Yusuf Xos Hojibning " Qutadg`u bilik" dostoni
R Ye J A :
1. " Qutadg`u bilik" dostonining qo`lyozma nushalari.
2. " Qutadg`u bilik" ning syujet va kompozitsiya tuzilishi. Obrazlarning majoziy harakteri.
3. " Qutadg`u bilik" dostonida didaktika.
4. Dostonda ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta'limiy
masalalarning qo`yilishi.
5. O`zbek adabiyoti rivojida Yusuf Xos Hojib
dostonining tutgan o`rni.
"Qutadg`u bilik" Qutga, ya'ni baxt-saodatga eltuvchi bilim demakdir, uni bobokalon
shoirimiz Yusuf Xos Hojib bundan 929 yil oldin 1069 yilda yozgan. Mazkur kitob shoirning o`zi
aytganiday:
Boshdan oxirigacha donolar so`zi,
Go`yoki tizilgan marjondek o`zi.
O`n sakkiz oy - yarim yilda yozib tugallangan ushbu asarni yaratish uchun shoir juda uzoq
vaqt tayyorlangan ko`rinadi:
256
Ko`z urdu o`lkasi aslida eli,
Tub-asli nasabdan so`z ochdi tili.
Tug`ilgan elidan chiqib borgani,
Kitobni jam etib tugal qilgani.
Borini bitibdir ne esa qalam,
Bu yerda shoirning vatani (Ko`z urdu, ya'ni Bolasog`un) va asarning tugallangan o`rni
(Qoshqardan) tashqari asarni yozish uchun tug`ilgan elidan chiqib borgani haqidagi qayd ham
mavjud. Bundan shoirning ko`plab o`lkalarga safar qilgani, turli madaniy-adabiy yodgorliklarni
o`rganganini taxmin etish mumkin. Fikrimizni quyidagi misralar ham tasdiqlab turadi:
Chiniylar "Adab-ul-muluk" deb atar,
Mochinlar "Anis-ul-mamolik" deyar.
Bu mashriq elining donishmandlari,
"Zinat-ul-umaro" deyishar bari.
Eronlik "Shohnoma" dedi belgilik,
Turonlik nom qo`ydi: "Qutadg`u bilik".
Bular shoirning Chin (Xitoy), Mochin (Sharqiy Turkiston), Eron va Turon (Turkiston va
umuman turkiy xalqlar yashaydigan o`lkalar) da bo`lgani hamda u yerlarda mavjud bo`lgan
adabiy an'analardan yaxshi xabardorligini ko`rsatadi. "Qutadg`u bilik" ning uch qo`lyozma
nusxasi ma'lum. Bu nusxalar "Vena" (yoki "Xirot"), "Qohira" va "Namangan" nusxalari deb
yuritiladi. "Qutadg`u bilik" ning birinchi nusxasi XIX asrning 20 yillarida Istanbulda topildi.
Bu nusxa XV asrda Hirotda uyg`ur yozuvchi bilan ko`chirilgan. Qo`lyozmani topgan olim
Xammer Turgeshtal uni Venadagi Qirollik kutubxonasiga topshiradi. Shuning uchun bu nusxa
"Hirot" yoki "Vena" nusxasi deb yuritiladi.
"Qutadg`u bilik" ning ikkinchi qo`lyozma nusxasi 1897 yilda Qohirada topildi. Bu nusxa
(XV asr) arab yozuvida ko`chirilgan bo`lib, u Hirot nusxasidan bir muncha farq qiladi. Matndagi
jug`iy farqlardan tashqari, "Qohira" nusxasida Xirot nusxasidagi ayrim o`rinlar yo`q.
"Qutadg`u bilik" ning uchinchi nusxasi 1914 yilda Namanganda topildi. Bu nusxa ham
Qohira nusxasi kabi arab yozuvida ko`chirilgan. «Qutadg`u bilik»ning Namangan nusxasi
boshqa nusxalarga qaraganda bir muncha mukammalroq bo`lib, Ye.E.Bertelsning
taxminicha, u XIII asrning oxiri yoki XIV asr boshlarida ko`chirilgan bo`lishi kerak. Bu nodir
nusxa O`zbekiston Respublikasi Sharqshunoslik instituti qo`lyozmalar fondida saqlanmokda.
"Qutadg`u bilik" ning nasriy muqaddimasida ta'kidlanishicha, dostonda to`rt asosiy
masala qo`yilgan va bu masalalar majoziy obrazlar qiyofasida mujassamlashtirilgan. Bu
kitobning negizida to`rt narsa yotadi, biri adolat, ikkinchi davlat, uchinchi aql, to`rtinchisi
qanoat. Har biriga turkcha ot bergandir. Adolatga Kuntug`di elik ot berdi, uni podshoh o`rniga
qo`ydi, davlatga Oyto`ldi ot berib, vazir o`rniga qo`ydi. Aqlga O`gdulmish (oqil, dono) ot
berib, vazirning o`g`li sifatida beradi. Qanoatga O`zg`urmish (hushyor, dadil) ot berib,
vazirning qarindoshi deb atadi. Bularning o`rtasida savol-javob, munozara kechib, so`zlar
so`zlagandir.
Dostonning syujet va kompozitsiyasi shunga muvofiq tuzilgan. "Qutadg`u bilik" 73
bobga bo`lingan. O`n bir bobi dostonning muqaddimasi bo`lib, muqaddima xudoga,
payg`ambarga, to`rt hali-faga bagishlangan boblardan tashqari yoz tavsifi va Bug`roxon madhi,
yetti sayyora va o`n ikki burj, til odobi va bilimning foydasi kabi masalalarga
bag`ishlangan. Dostonning asosiy qismi o`n ikki - bobdan, Kuntug`di degan hukmdorning
ta'rifi bilan boshlanadi.
Asarda tilga olingan masalalarning ko`lami keng. Ularning ayrimlarini eslab o`tish joyizdir.
Yetti sayyora va o`n ikki burj.
Inson farzandlari qadri bilim va tafakkurida.
Tilning fazilat va manfaatlari,
Kitob egasining uzri.
Bilim va aql - idrokning farqi to`g`risida.
Bahor madhi.
257
Kuntug`di elig haqida.
Oyto`ldining baxt haqidagi hikoyasi.
Kuntug`dining Adolat haqida aytganlari
O`gdulmish elikka deganlari.
(Lashkarboshi, oshpaz, xazinachi, eshik og`asi, elchi, dastur-xonchi... qanday bo`lishi
kerakligini so`zlaydi).
O`gdulmish, O`zg`urmishga olimlar (shoirlar, tabiblar, ta'birchilar, xunarmandlar,
dehqonlar, chorvadorlar, turli tabaqadagi kishilar) bilan muomalada bo`lish sirlarini o`rgatadi.
O`g`il va qizlar tug`ilsa qanday tarbiyalash lozimligini aytadi. Mehmonga borganda
o`zini qanday tutish lozimligini so`zlaydi. Ko`rinib turibdiki, "Qutadg`u bilik" dagi tilga
olingan mavzularning qamrovi juda keng. Ammo unga bitta bosh nuqta borki, u butun
asardan qizil ip bo`lib o`tadi. Bu komil inson masalasidir.
Shoir komil inson haqida gapirar ekan, komillikning qator belgilarini ko`rsatib o`tadi.
Ularning eng asosiysi alohida shaxsning manfaatlari, shaxsiy istaklari doirasini yorib chiqib,
boshqalar g`ami bilan ham yashash, ko`pchilik manfaati uchun fidoiy bo`la bilishdir.
Asarda oddiy xalq, mehnatkash inson alohida ehtirom bilan tasvirlangan. Ayniqsa
dehqonlar, chorvadorlar, hunarmandlar haqidagi boblar mehr bilan tasvirlangandir.
Dostonda bilim haqida alohida bob ham mavjud. Bu bob "Bilig, o`qush, adrimin, asgin
ayur" deb nomlangan.
Bilimning asosiy hususiyati kishi uchun faqat nafdan iborat ekanligida. Unga qadr-qimmat,
hurmat va ehtirom keltirishida deb biladi, shoir. Asarda shoir fikri go`zal timsollar, hayotiy
o`xshatishlar va lo`nda istiholalar, tasirchan tamsil hamda mo`jaz ramzlar bilan ziynatlangan.
Uning o`zi: " Men turkcha so`zlarni yovvoyi tog` kiyigi kabi bildim. Shunga qaramay ularni
avaylab asrab qo`lga o`rgatdim" deb yozadi. Ana shu "Qo`lga o`rgatilgan so`zlar orasida
ko`plab xalq maqollari ham mavjud".
"Qutadg`u-bilik" ning ko`pchilik boblari XI asr Qoraxoniylar davridagi ijtimoiy - siyosiy
masalalarga bag`ishlangan. Doston muallifi bu boblarda davlat va hokimiyat, hukmdor uning
saroy ahillari, ularning burch va vazifalari, turli ijtimoiy tabaqalar, ularning jamiyat hayotida
tutgan o`rni va roli, saroy ahillarining mehnatkash tabaqalarga munosabati kabi masalalarda
fikr yuritadi.
Yusuf Xos Hojibning har xil ijtimoiy tabaqalar haqida bayon qilgan fikrlari hokimiyatni
mustahkamlash, uning mustaqilligini himoya qilish, diplomatik munosabatlarni
yaxshilashga qaratilgandir. U ilm - ma'rifatni saodatning kaliti deb qaraydi. Uning fikricha,
hukmdor mamlakatni o`z qilichi va siyosati bilan boshqarsa, olimlar el-yurtni aql va
donishmandlik bilan boshqaradi va ularga yo`l ko`rsatadi. Shunga ko`ra shoir kishilarni
podaga, olimlarni yo`l boshlovchiga o`xshatadi.
Yusuf Xos Hojib qadimgi Gretsiya va O`rta Osiyoning mashhur olimlari kabi, olamni to`rt
unsur (element) dan o`t, suv, havo va tuproq yoki issiq, sovuq, xo`l va quruqdan iborat
degan falsafa qarashini ilgari suradi.
"Qutadg`u bilik" xalq ijodi zaminida turli xalqlar adabiyotining taraqqiy eta
boshlaganligini ko`rsatadi.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
«Qutadg`i-bilig» dostonining qanday qo`lyozma nusxalari bor?
Dostonning syujeti va kompozitsiyasini aytib bering.
Dostondagi timsollar qanday ma'noni bildiradi?
Dostondagi tarbiyaviy va ta'limiy masalalar nimalarga qaratilgan?
Tayanch iboralar.
1."Qutadg`u bilik" dostoni.
2.Majoziy timsollar.
3.Kuntug`di.
4.Oyto`ldi.
258
5.O`gdulmish.
6.O`zg`urmish.
4-MAVZU: Ahmad Yugnakiy hayoti va ijodi. “Hibatu-l-haqoyiq” asari
R Ye J A :
1. Ahmad Yugnakiy - o`zbek didaktik adabiyoti namoyandasi.
2. Shoirning hayoti va ijodini o`rganish tarixi.
3." Hibatul - haqoyik" dostoni,dostondagi muhim qarashlar.
4. Dostonning tuzilishi va badiiy qimmati.
5. Asarning til hususiyatlari, shoir ijodining turkiy xalqlar adabiyoti rivojidagi o`rni.
Ahmad Yugnakiy iste'dodli shoir va donishmand murabbiydir. Undan saqlanib
qolgan yagona adabiy meros "Hibat-ul-haqoyiq" badiiy so`z san'ati va adabiy tilning juda
qimmatli hamda nodir yodgorligidir.
Ahmad Yugnakiyning hayoti va faoliyati haqida nihoyatda oz ma'lumot saqlanib qolgan.
Uning hayot yillari, ijtimoiy turmushi va boshqalar ma'lum emas. "Hibat-ul-haqoyiq" ning
ayrim misralari va uning nushalariga boshqalar tomonidan yozilgan shoirning hayoti va
faoliyati haqidagi so`zlar, bir oz bo`lsa ham tasavvur hosil qilishga imkon beradi.
"Hibat-ul-haqoyiq" ning matnida kitobning yozilgan yili, joyi, hatto nomi ham
ko`rsatilmaydi. Faqat bir baytda shoir o`z nomini tilga oladi:
Adib Ahmad ayttim adab-pand so`zim,
So`zim shunda qolur borur bu o`zum.
"Adib Ahmad" so`zlari adiblik-shoirlik Ahmad Yugnakiyning asosiy mashg`uloti,
kasbkori bo`lganidan dalolat beradi.
Dostonning bir nusxasidagi Arslonxo`ja Tarxon (XV asr temuriy amaldorlaridan) qaydlarida
quyidagi ma'lumot bor.
Bu qaydlarda shoirning nomi Adib Ahmad, otasining oti Mahmud vatani Yugnak ,
kitobning nomi "Hibat-ul-haqoyiq" («Haqiqatlar armug`oni») ekani ma'lum bo`ladi.
Ahmad Yugnakiy haqidagi ma'lumotlar bizga ("Hibat-ul-haqoiq") dostoni muallifning
yashagan davrini tahmin qilishga imkon beradi.
Birinchi jahon urushi boshlarida turk olimi Najib Osim Istambuldagi Ayo-Sufiya
masjidining kutubxonasida mo`g`ul tilidagi rasoil (risolalar) to`plamiga kiritilgan bir
qo`lyozmani topdi. Qulyozma turkiy tildabo`lib, u mo`g`ilcha xatlar to`plamiga yangilik
kiritgan ekan. Topilgan qo`lyozma ham ilm ahliga ma'lum bo`lmagan Ahmad Yugnakiyning
"Hibat-ul-haqoyiq" dostoni bo`lib chiqdi.
Qo`lyozma hijriy 884 yilning 7 zulqa'da oyida (1480 yilning 30 yanvarida) Istambulda
Abdurazzoq baxshi tomonidan ko`chirilgan bo`lib, kitob XV asrda uyg`ur yozuvi bilan
ko`chirilgan matnga misralardan keyin arabcha transkriptsiyada va fors-tojik tilida ayrim
izohlar ham beriladi. Keyinchalik dostonning yana
bir necha nusxasi, jumladan 1444-45 yillarda ko`chirilgan nusxasi topildi.
Najib Osim "Hibat-ul-haqoyiq" ning 1480 yil nusxasi asosida usmonli turk tiliga qilingan
tarjimasi bilan birga nashr etadi. Unga so`z boshi yozdi, ayrim sharhlar berdi, kichik
grammatik ocherk va lug`at tuzdi. Turk olimi Rashid Rahmat Arat 1915 yilda "Hibat-ul-
haqoyiq" ning yangi qiyosiy nashrini ommalashtirdi.
Sharqshunos olimlaridan Ye.E.Bertels, S.Ye.Malov va boshqalar "Hibat-ul-haqoyiq" ni
o`rganish va uni yoritishda unumli xizmat qildi. (Chunonchi, Ye.E.Bertels dostonni atroflicha
tahlil etib, 1945 yilda ToshDU ilmiy to`plamida katta bir maqola bostirgan edi.
"Hibat-ul-haqoyiq" ning 1480 yilgi nusxasida dostonning yozilgan yili haqida biror ishorat
yo`q. Ahmad Yugnakiy dostonni Dod sipahsolar degan shaxsga bag`ishlaydi.Biroq, bu
259
shaxsning kimligi va qachon o`tgani ham qat'iy aniqlangan emas. Shularga ko`ra dostonning
yozilgan davrini faqat uning tili va uslubiga qarab tahmin qilish mumkin. "Hibat-ul-
haqoyiq"da arxaik elementlar "Qutadg`u bilik" dagiga nisbatan bir muncha kamroq, arabcha,
fors-tojikcha so`zlar esa ko`proq ishlatiladi. Bu "Hibat-ul-haqoyiq" "Qutadg`u bilik" dan bir
muncha keyin, XII asrning oxirlari yoki XIII asrning boshlarida yaratilgan, deb taxmin
qilishga imkon beradi.
Dostonning tuzilishi: "Hibat-ul-haqoyiq" ning 1480 yilda ko`chirilgan nusxasidagi
noma'lum shaxs tomonidan yozilgan qaydda dostonning 14 bobdan iborat ekani aytilgan edi.
Biroq "Hibat-ul-haqoyiq" o`sha 1480 yilda ko`chirilgan nusxasi 235 baytdan iborat bo`lib,
u 11 bobdan tashkil topgan. Kotib Abdurazzoq Baxshi dostonni uning biror
qisqartirilgan variantidan ko`chirgan yoki uning 3 bobi boshqa boblarga kirib ketgan bo`lishi
mumkin. Dostonning birinchi bobi (1-10 baytlar) xudoga, ikkinchi bobi (11-19 baytlar)
payg`ambar va to`rt halifaga bag`ishlangan.
Uchinchi bob (20-33 baytlar) Dod-Sipahsolarga bag`ishlanadi. Aftidan, Dod-Sipahsolar
zamonasining yirik amaldorlaridan biri bo`lgan, chunki doston muallifi uni bir necha o`rinda
"Shohim" deb ataydi. Shoir bu bobda Dod-Sipahsolarning fuqaroparvar, sahovatli va
adolatli kishi deb madh qiladi. Uni dengiz, o`zini esa bu dengizga faqat tomchilar hadya
etuvchi bulutga o`xshatadi. To`rtinchi bob (34-35 baytlar) kitobning yozilishi sababi haqida
bo`lib, shoir uni Dod-Sipohsolarga bir yodgorlik sifatida taqdim qilgani va bu bilan o`z
hayrixohligini ifodalamoqchi bo`lganini ta'kidlaydi (173 betda).
Dostonning 3-4 boblari Ahmad Yugnakiyning Dod-Sipahsolardan in'om va ehson
kutganini ravshan ko`rsatadi. Dostonning dastlabki to`rt bobi uning muqaddima qismi bo`lib,
asosiy qism beshinchi bobdan boshlanadi. Boblar maxsus sarlavhalar bilan berilib, 5-8
boblar nav nomi bilan atalgan va maxsus sira raqamlari bilan berilgan.
Beshinchi bob (40-62 baytlar) bilim maqtovi va johillikning zararligi, oltinchi bob (63-86
baytlar) til odobiga, yettinchi bob sahiylik va bahillikka, to`qqizinchi va o`ninchi boblar
(176-226 baytlar) turli xil masalalarga bag`ishlangan bo`lib, o`n birinchi bob (227-235 baytlar)
kitobning xotimasidir. Avtor xotimada kitobxonga murojaat qiladi.
Ilm va ma'rifat masalalari
Ahmad Yugnakiy O`rta Osiyo ilm- fanning yirik o`choqlaridan biri bo`lib, olamshumul fan
arbobolarini yetishtirgan bir davrda yashadi. U tasavvuf adabiyotining namoyandalari singari
insonning ilmiy faoliyati va qobiliyatini ulug`laydi, mutafakkirlar kabi din-shariat ilmparvar
ekanligini ardoqlaydi.
Balki u Yusuf Xos Hojib kabi ilm-fanni yoqlaydi. Doston Ahmad Yugnakiyning XII asrning
donishmand ma'rifatparvari va ilmning jarchisi sifatida gavdalantiradi. Shoir olim bilan
johilni bir-biriga qarama-qarshi qo`yadi. Olim ilm bilan baxt-saodat yo`lini topsa, johil
nodonligi tufayli ko`rgu-liklarga giriftor bo`ladi.
Ahmad Yugnakiyning bu mulohazalari shubhasiz progressiv ahamiyatga ega. Biroq u
baxtni ilm va baxtsizlikni johillik bilan bog`lab, feodal-klerikal muhitning ijtimoiy-siyosiy
qarama-qarshiliklarini anglash, farq qilib tashlash darajasiga ko`tarila olmaydi. Reaktsion
johil guruhlarni ilm-fanga va ilm-fan ahliga qarshi vahshiyona kurashini tanqid qilmadi.
Nodonlik feodal-klerikal jamiyat ko`pchilikni ilm-ma'rifat boyliklaridan mahrum qilganini
tushunmadi.
Ahloq - odob masalalari : "Hibat-ul-haqoyiq" didaktik doston bo`lib, ahloq-odob
masalalari undagi ko`pchilik boblarning tematik asosini tashkil etadi. Shoir til odobi,
saxiylik, bahillik, kamtorlik, ezgulik va boshqalar haqida xuddi Yusuf Xos Hojib kabi
zamonasining peshqadam murabbiysi sifatida fikr yuritib, kishilarga o`git beradi.
Shunday qilib, Ahmad Yugnakiy zamonasining progressiv donishmandi va
murabbiysidir. Bu jihatdan Yusuf Xos Hojibga qaraganda ancha ilgarilab ketgan edi. Biroq u
Yusuf Xos Hojib kabi, ahloqning ijtimoiy-sinfiy mohiyatini, yaramas hislatlarini tug`dirgan
manbalarini, tuzatish choralarini din va shariatdan izladi.
260
Din va shariat haqida: Ahmad Yugnakiy Islom dinini e'tirof qiladi va uni ideallashtiradi.
Dostonning dastlabki misralarini xudoga, Muhammad payg`ambar va to`rt halifaga atab,
qur'on oyatlarini keltiradi. Shoirning diniy xurofiy tushunchalari doston muqaddimasi bilan
chegaralanib qolmaydi, balki u boblardagi ayrim masalalarning mohiyatiga singib borib,
shoirning fikr mulohazalaridagi ziddiyatlarni chuqurlashtiradi. Yo`qsil va qashshoq kishilarning
turmushiga achinib, himmatsiz davlatmandlarni qoralab, ularni muruvvatli va marhamatli
bo`lishga undaydi. Shoir boylik va qashshoqlikni xudoning "amr-irodasi", "taqdiri azal" bilan
bog`laydi.
"Hibat-ul- haqoyiq" dagi taraqqiyparvar progressiv qarashlar bilan reaktsion
tushunchalar o`rtasidagi kurash faqat Ahmad Yugnakiyning dunyoqarashidagi ziddiyatlar va
uning ichki dramasi bo`lmay, balki birinchi navbatda doston yaratilgan davr qarama-
qarshiliklarining in'tisosidir. Doston Ahmad Yugnakiyning mana shu qarama-qarshiliklar bilan
yashaganini, uning reaktsion qarash va tushunchalarini butunlay uloqtirib tashlashga ojiz
bo`lganini, lekin shunga qaramay, ilm-ma'rifat va yaxshi hulq-odobning jarchisi ekanini
ko`rsatadi.
Dostonning badiiy hususiyatlari. "Hibat-ul-haqoyiq" muallifi biror voqeani, sarguzashtni
hikoya qilish vazifasini emas, balki ilm-ma'rifat, ahloq - odob va boshqa masalalar haqida
mulohaza yuritib, kishilarga o`git berish vazifasini o`z oldiga qo`yadi. Doston didaktik doston
bo`lib, bu uning badiiy xususiyatlari va uslubini belgilaydi. Balki dostonda voqea, syujet
bo`lmasa ham, uning boblari mazmuni va mohiyati bilan o`zaro uzviy bog`lanib, bir butun
kompozitsion ko`rilishni vujudga keltiradi. Avtor dostonning boblarida turli xil ob'ekt, hislat va
tushunchalarni muqoyasa qilish va ularni bir-biriga qarama-qarshi qo`yish asosida ulardan
har birining o`ziga xos ijobiy yoki salbiy tomonini ochadi. Yaxshilarni e'tirof va targ`ib
qiladi, yomonlarni qoralaydi va rad etadi. Dostonning lirik qahramoni - Ahmad Yugnakiy
qiyofasida, bir tomondan ma'rifatparvar va xalqchil kishini, ikkinchi tomondan esa
"taqdirga" ko`nikuvchi kishini va ular o`rtasida ziddiyatlar davom etganini ko`ramiz. Ahmad
Yugnakiy badiiy til vositalari, xalq maqollari va ta'birlarini qo`llash orqali asarning badiiyligini
hiyla oshirishga muvaffaq bo`lgan.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
Ahmad Yugnakiyning didaktik adabiyot namoyandasi ekanini so`zlang.
Ahmad Yugnakiyning «Hibbatul-haqoyiq» dostonida qanday masalalar qo`yilgan?
«Hibbatul-haqqoyiq» dostonidagi haqiqat, ma'rifat, shariat va tariqat masalalari qanday
yoritilgan?
Shoir ijodining tasavvufga munosabati qanday?
Tayanch iboralar.
1.Ahmad Yugnakiy ijodi.
2.Ahmad Yugnakiyning didaktikasi.
3."Hibat-ul-Haqoyiq".
4."Hibat-ul-Haqoyiq"ning boblari.
5."Hibat-ul-Haqoyiq"ning mazmuni.
6."Hibat-ul-Haqoyiq"ning g`oyasi.
7."Hibat-ul-Haqoyiq"ning nusxalari.
F O Y D A L A N I L G A N A D A B I Yo T L A R :
1. Qadimiy hikmatlar. Toshkent, 1987 y. 414-428 betlar.
2. Mallaev N.M. O`zbek adabiyoti tarixi. I kitob, Toshkent,
1976 y. 130-160 betlar.
3. O`zbek adabiyoti tarixi. I tom, Toshkent, 1978 y. 131-140
betlar.
4. Mahmudov K. Ahmad Yugnakiyning "Hibat-ul-haqoyiq" asari haqida. Toshkent, 1972 y.
261
Do'stlaringiz bilan baham: |