www.ziyouz.com kutubxonasi
120
IJOZA (arab. - ruhsat, guvoxlik) - tariqatga oid tushuncha. I.ning uch turi mavjud: 1)
murid yoki darvishga shayx tomonidan topshiriladigan malaka irshodi. Irshod murid va
darvishga o‘z shayxi nomidan amaliy ishlar bilan shug‘ullanish imkonini beradi; 2)
Shayxning xalifasi (o‘rinbosari)ga tariqatga yangi a’zolarni qabul qilish vakolati
berilganini tasdiqlovchi hujjat; 3) murid yoki darvish so’fiylik ta’limotini to‘liq o‘taganini
tasdiqlovchi hujjat.
IJTIHOD (arab. - g‘ayrat qilish, intilish) - faqih tomonidan shar’iy hukmni hosil qilish
uchun barcha bilim va toqatini ishga solish. I. shar’iy hukmi kelmagan ishning maxsus
qoidalarni ishga solib shar’iy hukmini aniklash uchun qilinadi. Payg‘ambar (sav)
tirikligida u kishidan boshqa odam I. qilmagan. Bu mumkin ham emas edi. I. 7-a. oxirida
vujudga kelgan. Bu vaqtga kelib sahobalarning Muhammad (sav) faoliyatlari, aytgan
so‘zlari haqidagi xabarlarida ixtilof paydo bo‘lgan. Bundan tashqari musulmon
jamoasidagi hayot tarzining o‘zgarib borayotganligi tufayli ko‘plab huquqiy muammolar
tug‘ilgan. Shuning uchun I.ning asosiy maqsadi yangi yoxud o‘tmishdoshlar tomonidan
hal etilmagan masalalarni topish, islomga tayanilgan va uni quvvatlagan holda hal etish
bo‘lgan. Keyingi davrlarda Qur’on va Sunnatga tegishli ilmlarning barchasini, ijmo’ga oid
narsalarni, arab tiliga oid barcha ilmlarni, usul ul fiqh ilmini va shunga o‘xshash I. qilish
uchun shart bo‘lgan ilmlarni ya’ni oyatlarning sabab nuzulini, hadislarning aytilish sababi
va o‘rnini oliy darajada bilgan, taqvodorlik, adolatlilik va shunga o‘xshash oliy shaxsiy
fazilatlarga sohib bo‘lgan kishilar (mujtahidlar) I. qilishga haqli bo‘lganlar. I., asosan,
fiqhga oid masalalarga qo‘llangan. Aqida va falsafaga oid masalalarda I. qilish mumkin
bo‘lmagan. O’rta asrlarda, aniqrog‘i 12-a.da ba’zi hokimlarning faqihlarni majbur qilib
noto‘g‘ri hukm chiqarishga urinishlaridan, noahil odamlarning I.ga o‘zlarini urishlaridan
ehtiyot qilib ulamolar, I. eshigi berkilganini e’lon qilganlar. Bu masalada xilof qilganlar
ko‘pchilikning qarshiligiga duchor bo‘lganlar. Shu bilan birga goh-gohida I.ni da’vo
qilganlar ham chiqib turgan. Bunday shaxslarga Ibn Taymiya va Ibn Qaym misol bo‘la
oladi. Hanafiylardan Kamol ibn Humom haqida shunga o‘xshash gaplar bor. Ammo, I.
eshigi berkitilganligi holati hozirgacha davom etib kelmoqda. Yaqin orada biror kishi I.
qilgani tan olingani yo‘q. Ammo I. qilish zarurligi tobora ortib borayotgani haqidagi
chaqiriqlar ziyoda bo‘lib bormoqda. Ba’zi zamondosh ulamo va ilmiy muassasalar shaxsiy
I. emas, ulamolar jamoat bo‘lib I. qilishi tarafdori bo‘lmoqdalar. Shu maqsadda yangi
paydo bo‘layotgan masalalarda I. qilish uchun Islom davlatlari uyushmasi, Islom olami
robitasi va b. ba’zi bir mintaqa va davlatlarda Islom fiqhi akademiyalari tashkil qilingan
va qilinmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |