Alohidalik, xususiylik, umumiylik. Ular narsa va hodisalarning rivojlanish jarayonidagi makon-zamon
munosabatlarini konkret tarzda namoyon qiladi. Umumiylik – olamdagi alohida, individual tarzda namoyon
bo’layotgan narsa – hodisalarning turfa, xilma-xil umumlashtiruvchi xossa hamda xususiyatlarning mushtaraklashgan
holda namoyon bo’lishidir. Alohidalik va umumiylik o’rtasidagi bog’lanish, aloqadorlik va munosabat «xususiylik»
kategoriyasi orqali ifodalanadi. Birinchidan, bu kategoriyalarning mazmuni olamning birligi, ularning mantiqiy ifodasi
konkretlik bo’lib hisoblanadi. Ikkinchidan, «alohidalik», «xususiylik», «umumiylik» narsa va hodisalarning makon-
zamon konkretligini ifodalaydigan, nisbatan mustaqil mantiqiy tushunchalar tarzidagina namoyon bo’lishi mumkin.
Zero, ularning nisbatan mustaqilligi, ichki birligining namoyon bo’lish shaklidir.
Falsafiy adabiyotlarda, bilishning umumiy tendentsiyasini alohidalikdan xususiylikka va shu bosqich orqali
umumiylikka o’tish tarzida yoki aksincha, izohlash keng tarqalgan. Vaholanki, falsafiy bilishning asosiy xususiyati va
maqsadi har qanday alohidalikning individual xususiyatlarini umumiylikdan farqlashdan iboratdir. Masalan, bozor
iqtisodiyoti munosabatlariga o’tish jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyati bo’lsa ham, bu jarayon turli ijtimoiy-
tarixiy makon va zamonda har bir davlat uchun o’ziga xos bo’lgan modelni taqozo qiladi. Alohidalikning
umumiylikdan farqini aniqlash asosida, maxsus usul va vositalarini qo’llash bozor strategiyasi va taktikasining milliy
xususiyatlarini belgilashga yordam beradi.
Alohidalik yoki, ba’zi falsafiy adabiyotlarda ko’rsatilganidek, yakkalikni muayyan xossa hamda xususiyatga ega bo’lgan
narsa va hodisalarning makon va zamondagi chegaralangan konkret holati, boshqacha kilib aytganda, har qanday hodisa va
narsaning ichki sifat muayyanligi, individualligi deyish mumkin.
Antik falsafada alohidalik kategoriyasining mazmuni muayyan turg’unlikka ega bo’lgan birlik sifatida qaralgan
(Aflotun, Arastu). Hegel, alohidalikni voqealarning zaruriy shakli, makon va zamondagi tafovutlarning namoyon
bo’lish momenti sifatida qaraydi.
Falsafada milliylik va umuminsoniylik masalasida alohidalikning umumiylikdan farqini mutlaqlashtirish natijasida
muayyan qarashlar vujudga kelishi mumkin (Bu haqda «Osiyotsentrizm» va «Evropatsentrizm» to’g’risida eslash
kifoya).
Vaholanki, umuminsoniyat tsivilizatsiyasining tadrijiy rivojlanishida muayyan ichki birlik mavjud bo’lib, madaniyat tarixida
har bir xalq, millat o’z o’rni va ahamiyatini namoyon qiladi. Shuning uchun umuminsoniyat tsivilizatsiyasi tarkibidagi milliy
madaniyatni mutlaqlashtirish, muayyan siyosiy manfaatlarga asoslangan bo’lib, buyuk davlatchilik, shovinistik qarashlardan
boshqa narsa emas. Bu XX asrning 30-yillarida fashizm mafkurasini shakllantirgan asosiy sababalardan biri edi.
Alohidalikni, umumiy qonuniyatlar tarkibidagi, elementlarning individual rivojlanish jarayoni sifatida olib qarash
kerak. Chunki har qanday umumiylik, dastlab voqelikning alohidaligi tarzida vujudga keladi. Shunga ko’ra, har qanday
sistema o’z tarkibidagi nisbatan yangi, alohida hodisalarning individual rivojlanishisiz sodir bo’la olmaydi. Shunday
qilib, alohidalik voqelik rivojlanishining xilma-xil shakllarini vujudga keltiradi.
Narsa va hodisalarda alohidaliklarning konkret xususiyatlari o’rtasidagi bog’lanishlar, bir tomondan, umumiylikni
namoyon qilish bilan bir qatorda, ularning muayyanligi va mazmunini ham belgilaydi. Ikkinchi tomondan esa,
umumiylikning konkretligi alohidaliklar sistemasi tarzida namoyon bo’ladi. Bu sistemaga strukturali yondashish
bilishning nisbatan to’laqonli bo’lishini ta’minlaydi. Masalan, muayyan jamiyatdagi kishilarning ijtimoiy munosabatlari
o’ziga xos bo’lgan yo’nalishlarini vujudga keltirgan. Ya’ni, iqtisodiy, huquqiy, siyosiy, diniy ekologik va boshqa shu
kabi ijtimoiy munosabatlar umumiy madaniyat tarkibida «iqtisodiy madaniyat», «huquqiy madaniyat», «siyosiy
madaniyat», «ekologik madaniyat» va boshqa nisbatan mustaqil yo’nalishlarga asos bo’lgan. Bu madaniyat
yo’nalishlari nisbatan mustaqil bo’lsa ham, bir-birini taqozo qiladi. Ularning ichki birligi va rivojlanish tendentsiyasi
umuminsoniyat tsivilizatsiyasi manfaatlaridan kelib chiqqan bo’lib, umumiy taraqqiyot darajasiga mos keladi.
Falsafaning bu kategoriyasi bilan «butun», «qism» «struktura», «sistema», «element», kategoriyalari o’rtasida uzviy
bog’liqlik va muayyan farqlar mavjud. Ya’ni «alohidalik», «xususiylik», «umumiylik» narsa va hodisalar rivojlanish
jarayonidagi bog’lanish, aloqadorlik munosabatlarining yaxlitligini nisbatan mustaqil ifodalash bo’lsa, «butun»,
«qism», «struktura», «sistema», «element», kategoriyalari esa, ularning makon va zamondagi bog’lanish
munosabatlarini jarayon tarzida ifodalashdir. Shu nuqtai nazardan, butunni – umumiylik, qismni yoki elementni –
alohidalik tarzida olib qarash holatlari uchraydi. Shuningdek, muayyan o’xshashlik bo’lishiga qaramasdan, sistemani
umumiylik tarzida qabul qilish mumkin emas. Bunda sistema turli darajadagi umumiyliklarning majmui ham bo’lishi
mumkin. Umuman, narsa va hodisalarni tarkibiy jihatdan «butun», «qism», element»larga ajratish bilishga xos nisbiy
hodisa bo’lib, uning samaradorligini ta’minlaydigan zaruriy shartdir. Shunga ko’ra, yuqorida aytilgan har ikkala
kategoriyalar tizimi bilishning bosqichi sifatida emas, balki usuli sifatida olib qaralishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |