Kategoriya o’zi nima? Bu so’z qadimgi yunon tilidan olingan bo’lib: «izohlash», «tushuntirish», «ko’rsatish»,
degan ma’nolarni anglatadi. Uning mazmunidagi bunday xilma-xillik qadimgi davrlardanoq ilmiy tadqiqot yo’nalishiga
aylangan.
Falsafa tarixida ularni birinchi bo’lib, Arastu ta’riflab bergan. U o’zining «Kategoriyalar» degan asarida ularni
ob’ektiv voqelikning umumlashgan in’kosi sifatida qarab, turkumlashtirishga harakat qilgan. Xususan, uningcha quyidagi
kategoriyalar mavjud: «mohiyat» (substantsiya), «miqdor», «sifat», «munosabat», «o’rin», «vaqt», «holat», «mavqe»,
«harakat», «azob-uqubat». Bu turkumlashtirish, o’z vaqtida ilmiy bilishda juda katta ahamiyatga ega bo’lgan. Keyinchalik
Arastu «Metafizika» asarida «mohiyat», «holat» va «munosabat» kategoriyalarini ham izohlagan.
Umuman, kategoriyalarni falsafa tarixida ilmiy mavzu sifatida o’rganishni aynan Arastu boshlab berganligi e’tirof
qilinadi. Ma’lumki, ungacha Yunonistonda ko’proq politika va ritorika (notiqlik san’ati) fanlari sistemalashgan, ya’ni
fan sifatida tizimga tushirilgan edi. Chunki o’sha davrda qo’shinni, mamlakatni va odamlarni boshqarish uchun siyosat
va nutq madaniyati sirlarini bilish katta ahamiyatga ega bo’lgan. Ammo o’sha davrlarda falsafaning qonunlari,
kategoriyalari va asosiy tayanch tushunchalari muayyan tizimga tushirilmagan, izchil bayon qilingan bilimlar sistemasi
sifatida shakllantirilmagan edi. Hatto Yunonistonning mashhur olimi va mutafakkiri Suqrotni ham ana shunday, hali
go’yoki shakllanmagan fan bilan shug’ullangani va yoshlarni bu ilm yo’liga boshlab, ularning noto’g’ri tarbiyasiga
sabab bo’lganlikda ayblagan ham edilar. Bu hol Suqrotning buyuk shogirdi Arastuning mazkur fanni aniq sistema
tarzida ifodalashga kirishishi uchun turtki bo’lgan. Olim falsafaning qonun va kategoriyalarini birinchi marta
sistemalashtirgan, ta’riflagan va falsafani fan darajasiga ko’targan. O’sha davrdan boshlab falsafa o’z qonunlari,
tamoyillari, kategorial tushunchalariga ega bo’lgan fanga aylangan. Sharqda bu masalaga Forobiy, Beruniy va ibn
Sinolar ham katta ahamiyat berganlar.
XVII-XIX asrlarga kelib, falsafiy kategoriyalar tahlilida yangi davr vujudga keldi. Xususan, I. Kant qarashlarida
kategoriyalar «sifat» (reallik, inkor, chegaralash), «miqdor» (birlik, ko’plik, yaxlitlik), «munosabat» (substantsiya va
xususiyat, sabab va harakat, o’zaro ta’sir), «modallik» (imkoniyat va imkoniyatsizlik, voqelik va novoqelik, zaruriyat va
tasodif) tarzida izohlangan. Kantdan farqli o’laroq, Hegel esa mantiqiy kategoriyalarni: «borliq» (sifat, miqdor,
me’yor), «mohiyat» (asos, hodisa, mavjudlik), «tushuncha» (ob’ektiv, sub’ektiv, absolyut g’oya) tarzida izohlagan.
Falsafa fanining kategoriyalari haqidagi turli qarashlarni umumlashtirib aytganda, ularning mantiqiy tushunchalar
sifatidagi quyidagi tavsiflari bor: 1) ob’ektiv voqelikning in’ikosi; 2) narsa va hodisalarning o’zaro bog’lanish va
aloqadorligini mantiqiy umumlashtiruvchi bilish usuli; 3) narsa va hodisalarning rivojlanishi bilan o’zgarib turuvchi
mantiqiy tushuncha; 4) borliqning mavjudligidan kelib chiqadigan tarixiy — mantiqiy bilish darajalaridan biri.
Ko’pchilik mutaxassislar kategoriyalar olam, undagi narsa va voqealar, ularning asosiy va takrorlanib turuvchi
aloqadorligini ifodalaydigan keng mazmundagi tushunchalardir, degan fikrga qo’shiladilar. Bu ma’noda borliq, voqelik,
harakat, makon, zamon, miqdor, sifat va boshqalar falsafaning ana shunday kategoriyalaridir.
Falsafada o’z xususiyatlariga ko’ra, «juft kategoriyalar» deb ataladigan; umumiy bog’lanish va aloqadorlik
munosabatlarini ifodalovchi tushunchalar ham bor. Ular narsa va hodisalarning muayyan yo’nalishdagi eng muhim,
zaruriy, nisbatan barqaror, davriy takrorlanib turuvchi bog’lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalaydi. Falsafa
kategoriyalari mazmunidagi ichki birlik, bog’lanish, aloqadorlik va munosabatlarning yaxlitligi bilish jarayonining
uzluksizligini ta’minlaydigan umumiy qonuniyat tarzida vujudga kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |