11.5. Daromadlarni tartibga solishda soliqlarning roli
Har bir mamlakat hukumati daromadlarga turlicha ta’sir ko’rsatuvchi soliqlar
tizimlaridan foydalanib, o’z soliq siyosatini o’tkazadi. «O’zbek tilining izohli lug’ati»da
soliq so’ziga shunday ta’rif berilgan: «Soliq – ma’lum tartibda aholidan davlat foydasiga
to’lanadigan pul, mablag’».
Majburiy badal sifatida soliqlar tegishli darajadagi byudjetga (yoki byudjetdan
tashqari fondlarga) tushadi va ikki xil ko’rinishga ega:
1) daromadlar va mulk soliqlari, fuqarolardan olinadigan daromad solig’i, korxona,
firmalar oladigan foydaga solinadigan soliq, mol-mulk va yer solig’i. Ular muayyan
jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladi va bevosita yoki to’g’ri soliqlar deyiladi;
2) tovarlar va xizmatlarga solinadigan soliqlar: qo’shilgan qiymat solig’i, aktsizlar
(tovarlar va xizmatlar narxlariga bevosita qo’shiladigan soliq) yer osti boyliklaridan
foydalanganlik uchun soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va shu kabilar.
Bu soliqlarni bilvosita yoki egri soliqlar deyiladi.
Soliqlarni tartibga solish funktsiyasi quyidagilardan iborat:
- soliq solish tizimini o’rnatish va o’zgartirish;
- soliq stavkalarini belgilash, ularning differentsiatsiyasi;
- soliq imtiyozlari berish – iqtisodiy siyosat vazifalariga muvofiq maqsadlarda
foydalaniladigan foyda va sarmoyaning bir qismini soliqdan ozod qilish, aholining ayrim
guruhlariga (nogironlar, pensionerlar, harbiy xizmatchilar) soliq imtiyozlari berish.
Aholi olish mumkin bo’lgan daromadlarni shakllantirish nuqtai nazaridan soliqlar
daromad solig’i, mulk solig’i va ish haqining bir qismini Pensiya fondiga ajratish (keyinchalik
uni pensiya sifatida qaytarish) bilan bevosita ta’sir qilsa, firma ish haqi fondidan to’lanadigan
va boshqa soliqlar orqali bilvosita ta’sir ko’rsatadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov 2002 yil 16 fevral’ kuni Vazirlar
Mahkamasi majlisida so’zlagan nutqida «Biz bundan buyon ham soliqlar miqdorini
kamaytirish siyosatini izchillik bilan olib borishimiz kerak», degan edi. O’zbekiston
davlati mustaqillik yillari mobaynida moliyaviy qudratining yuksalishi, moddiy
imkoniyatlarining kengayishiga qarab aholidan soliq olish miqdorini qadam-baqadam
kamaytirib borayapti. Masalan, eng kam ish haqining o’n besh baravari miqdori va undan
yuqori miqdorida daromad olgan jismoniy shaxslarga solinadigan soliq stavkasi bundan
bir necha yil ilgari 45,0 % edi, bugun bu raqam 25,0 %ni tashkil etadi. Bu ko’rsatkich
Fransiyada 44,0 %, Germaniyada 38,0 %, Buyuk Britaniyada 37,0 %, Kanadada – 35,0
%, AQShda – 30,0 %ni tashkil etadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 12 dekabrdagi PQ-744 sonli
Qaroriga muvofiq O’zbekistonda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i
quyidagicha belgilangan:
- eng kam ish haqining 6 baravarigacha – 13,0 %;
- eng kam ish haqining 10 baravarigacha – 18,0 %;
229
- eng kam ish haqining 10 baravari va undan yuqori – 25,0 %.
Jahon tajribasi ko’rsatadiki, soliq stavkalarining optimal darajasi foydaga 15-20 %,
qo’shimcha qiymatga 5-7 %gacha, ish haqiga daromad va ijtimoiy soliqlar 30-35 %ni
tashkil etadi. Daromad solig’i to’laydigan jismoniy shaxslar doirasini aniqlashda soliq
solish darajasi chegaralarini doimiy qayta ko’rib turish mexanizmining saqlanishi juda
muhim.
Fuqarolardan olinadigan daromad solig’i O’zbekiston Respublikasi fuqarolaridan va
fuqaroligi bo’lmagan shaxslardan olinadigan daromad solig’i to’g’risida»gi Qonun
asosida belgilanib, uning to’lovchilari o’z mustaqil daromadlariga ega bo’lgan jismoniy
shaxslar hisoblanadi. Bu soliqning o’ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. Bu soliqqa faqat doimiy turar joyi bo’lgan shaxslar emas, xorijlik fuqarolar va
fuqaroligi bo’lmagan shaxslar ham tortiladi.
2. Soliqqa asosiy ish joyidan olinadigan ish haqidan tashqari, o’rindoshlik yo’li bilan
bajariladigan xizmatlari uchun olinadigan, shuningdek mualliflik huquqi va tadbirkorlik
xorijdan keladigan daromadlardan keladigan daromadlar va boshqa manbalardan
olinadigan daromadlar ham tortiladi.
3. Korxona va tashkilotlar soliq miqdorini oylik ish haqi va boshqa daromad-
lardan ushlab qoladilar. Ikki va undan ko’p joyda ishlovchilar, boshqa daromad manbalari,
jumladan, mualliflik huquqi va tadbirkorlik daromadiga ega bo’lganlar har yili 1 aprelgacha
soliq inspektsiyalariga deklaratsiya topshirib, bunda yalpi daromadlarining umumiy miqdori
va ularning ayrim manbalarini ko’rsatadilar.
4. Soliq stavkalari daromad miqdoriga qarab oshib boruvchi (progressiv) usulda
hisoblanadi. Stavkalar har yili o’zgarib turishi mumkin.
5. Daromad solig’i bo’yicha fuqarolarning bir qator toifalariga imtiyozlar ko’zda
tutilgan. Yengilliklar qatorida harbiy xizmatchilar, alohida xizmatlari uchun ayrim
shaxslar va nogironlar soliqdan to’la yoki qisman ozod etilishi mumkin.
6. Xorijdan keladigan daromadlar, shuningdek merosxo’rlar, huquqiy vorislar,
to’lovlardan daromad solig’ini O’zbekiston Respublikasi hududida shu mablag’ni
to’lovchi tashkilot tomonidan ushlab qoladi.
Soliq siyosatining dolzarb muammolaridan biri soliq yukini kamaytirish va uning
optimal darajasiga erishishdir. Uni oqilona hal etish uchun davlatning resurslari va
sarflanadigan xarajatlarini baholash, davlat xarajatlarini markaziy byudjetga tushadigan
moliyaviy resurslar miqdorini o’zaro muvofiqlashtirish lozim. Progressiv soliq solish
masalasini hal etish aholi daromadlari differentsiatsiyasi aholining daromadlar guruhi
bo’yicha tabaqalanishi zichligiga uzviy bog’liq.
Hozirgi vaqtda rivojlangan mamlakatlarda davlat byudjetlari daromadining 80-90
%i soliqlar hisobiga vujudga keladi. O’zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotning bundan ke-
yingi rivoji ham ko’p jihatdan soliq tushumlariga bog’liq. Shu sababli, bozor iqtisodiyoti
qonunlariga amal qilib respublika soliq tizimini yangilab borish va uni takomillashtirish
muhim ahamiyat kasb etadi. Soliqlar makroiqtisodiy rolining keskin o’sib boruvchi
ko’rsatkichi bo’lib, ular hissasining yalpi milliy mahsulot hajmidagi hissasi hisoblanadi.
Bu ko’rsatkichlar qancha yuqori bo’lsa, davlat shuncha qudratli bo’ladi.
Ma’muriy buyruqbozlik tizimida soliqlar o’rniga turli ajratmalar va to’lovlar joriy
etilgandiki, ular o’sha davrning xo’jalik yuritish usullariga mos tushar edi. Iqtisodiyotni
boshqarishning bozor iqtisodiyotiga asoslangan yangi shakl va usullariga o’tish bir
230
tomondan korxonalar bilan davlat, boshqa tomondan aholi va davlat o’rtasidagi ko’p
qirrali va murakkab o’zaro munosabatlarni yangicha shart-sharoitlariga moslashtirishni
talab qilib qo’ydi.
Soliqqa tortish ishlarini shunday olib borish kerakki, uning natijasida davlat va
mahalliy byudjetlar yetarli manbaga ega bo’lishi va undan mamlakat milliy
iqtisodiyotining hamma sohalarida foydalanish imkoniyati yaratilishi, mahsulot ishlab
chiqarish hajmini ko’paytirish va xarajatlarni kamaytirishga erishilishi ta’minlanishi
lozim.
Soliqqa tortish tizimini soliqlarning iqtisodiy mohiyati bilan bog’lab o’rganish va
undan oqilona foydalanish respublika iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Soliqlar
solish yo’li bilan iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishning asosiy mohiyati shundaki,
iqtisodiy jihatdan rivojlangan korxonalardan soliqlar ko’proq olinib, boshqa korxonalarga
yengilliklar yaratib berilishi lozim.
Bulardan tashqari, soliqlar yordamida ishlab chiqarishni rag’batlantirish, tovar ishlab
chiqarish va iste’molni ko’paytirish yoki ba’zi hollarda ayrim tovarlarni ishlab chiqarishni
kamaytirish mumkin, ya’ni soliqlar iqtisodiy jarayonlarni tartibga solib turishning muhim
vositasi bo’lib xizmat qiladi.
Respublikada soliqqa tegishli qonunchilik bazasi yaratilgan bo’lib, ularda mamlakat
hududida amal qiluvchi soliq turlari va stavkalari, soliq sub’yektlari va ob’yektlari,
soliqlarni to’lashning tartib-qoidalari, soliq solish yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarga
beriladigan yengilliklar, soliq qonunlarini buzganlik uchun javobgarlik hamda soliq to’lash
yuzasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishning umumiy tartib-qoidalari belgilangan
bo’lib, ular bilan iqtisodiyotga ta’sir o’tkazish quyidagi umumiy qoidalar asosida amalga
oshiriladi:
- manbalaridan qat’i nazar, barcha olingan daromadlardan soliqlar to’lashning
majburiyligi;
- barcha hududiy-ma’muriy pog’onalar uchun yagona bo’lgan umumdavlat soliq
siyosatini amalga oshirish;
- o’z faoliyati bilan eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ekologik muammoni
hal etishga ko’maklashayotgan samarali ishlovchi korxonalarga soliqlar bo’yicha
yengilliklar berish, shuningdek xo’jalik yuritishning ilg’or shakl va uslublarini
takomillashtirish orqali soliq qonunlarining rag’batlantiruvchi funktsiyasini oshirish;
- deklaratsiyalar hamda tanlab o’tkaziladigan tekshirish va taftishlarni amalga
oshirish asosida barcha sub’yektlarning soliq majburiyatlari ustidan moliyaviy nazorat
o’rnatish, soliq qonunlariga rioya qilmaydiganlarga nisbatan ma’muriy yoki iqtisodiy
choralar qo’llash.
Soliq solishdagi muhim mezon soliq stavkasini maqsadga muvofiq belgilashdir. U
soliq solish ob’yekti va sharoitlariga qarab o’zgarib borishi kerak, aks holda ishlab
chiqarishni
talab
darajasida
o’stirish yoki daromadni ko’paytirib borishni
rag’batlantirishdan iborat funktsiyasini bajarmay qo’yadi, chunki agar soliq stavkasi
g’oyat yuqori bo’lsa, davlat byudjetining daromad qismi oshib boradi. Lekin bu sharoitda
soliq to’lovchilar daromadlarini ko’paytirishdan kamroq manfaatdor bo’ladilar, chunki
daromad oshgani sari uning katta qismi soliq tariqasida olib qo’yiladi va unga qoladigan
daromad kamayadi.
231
Soliq tizimini takomillashtirish va uning iqtisodiyotga ta’sirini kuchaytirish
maqsadida korxonaning qaysi mulk shakliga mansubligidan qat’i nazar, soliq stavkasini
korxonalar daromadi yoki ustav fondining miqdoriga qarab belgilash kerak. Soliqlarning
iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishdagi o’rni ko’p jihatdan soliqqa tortilmaydigan
minimumga bog’liq.
Soliqlar takror ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir etib, iqtisodiy faollikni tartibga solib
turuvchi vositalardan biriga aylanishi lozim. Bu masalada sanoati rivojlangan
mamlakatlarda qo’llaniladigan «tezlashtirilgan amortizatsiya» deb ataladigan soliq
mexanizmining ahamiyatini kuchaytirish kerak. Uning mazmuni shundan iboratki, soliq
organlari korxonalarga amortizatsiya fondiga asosiy kapitalning haqiqiy yemirilishidan
ham ortiqroq summani ajratishga ruxsat beradi. Shu tariqa soliq solinadigan foyda hajmi
kamayadi. Tezlashtirilgan amortizatsiya usuli korporativ sektorda kapital mablag’larni
rag’batlantirish, ayniqsa, fan tarmoqlarini rivojlantirishda keng foydalaniladi.
Soliqlarning iqtisodiy jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solib turishdagi asosiy
hamda eng muhim mexanizmlardan biri ekanligini e’tirof etish lozim. Soliqning har
qanday turi korxonalar va aholi daromadlarining bir qismini davlat va mahalliy
byudjetlariga undirib olish funktsiyasini bajaradi. Vaholanki, bu mablag’lar ishlab
chiqarish vositalari va ishchi kuchi sotib olish yoki boshqacha qilib aytganda, ishlab
chiqarishni kengaytirish uchun ishlatilishi mumkin. Shunday ekan, soliq solish tizimini
takomillashtirish milliy iqtisodiyotni barqarorlashtirishning muhim omili bo’lib xizmat
qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |