Inkorni dialektik tushunish yangining eski bilan oddiy almashuvi bo’lmasdan, balki eskining bag’rida vujudga
kelib, undan foydalanib, qaror topishini tan olishdir. Dialektik inkorning muhim ikki jihati mavjud: birinchisi, eskining
o’rniga yangining kelishi tabiiy-tarixiy jarayon bo’lganligi uchun taraqqiyotning muhim sharti hisoblansa; ikkinchisi, u
yangini eski bilan vorisiy bog’liq ekanligini ham ifodalaydi.
Inkorni inkor qonunini tushunish uchun uni nega shunday deb atalishini izohlamoq lozim. Falsafaning bu
ta’limotini ikki marta takrorlanuvchi inkorda ifodalanishi olamdagi narsa va hodisalarning doimiy ravishda o’zgarib, bir
holatdan ikkinchi holatga o’tib borishi va oqibatda, rivojlanish uzluksiz ekanligidan kelib chiqadi.
Bu qonunga ko’ra, har bir mavjud bo’lgan narsa va hodisa o’zigacha bo’lgan sifat va miqdor inkor etilishining
mahsuli, shu bilan birga, ana shu narsa va hodisalarning o’zi ham sharoitning o’zgarishi, vaqtning o’tishi bilan inkor
etilishga mahkumdir. Demak, har bir narsa va hodisaning o’zgarishi va rivojlanishi hamisha ikki va undan ko’proq
inkor etishlar bilan amalga oshadi. Insoniyat tarixi – avlodlar almashinuvi tarixidir, deyilganida ham ana shunday hol
nazarda tutiladi.
Inkorni inkorning yana bir muhim belgisi shuki, taraqqiyotdagi davriylikning muayyan halqasida, ya’ni navbatdagi
inkor bosqichida uning oldingi bosqichidagi ba’zi belgilar takrorlanadi. Masalan, don o’simlikdan yana donlarga
aylanadi, keyinroq yana o’simlikka va hokazo.
Inkorni inkorning amal qilishi tufayli taraqqiyot to’g’ri chiziq shaklida emas, doira shaklida bo’ladi, uning oxirgi
nuqtasi boshlang’ich nuqtaga yaqinlashadi. Lekin bu yaqinlashuv uning oxirgi nuqta bilan tutashishi bo’lmasdan, balki
yuqori bosqichda sodir bo’lishi sababli taraqqiyot spiral shaklga ega bo’ladi. Bu spiralning har bir yangi o’rami oldingi
o’ramiga nisbatan yuqoriroq bosqichda yuzaga keladi.
Dialektik inkor yangi bilan eski o’rtasidagi bog’lanishni butkul rad qiladi, deb tushunmaslik kerak. Yangi qanchalik
ilg’or bo’lmasin, u yo’q joydan paydo bo’lmaydi, balki eskining qobig’ida asta-sekin shakllanadi. Shuning uchun ham
ko’p hollarda eskidan yangiga o’tilayotganda eski butunlay tashlab yuborilmaydi, balki uning ijobiy tomonlari saqlanib
qoladi va rivojlanish davom ettiriladi. Demak, yangi bilan eski o’rtasida vorislik mavjuddir. Inkorni inkor qonuni
taraqqiyotda vorislik va qaytariluvchanlikning birligini tavsiflaydi. Dialektik inkorning muhim xususiyati ana shundan
iborat.
Inkorni inkor qonuni mustaqillik va bozor iqtisodiyoti jarayonida ro’y berayotgan hodisalar mohiyatini ilmiy
anglashda katta ahamiyat kasb etadi. Yangi jamiyatni barpo etishga qaratilgan o’zgarishlar hamma narsani butunlay
yo’q qilishni bildirmaydi. Aksincha, bu — xalqimiz taraqqiyoti jarayonida erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy,
ma’naviy yutuqlarni saqlab qolib, ularni yanada boyitib, rivojlantirishdan iboratdir. Mazkur jarayonning asosiy tamoyili
Islom Karimovning yangisini qurmasdan, eskini buzmaslik lozimligi to’g’risidagi xulosasida yaqqol o’z asosini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |