B. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni
oshkorlashtirish (legallashtirish)
(Jinoyat kodeksining 243-moddasi)
Mazkur jinoyatning obyekti respublika iqtisodiy faoliyatining manfaatlari, jamoat xavfsizligi hisoblanadi.
Jinoiy faoliyat natijasida aybdor qo‘lga kiritgan pul mablag‘lari yoxud boshqa mulk ko‘rib chiqilayotgan
jinoyatning predmeti hisoblanadi.
Obyektiv tomondan jinoyat quyidagi harakatlarni amalga oshirish orqali sodir etilishi mumkin, ya’ni
jinoiy faoliyat natijasida olingan mulkni:
1) o‘tkazish;
2) aylantirish;
3) almashtirish;
4) mulkning asl xususiyatini, manbayini, turgan joyini, tasarruf etish, tashilish usulini, mulkka nisbatan
haqiqiy egalik huquqining yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoki sir saqlash.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromad deganda, shaxsning bunga qonuniy asoslari bo‘lmay turib, qonunga
xilof ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida olingan daromadi tushuniladi.
O‘tkazish deganda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar bilan banklarda bank omonati shartnomasi
bo‘yicha biron-bir moliyaviy operatsiyani o‘tkazish tushuniladi.
Aylantirish deganda, har qanday fuqarolik huquqiy bitimlari: oldi-sotdi, almashish, hadya qilish
shartnomalarining tuzilishi va h.k.lar yoxud jinoiy faoliyat natijasida olingan daromadlarning qonuniy
tadbirkorlik yoki ishlab chiqarish tuzilmasini tashkil etish yoxud faoliyatini ta’minlashga sarflanishini
tushunish kerak. Almashtirish deganda, so‘mlarning boshqa chet el valutasiga konvertatsiya qilish
tushuniladi.
Ko‘rib chiqilayotgan modda dispozitsiyasida sanab o‘tilgan harakatlardan birontasi sodir etilgan paytdan
e’tiboran jinoyat tugallangan, deb e’tirof etiladi.
Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Sodir etilish motivi va ko‘zlangan maqsad
jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir etmaydi. Aksariyat hollarda, jinoyat jinoiy faoliyatdan olingan
daromadlarni oshkorlashtirish maqsadlarida ham sodir etiladi. Ushbu jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan
va jinoiy faoliyat natijasida olingan daromadlarni oshkorlashtirishda ishtirok etgan shaxs hisoblanadi.
D. Ommaviy tartibsizliklar
(Jinoyat kodeksining 244-moddasi)
Mazkur jinoyatning obyekti jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi, odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, o‘zganing
mulki hisoblanadi.
Jinoyat obyektiv tomondan:
1) qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib
shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish,
hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarda;
2) ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashishda ifodalanadi.
Ommaviy tartibsizliklar uyushtirish deganda, shaxsning ommaviy tartibsizliklarni tayyorlashga qaratilgan
har qanday harakatini, masalan, ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilarini tayyorlash, rahbariyat yadrosini
tashkil etish, reja tuzish, ommaviy tartibsizliklar uyushtiriladigan joyni va vaqtini tanlash, plakatlar, shiorlar,
varaqalar tayyorlash va h.k.larni tushunish zarur.
Ko‘rib chiqilayotgan modda dispozitsiyasiga muvofiq, ommaviy tartibsizliklar shaxsga nisbatan zo‘rlik
ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, qurol yoki qurol sifatida
foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib, hokimiyat vakiliga qarshilik
ko‘rsatish bilan birgalikda sodir etilishi lozim.
Shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish deganda, jabrlangan shaxslarga nisbatan ham ruhiy, ham jismoniy
tazyiq o‘tkazilganligini tushunish zarur. Ruhiy zo‘rlik ishlatish o‘ldirish, sog‘lig‘iga shikast yetkazish,
mulkini nobud qilish yoxud unga shikast yetkazish bilan qo‘rqitishda ifodalanishi mumkin. Ommaviy
tartibsizliklarni sodir etish vaqtida ruhiy zo‘rlik ishlatishda aybdor bo‘lgan shaxslarning harakati faqat ko‘rib
chiqilayotgan modda bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitganlik uchun
javobgarlik nazarda tutilgan modda bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
Jismoniy zo‘rlik ishlatish deganda, jabrlanuvchini kaltaklash, do‘pposlash, badanga yengil yoki o‘rtacha
og‘ir shikast yetkazishni tushunish zarur. Ommaviy tartibsizliklarni sodir etish vaqtidagi odam o‘ldirilgan
bo‘lsa, qilmish jinoyatlar jami bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi zarur.
Qirg‘in solish deganda, fuqarolarga nisbatan zo‘rlik ishlatilishini, moddiy boyliklar (transport, uylar,
inshootlar va h.k.) yakson qilinishini tushunish zarur. O‘t qo‘yish biron-bir mulkning, inshootning,
transportning yoki boshqa narsalarning yoqib yuborilishidir.
Mulkni nobud qilish deganda, uni batamom yaroqsiz holga, ya’ni mulkning ko‘zlangan maqsadda
foydalanib bo‘lmaydigan holga keltirilishini tushunish zarur.
Quroldan foydalanish deganda, vazifasidan kelib chiqib (jonli nishonni nobud qilish maqsadida o‘q otish,
inshootlar, uylar, transportni yakson qilish) quroldan bevosita foydalanilishini tushunish zarur. Qurollar o‘q
otuvchi yoki sovuq qurol bo‘lishi mumkin.
Qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalar deganda, fizikaviy xususiyatlariga ko‘ra, ulardan
foydalanilganda shaxsga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday jismni tushunish kerak.
Ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish deganda, aybdor shaxslarning shaxsga nisbatan zo‘rlik
ishlatishi, qirg‘in solishi, o‘t qo‘yishi, mulkka shikast yetkazishi yoki uni nobud qilishi, qurol yoki qurol
sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatishda bevosita
ishtirokini tushunish zarur.
Jinoyat tahlil etilayotgan modda dispozitsiyada nazarda tutilgan harakat sodir etilgan paytdan e’tiboran
tugallangan, deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan ushbu jinoyat qasddan sodir etiladi, sodir etilish motivi va ko‘zlangan maqsad
jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta’sir etmaydi. Jinoyatning motivi millatchilik, hokimiyatni egallashga intilish,
g‘araz, bezorilik va h.k.lar bo‘lishi mumkin. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, faqat ommaviy tartib-
sizliklarning tashkilotchilari va faol qatnashchilari hisoblanadi.
Ommaviy tartibsizliklarning boshqa qatnashchilari ommaviy tartibsizliklar vaqtida o‘zlari sodir etgan
jinoyatlar uchungina javob beradilar. Agar ommaviy tartibsizliklarning tashkilotchilari yoki faol
qatnashchilari 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu holda ular ommaviy tartibsizliklar vaqtida o‘zlari sodir etgan
muayyan jinoyatlari uchun, masalan, odam o‘ldirish, o‘zgalar mulkini nobud qilish, zo‘rlab nomusga
tekkanlik uchun javob berishlari kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |