1. Standartlashtirish va sifatni taʻminlash tizimini takomillashtirish yoʻllari
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, mamlakatda standartlashtirishni muntazam
ravishda rivojlantirib va takomillashtirib borilishi aholi sogʻligi, uning mol-mulki va atrof-muhitni har
qanday salbiy taʻsirlardan himoya qilishda va aholining moddiy hamda maʻnaviy farovonligini
oshirishida muhim ahamiyat kasb etar ekan. Haqiqatdan ham standartlashtirish, yuqorida koʻrsatib
oʻtilganidek, mahsulot (xizmat)ning aholi hayoti, sogʻligi, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsizligini
taʻminlashda, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlikda uchraydigan texnik toʻsiqlarni bartaraf
etishga hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarni ichki va
tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan eng samarali vosita hisoblanadi. Demak,
standartlashtirish va sifatni taʻminlash tizimlarini rivojlantirish va takomillashtirish ham muhim ahamiyatga
ega ekan. Shu sababli «Oʻzdavstandart» markazi va uning vorisi boʻlgan «Oʻzstandart» agentligi,
vazirliklar, standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalar, tayanch tashkiloltlar respublikamizda milliy
standartlashtirish tizimini barpo etish va standartlashtirish infrastrukturasini shakllantirish boʻyicha maʻlum
darajada ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Buning natijasida respublikamiz va xalqaro tajribaga asoslangan
standartlashtirishni boshqarishning oʻziga xos modeli yaratildi.
Mamlakatda milliy standartlashtirish va sifatni taʻminlash tizimlarini isloh qilish 1997 yildan boshlangan
va u Oʻzbekiston hamda Jahon savdo tashkiloti bilan savdodagi texnik toʻsiqlar boʻyicha tuzilgan bitim bilan
bevosita bogʻliq. Isloh qilishning asosiy mahsadi esa, respublikamizni Jahon Savdo Tashkilotiga teng
huquqli aʻzo boʻlib kirishiga tayyorlashdan iborat.
Shu narsani alohida taʻkidlab oʻtish joizki, Evropa ittifoqi eksperti oʻzining hisobotida
respublikamizning standartlashtirish boʻyicha qonunlari Jahon Savdo Tashkiloti (JST) va Evropa
ittifoqining qonunlariga toʻliq muvofiqlashtirilmaganligi koʻrsatib oʻtilgan. Shuning uchun
respublikamizning amaldagi qonunlariga JSTning asosiy tamoyillari va meʻyoriy hujjatlaridagi farqlarni
hisobga olgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi kerakligi taʻkidlab oʻtilgan.
Hozirgi kunda Yevropa ittifoqi ekspertining koʻrsatib oʻtgan kamchiliklari boʻyicha
respublikamizning amaldagi qonunlariga standartlashtirish, sertifikatlashtirish tizimlarining asosiy
qoidalariga qoʻshimchalar kiritilgan.
Standartlashtirish va sifatni taʻminlash tizimlarini takomillashtirish xalqaro savdodagi toʻsiqlarni
bartaraf etish, mamlakat eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro standartlarni qoʻllash va ularning
talablariga muvofiq ishlab chiqarilayotgan mahsulotning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish
uchun shart-sharoitlar yaratib beradi.
Demak, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatbardoshligini oshirishda
xalqaro standartlar bilan bir qatorda milliy standartlashtirish boʻyicha meʻyoriy hujjatlarni yetakchi chet
el mamlakatlarining meʻyoriy hujjatlari bilan ham oʻygʻunlashtirishni taqoza etadi. Buning uchun
«Oʻzstandart» agentligi xalqaro va yetakchi chet el mamlakatlarining standartlashtirish tashkilotlari bilan
standartlarning qoʻllanilish qonuniyligi va ularga kiritiladigan oʻzgartirishlarni bir-biriga muntazam
ravishda taqdim etilishi toʻgʻrisida ikki va koʻptomonlama bitimlar tuzishi kerak boʻladi.