(Jinoyat kodeksining 170-moddasi)
Ushbu jinoyatning obyekti o‘zganing mulki, ya’ni har xil shartnomaviy va boshqa majburiyatlardan kelib
chiquvchi mulkiy munosabatlar hisoblanadi. Mulk shaklidan qat’iy nazar, har qanday mulk jinoyatning
obyekti bo‘lishi mumkin.
Obyektiv tomondan jinoyat, talon-taroj alomatlari bo‘lmagani holda aldash yoki ishonchni suiiste’mol
qilish yo‘li bilan mulkdorga ancha miqdorda zarar yetkazishdan iborat.
Ancha miqdordagi zarar deganda, eng kam oylik ish haqining o‘ttiz barobaridan yuz barobarigacha
bo‘lgan miqdordagi zarar tushuniladi. Agar eng kam oylik ish haqining o‘ttiz barobaridan kam bo‘lgan
miqdorda zarar yetkazilsa, Jinoyat kodeksining 170-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan jinoyat tarkibi
mavjud bo‘lmaydi. Bu moddada ko‘zda tutilgan «aldash» va «ishonchni suiiste’mol qilish» tushunchalari
firibgarlikdagi xuddi shunday tushunchalar bilan bir xildir.
Biroq, firibgarlikni sodir etishda aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish o‘zganing mulkini qo‘lga
kiritish usuli bo‘lsa, mulkiy zarar yetkazishda esa aldash va ishonchni suiiste’mol qilish o‘zganing mulkini
tortib olish usuli bo‘lmay, balki mulkdor uchun foydaning boy berilishiga sabab bo‘ldi. Aldash yoki
ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan jinoyatchi hali kelib tushmagan, lekin shartnomaviy yoki boshqa
majburiyatga muvofiq, mulk egasiga kelib tushishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari yoki moddiy boyliklarni
o‘zi yoki boshqa shaxslar foydasiga olib, mulkdorga zarar yetkazadi.
Sud tergov amaliyotida ushbu jinoyatni sodir etishning turli shakllari uchraydi. Masalan, elektr
hisoblagichni tarmoqdan uzib qo‘yish va elektr energiyasidan bepul foydalanish, kassir yoki provodnikning
chiрtasiz yurganligi uchun yo‘lovchilardan pul olishi; bajarilgan ish uchun mijozlar to‘lagan pulning turli
xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan o‘zlashtirilishi va h.k. shakllarda sodir etish mumkin.
Тahlil etilayotgan jinoyat moddiy tarkibli hisoblanadi va mulkdorga yoki mulk egasiga ancha miqdorda
zarar yetkazilgan paytdan e’tiboran tamom bo‘lgan deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat bila turib, to‘g‘ri qasd bilan tamagirlik maqsadida sodir etiladi. Jinoyatning
subyekti 16 yoshga to‘lgan, har qanday aqli raso shaxs bo‘lishi mumkin.
Mansabdor shaxslar o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib jinoiy harakatlar sodir etganlarida, ularning
qilmishlari xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish yoki pora olish, deb kvalifikatsiya qilinadi.
Jinoyat kodeksining 170-moddasi, 2-qismida:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) moddiy javobgar shaxs tomonidan;
d) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar
yetkazganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Mulk ishonib topshirilgan yoki shartnoma, bitim, topshiriqqa muvofiq yoki faoliyati turiga ko‘ra
mulkdorning jamg‘armasi uchun pul mablag‘larini yig‘ish topshirilgan shaxs moddiy javobgar shaxs
deyiladi. Ko‘p miqdordagi zarar deganda, eng kam oylik ish haqining yuz barobaridan uch yuz barobarigacha
bo‘lgan miqdordagi zarar tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: