www.ziyouz.com kutubxonasi
98
xursand bo‘lmaymiz. Ayblarni yo‘qotishga harakat ham qilmaymiz, balki nasihatgo‘yning
so‘zini o‘ziga qaytarish bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Unga o‘zing ham falon, falon ishlarni
qilasan-ku, deymiz. U bilan o‘rtamizdagi adovat uning nasihatlaridan foydalanishdan
bizni to‘sib qo‘yadi. Bular gunohlarning ko‘pligidan hosil bo‘lgan qalb qoraligi sabablidir.
Bular hammasining asli iymonning zaifligidandir.
Alloh azza va jalladan bizni to‘g‘ri yo‘lga ilhomlantirishini, ayblarimizni ko‘rsatib
qo‘yishini, ayblarimizni davolash bilan mashg‘ul qilib qo‘yishini, kamchiliklarimizdan
xabardor qiladigan kishilarga tashakkur aytishga muvaffaq qilishini O’zining fazli va
ehsoni bilan so‘raymiz.
Uchinchisi - o‘z ayblarini dushmanlari tilidan bilib olish. Chunki g‘azab ko‘zi (ya’ni,
dushmanning g‘azablangan vaqtdagi qarashi) kamchiliklarni oshkor qilib yuboradi.
Ehtimol, insonning ayblarini zikr qiluvchi, ginachi dushmanidan foyda ko‘rishi doim uni
maqtaydigan va ayblarini berkitadigan, tilyog‘lamachi do‘stidan foydalanishidan
ko‘proqdir. Lekin inson tabiati dushmanning so‘zini yolg‘onga chiqaradigan va u
gapirayotgan so‘zni hasadgo‘ylikka yo‘yadigan qilib yaratilgan. Ammo ko‘zi ochiq inson
dushmanining so‘zidan foydalanib qolishdan voz kechmaydi, chunki uning kamchiligi
dushmanlarining tillari bilan ochilishida shak yo‘q.
To‘rtinchisi - insonlarga qo‘shilib yurish. Xalq o‘rtasida yomonlangan har bir narsani o‘z
nafsidan axtarsin va uni ana shu yomonlikka nisbat bersin. Chunki mo‘min mo‘minning
oynasidir. Boshqa kishining aybi orqali o‘z aybini ko‘rib oladi. Tabiatlar havoyi nafsga
ergashishda bir-biriga yaqinligini ham biladi. Tengdoshlardan biri nima bilan sifatlansa,
ikkinchisi ham shu sifatning aslidan yoki undan ham kattaroqdan yo o‘sha sifatning biror
narsasidan ham xoli bo‘lmaydi. O’z nafsini tekshirsin va uni boshqalar yomonlaydigan
narsalardan poklasin. Mana shularning o‘zi sizga odob berishga kifoya qiladi. Agar
insonlarning har biri boshqalarda yomon ko‘radigan narsalarini tark qilganlarida edi, ular
odob beruvchilardan behojat bo‘lishardi.
Iso alayhissalomga «Sizga kim odob-axloqni o‘rgatgan?» deyishdi. Shunda u kishi:
«Menga odobni hech kim o‘rgatgan emas, (balki) nodon kishining nodonligini ayb deb
ko‘rdim, undan saqlandim», dedilar. Bularning hammasi taqvodor, ziyrak, nafsning
ayblarini ko‘ruvchi, dinda nasihatgo‘y, o‘z nafsini poklab bo‘lgan, Alloh taoloning
ibodatgo‘y bandalarini poklash bilan mashg‘ul bo‘lib, ular uchun nasihatgo‘y bir shayx
topa olmagan kishilarga aytilgan yo‘ldir. Ammo kim o‘ziga mana shunday shayxni
topgan bo‘lsa, u o‘ziga bir tabib topibdi. Uni mahkam ushlasin va shu tabib kasalidan
xalos qiladi. Yaqiniga kelib qolgan halokatdan qutqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |