Ojizlik deyilganda, jabrlanuvchining jinoyatchiga jismoniy qarshilik ko‘rsata olmasligi, o‘zining shaxsiy
manfaatlari va huquqlarini, qadr-qimmatini himoya eta olmasligi, kutilayotgan xavfdan qocha olmasligi yoki
o‘zini chetga ololmasligi tushuniladi.
Ojizlik kasallik, mastlik, giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish va boshqalar tufayli yuzaga kelishi
mumkin.
Ko‘p miqdorda zarar yetkazish tushunchasi Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limida berilgan bo‘lib,
bunda shaxs eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda zarar yetkazilishiga
olib kelgan birovning mulkini qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazishda ifodalangan bezorilik
harakatlari uchun Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 2-qismi, «e» bandi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka
tortiladi.
Mulkni nobud qilish deganda, uni to‘la yaroqsiz holatga keltirish tushuniladi. Mulkka shikast yetkazish
deganda, uni qisman yaroqsiz holatga keltirish tushuniladi.
Agarda, bezorilik harakatlari natijasida ancha miqdordagi zarar yetkazilganda va aybdorning ko‘p va juda
ko‘p miqdorda zarar yetkazish maqsadi bo‘lgan-u, biroq o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ana shu
maqsadini amalga oshira olmaganligi isbotlansa, bu hol tahlil qilinayotgan 277-moddasi, 2-qismi, «e» bandi
va 25-moddaga binoan suiqasd, deb baholanadi.
Mazkur moddaning 3-qismida:
a) takroran va xavfli retsidivist tomonidan;
b) o‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoki qo‘llab;
d) ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan paytda;
e) jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud
bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan
bezorilik jinoyati uchun javobgarlik belgilangan.
Ommaviy tadbir deganda, belgilangan tartibda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, jamoat
birlashmalari, shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tashkil etilgan rasmiy tadbir (bayram
sayillari, namoyishlar, mitinglar, majlislar, saylovlar, xalq hasharlari va h.k.)lar tushuniladi
1
.
Hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish qasddan zarba berishda, urishda, badanga yengil va o‘rtacha og‘ir
shikast yetkazishda, jismoniy og‘riq berish kabi faol harakatlarda ifodalanadi.
Bunday holatlarda aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 3-qismi, «g» bandi bilan
qamrab olinadi va sog‘liqqa zarar yetkazganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan moddalar bo‘yicha
qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
Agar bezorilikni amalga oshirish jarayonida jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat
vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa
fuqarolarga og‘ir tan jarohati yetkazilsa, aybdorning harakatlari jinoyatlarining jami bo‘yicha Jinoyat
kodeksining 104-moddasi bilan ham kvalifikatsiya qilinadi.
B. Qonunga xilof ravishda qimorxonalar
tashkil etish yoki ularni saqlash
(Jinoyat kodeksining 278-moddasi)
Jinoyatning obyekti jamoat tartibi, jamoat xavfsizligi hisoblanadi. Obyektiv tomondan jinoyat
qimorxonalar tashkil etish va saqlashda ifodalanadi.
Qimorxona – har qanday vaqtda yoki belgilangan soatlarda pulga, moddiy boyliklarga yoki boshqa
manfaatdorlikka asoslangan har qanday o‘yin o‘tkazishga mo‘ljallangan xona demakdir. Qimorxona deb
topishning zaruriy belgisi unga doimiy ravishda ma’lum bir maqsad yuzasidan shaxslar to‘dasi tomonidan
tashrif buyurilishi, shuningdek, qimorxonaning doimiy faoliyat yuritishidir.
Qimorxonani tashkil etish deganda, qimorxona uchun xona izlash, uni zarur ashyolar (mebellar, o‘yin
asboblari) bilan jihozlash, mijozlarga xizmat ko‘rsatadigan shaxslarni qidirish kabi harakatlar tushuniladi.
Subyektiv tomondan jinoyat qasddan sodir etiladi. Jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun uning maqsadi va
motivi ahamiyatga ega emas. Jinoyatning subyekti faqat qimorxonalarning tashkilotchilari yoki saqlovchilari
bo‘lishi mumkin.
Qimorxonaning mijozlari mazkur jinoyatning subyektlari bo‘lishi mumkin emas.
1. Bezorilik nima?
2. Jamoat tartibi deganda nima tushuniladi?
3. Jinoiy javobgarlikka tortiluvchi bezorilikning mayda bezorilikdan farqi.
4. Bezorilik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarni ko‘rsating.
5. Sovuq va o‘qotar qurollarga nimalar kiradi?
6. Qimorxonaga ta’rif bering.
7. Qimorxonalar tashkil etish deganda nima tushuniladi?
8. Qimorxona saqlash deganda nima tushuniladi?
7-bob. HARBIY XIZMAТNI O‘ТASH ТARТIBIGA QARSHI JINOYAТLAR
Do'stlaringiz bilan baham: |