219
Grafikdan ko’rinib turibdiki, aholining dastlabki ikki guruhi daromadlar jami
miqdorining nisbatan kam qismiga ega bo’ladi (mazkur holda guruhlar daromadlarning
hajmiga qarab joylashtirilgan: avvaliga nisbatan past daromad oladigan guruhlar, keyin
o’rtacha darajadagi daromadlarga ega guruhlar va nihoyat, yuqori daromadli guruhlar
keltirilgan). Masalan, aholi kam haq oladigan qismining 40,0 %i aslida daromadlar jami
miqdorining atigi 20,0 %ni ola oladi.
Taqqoslash uchun aytamiz: yuqoridagi guruhga daromadlarning taxminan 40,0 %i
to’g’ri keladi. Shunday qilib, egri chiziqning bissektrisadan chetga chiqishlari o’lchami
daromadlar taqsimlanishidagi tengsizlikning darajasini ko’rsatadi.
Ushbu grafik aholining guruhlarga bo’linishi va ushbu guruhlar o’rtasida daromad
taqsimlanishi kabi ikki hodisaning harakatini aks ettiradi. Uslubiy jihatdan aholining jami
miqdoridan besh guruh ajratilishi mumkin (bunda ularning har biri jami miqdorning 20,0
%ni tashkil etadi). Olingan daromadlar miqdori ham tegishlicha foiz guruhlariga shartli
ravishda bo’linadi.
Daromadlar jamlanishi koeffitsienti yoki Jini koeffitsienti (G) turlicha
taqsimlanishlarni taqqoslashdagi tengsizlikning o’lchagichlaridan biri hisoblanadi, u
Lorents egri chizig’i va bissektrisa bilan cheklangan maydon (S)ning ideal tenglik to’g’ri
chizig’i ostidagi umumiy maydonga nisbati sifatida hisoblab chiqiladi. Bu koeffitsient
daromadlar va boylikni baholash yangi usullarini ishlab chiqqan italiyalik statist, iqtisodchi
va demograf Korrado Jini nomi bilan atalgan.
Daromadlar jamlanish koeffitsienti (Jini indeksi) daromadlar barcha miqdorining
aholi ayrim guruhlari o’rtasida taqsimlanishining notekislik darajasini tavsiflaydi. Uning
o’lchami 0 dan 1 gacha turlicha bo’lishi mumkin. Shu bilan birga, ko’rsatkich qiymati
qanchalik yuqori bo’lsa, jamiyatda daromadlar shunchalik notekis taqsimlangan bo’ladi.
Lekin amaliyotda Jini koeffitsienti ko’rsatib o’tilgan eng past va eng yuqori qiymatlarga
etmaydi.
Iqtisodchilarning fikricha, aholi daromadlari tabaqalashishining sabablari
quyidagicha:
1) kishilar o’z aqliy qobiliyatlari bilan ajralib turadilar, iqtisodiy nazariya esa turli
tabiiy xususiyatlarga ega bo’lgan shaxslar ish haqlari notengligi asosli ekanligini ko’rsatib
bermoqda;
2) kishilar turlicha meros oladilar, bunday meros ularning ayrimlariga daromadlar
borasida ustunlik beradi;
3) yangi yaratilgan qiymat (yalpi daromad)ning mehnat va kapital o’rtasida adolatsiz
taqsimlanishi;
4) mehnat bozorlaridagi kamsitishlar, bu kamsitish xodimlarga teng mehnat uchun
turlicha ish haqi to’lanishida ifodalanishi;
5) inflyatsiya yuqoriligi, u fuqarolar jamg’armalarini qadrsizlantirib qo’yishi va
belgilab qo’yilgan ish haqi oladigan xodimlarning daromadlarini pasaytirishi.
Do'stlaringiz bilan baham: