mm dan, ikkinchi navida esa 60,0 mm dan kam boʻlmasligi standartlarda
koʻrsatib qoʻyilgan.
Anor mevasida uchraydigan asosiy nuqsonlardan biri quyosh nuri taʻsirida anor poʻstlogʻida
qora doqlarning paydo boʻlib qolishi hisoblanadi. Shu sababli mevalarda maʻlum darajada bu
nuqsonning boʻlishiga ruxsat etiladi. Anorning birinchi tovar navida anor yuzasining 1/8 qismidan
katta boʻlmagan, ikkinchi navida esa 1/4 qismida katta boʻlmagan qora dogʻga ega boʻlgan mevalar
boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Anorning sifat ekspertizasini oʻtkazishda aniqlanadigan yana bir koʻrsatkich
anor poʻstlogʻining mexanik shikastlanganlik darajasi hisoblanadi. Birinchi navli anor mevasida
poʻstlogʻi urilib shikastlangan mevalar boʻlmasligi kerak, ikkinchi navlarida esa yuzasi anor mevasi
yuzasining ¼ qismidan katta boʻlmagan jarohatli mevalar boʻlishiga ruxsat etiladi. Shuningdek,
anorning ikkala tovar navida ham mexanik jarohatlari bitgan mevalar miqdori chegaralanmaydi.
Lekin, standart talabi boʻyicha anorning har ikkala tovar navida ham chirigan, ezilib qolgan,
pishmagan, qishloq xoʻjalik zararkunandalari bilan zararlangan mevalar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |