B. O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish
Jinoyat kodeksining 103-moddasi ikki qismdan iborat bo‘lib, ushbu jinoyatning obyekti boshqa odamning
hayotidir. Bu jinoyat obyektiv tomondan moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram
bo‘lmagan (Jinoyat kodeksining 103-moddasi, 1-qismi) yoxud moddiy yoki boshqa jihatdan qaram bo‘lgan
(Jinoyat kodeksining 103-moddasi, 2-qismi) shaxsga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-
qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd
qilish darajasiga yetkazishda ifodalanadi.
Aybdorning sodir etgan qilmishini Jinoyat kodeksining 103-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun
o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilish darajasiga yetkazish aybdorning jabrlanuvchiga
nistaban rahmsiz muomala qilishi yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitishi natijasi
ekanligini aniqlash zarur.
Rahmsiz muomala qilish deganda, jabrlanuvchiga jismoniy yoki ruhiy azob beradigan qo‘pol, beshafqat
muomala qilish (masalan, kaltaklash, urish, uy-joydan, issiqlikdan, ovqatdan, suvdan, tirikchilik vositalaridan
mahrum qilish, ishdan asossiz bo‘shatish) hollari tushuniladi.
Aybdorni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortishga jabrlanuvchiga
nisbatan rahmsiz muomala qilganligini ko‘rsatuvchi bitta hodisaning aniqlanganligi yetarlidir.
Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish deganda, jabrlanuvchining sha’ni va
qadr-qimmatini uzoq vaqt mobaynida muntazam (uch va undan ortiq marta) kamsitish (masalan, tuhmat qilib
aytilgan gaplar, haqorat qilish, ta’qib (quvg‘in) qilish va h.k.)lar tushuniladi. Shaxsning sha’ni va qadr-
qimmatini bir marta kamsitish jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘la olmaydi.
Ayrim hollarda haqiqiy ma’lumotlarni hayosizlarcha, masxaraomuz, haqoratomuz shaklda muttasil
ravishda tarqatish ham o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish usuli, deb topilishi mumkin.
Jabrlanuvchining o‘zini o‘zi o‘ldirishi (o‘lim sodir bo‘lishi) yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilishi
jinoyatning zaruriy belgisi hisoblanadi. Agar bunday oqibatlar bo‘lmasa, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga
yetkazish jinoyatining tarkibi bo‘lmaydi. Biroq, aybor shaxsning harakatlarida boshqa jinoyatlar (masalan,
haqorat qilish, tuhmat qilish)ning alomatlari bo‘lsa, u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksining 103-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun
jabrlanuvchining o‘ziga nisbatan rahmsiz muomala qilinishi yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil
ravishda kamsitilishi natijasida o‘zini o‘zi o‘ldirgani yoki unga suiqasd qilganligini, ya’ni aybdorning
muomalasi va yuz bergan oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish mavjudligini aniqlash kerak.
O‘zini o‘zi o‘ldirish yoki unga suiqasd qilish, o‘ynash bo‘lish, nikoh tuzishni rad etish, er-xotindan
birining vafosizligi, qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatish, lavozimini pasaytirish kabilarning natijasi
bo‘lsa, shaxsning qilmishi Jinoyat kodeksining 103-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas.
Agar jabrlanuvchi moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lmasa aybdor Jinoyat
kodeksining 103-moddasi, 1-qismi bilan, basharti, bunday qaramlik bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 103-moddasi,
2-qismi bilan javobgarlikka tortiladi.
Jabrlanuvchini qasddan o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilish darajasiga
yetkazishni xohlagan aybdorning qilmishi jinoyatning sodir etilish motivlarini va Jinoyat kodeksining 97-
moddasi tegishli qismini hisobga olgan holda, qasddan odam o‘ldirish sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Agar o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilish darajasiga yetkazish chog‘ida shaxs
jabrlanuvchiga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazsa, aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksining
fuqarolar sog‘lig‘iga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan
kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Subyektiv tomondan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish egri qasd yoki ehtiyotsizlikdan sodir etiladi.
Jinoyat egri qasd bilan sodir etilganda aybdor jabrlanuvchining o‘zini o‘zi o‘ldirishi mumkinligiga ko‘zi
yetadi va uning o‘zini o‘zi o‘ldirishga yo‘l qo‘yib beradi.
Jinoyat ehtiyotsizlikdan sodir etilganida aybdor shaxs o‘zini o‘zi o‘ldirishning oldi olinishidan kaltabinlik
bilan umidvor bo‘ladi (jinoiy o‘z-o‘ziga ishonish) yoki aybdor jabrlanuvchining o‘zini o‘zi o‘ldirishga ko‘zi
yetmaydi. Aybdor ish holatlariga ko‘ra, o‘zining harakatlari jabrlanuvchining o‘zini o‘zi o‘ldirishiga sabab
bo‘lishini oldindan ko‘ra bilishi mumkin va lozim.
Ushbu jinoyatning subyekti Jinoyat kodeksining 103-moddasi, 1-qismi bo‘yicha 16 yoshga to‘lgan
shaxs, 2-qismi bo‘yicha esa, jabrlanuvchi moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan qaram bo‘lgan shaxs
hisoblanadi.
Moddiy tomondan qaram deganda, jabrlanuvchi moddiy jihatdan aybdorga bog‘liq bo‘lgan hollar
(aybdordan pul, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va h.k. olishi) tushuniladi. Bu, qoida tariqasida,
ishlamayotgan shaxsning ishlab turgan shaxsga, farzandlarning ota-onalariga, ishlamayotgan ota-onaning
moddiy daromadga ega bo‘lgan farzandlariga qaramligi va h.k. bo‘lishi mumkin.
Boshqa jihatdan qaram deganda, xizmat yuzasidan yoki boshqa qaramlik tushuniladi (masalan,
xodimning boshliqqa, o‘quvchining o‘qituvchisiga, aspirantning ilmiy rahbarga tobeligi, qarindoshlarga
qaramlik, vasiylik va homiylik amalga oshirilishi munosabati bilan qaramlik va h.k.) tushuniladi.
1. Shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlarning jamiyat uchun ijtimoiy xavfliligi darajasining yuqoriligi nimalarda namoyon bo‘ladi?
2. Qanday prinsiрga asosan odam o‘ldirish jinoyatlari turlarga ajratilgan?
3. Odam o‘ldirish jinoyati obyektining xususiyatlari nimadan iborat? Jinoyat huquqi nazariyasida hayotning boshlanishi va
tugatilishi deganda nima tushuniladi?
4. Og‘irlashtiruvchi holatlardan, qasddan odam o‘ldirish jinoyatining o‘ziga xos xususiyatlarini bayon eting.
5. Qanday holatlar qasddan odam o‘ldirish jinoyatining aybni og‘irlashtiruvchi holatlari deyiladi?
6. O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarish munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini qasddan o‘ldirish
deganda nima tushuniladi?
7. Boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda qasddan odam o‘ldirishni ommaviy tartibsizliklar jarayonida odam
o‘ldirishdan qanday farqlash mumkin?
8. O‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirishning belgilarini izohlang.
9. Xavfli va o‘ta xavfli retsidivist deganda kimlar tushuniladi?
10. Boshqa jinoyatni yashirish yoki sodir etilishni yengillashtirish maqsadida qasddan odam o‘ldirish jinoyatining, takroran yoki
xavfli retsidivist tomonidan qasddan odam o‘ldirish jinoyatidan farqi.
11. Onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirishi jinoyati uchun javobgarlikning shartlarini bayon eting.
12. Qasddan odam o‘ldirishning kuchli ruhiy hayajonlanish holatida odam o‘ldirishdan, onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan
o‘ldirishidan, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib qasddan odam o‘ldirishdan farqi.
13. Zaruriy mudofaa tushunchasi hamda zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deganda nima tushuniladi?
14. Qilmishni Jinoyat kodeksining 101-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun qanday asoslar mavjud bo‘lishi kerak?
15. Ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirishning qasddan odam o‘ldirishdan farqi.
16. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib qasddan odam o‘ldirish
jinoyatini kvalifikatsiya qilishning qanday shartlar mavjud?
17. O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish jinoyatini kvalifikatsiya qilishga ta’sir qiluvchi omillar nimalardan iborat?
Do'stlaringiz bilan baham: |