Kishi a’zosining ishdan chiqishi yoki uning faoliyatini butunlay yo‘qolishiga sabab bo‘lgan badanga
og‘ir shikast yetkazish. Yuqorida keltirilgan «Qoidalar»ga binoan, badanga og‘ir shikast yetkazishlar
jumlasiga kishi a’zosining ishdan chiqishi yoki uning faoliyati yo‘qolishi alomati sifatida qo‘l, oyoq
funksiyalari, eshitish, so‘zlash, nasl qoldirish qobiliyatining ishdan chiqishi yoki tamoman yo‘qotilishi kiradi.
A’zoning ishdan chiqishi deganda, insonning hayot faoliyatida organizmining faqat o‘zigagina xos
bo‘lgan vazifani bajaradigan har qanday, shu jumladan, juft a’zoning (ichki, tashqi) ishdan chiqishi
tushuniladi. Amaldagi qonunga muvofiq, og‘ir tan jarohatlarining bu turiga:
a) ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish – har ikki ko‘zning batamom ko‘rmay qolishi yoki ko‘rish qobiliyatining
2 metr va bundan kam masofada barmoqlarni sanay olmaydigan darajada pasayishi (ko‘rish o‘tkirligi 0,04 va
past). Bitta ko‘zning ko‘r bo‘lib qolishi ham mehnat qobiliyatini uchdan bir qismini barqaror yo‘qotish
singari og‘ir tan jarohatlari jumlasiga kiradi;
b) eshitish qobiliyatini yo‘qotish – to‘la karlik yoki shunday tuzalmas holat, bunda jabrlanuvchi quloq
chanog‘idan 3–5 sm masofadagi og‘zaki so‘zlashuvni eshitmaydi. Bitta quloqning kar bo‘lib qolganligini
a’zo faoliyatining butunlay yo‘qotilgan deb e’tirof etilmaydi va u umumiy mehnat qobiliyatining 15 %
yo‘qotilishiga tenglashtirilishi bois, o‘rtacha og‘ir tan jarohati, deb hisoblanadi;
d) so‘zlash qobiliyatini yo‘qotish – jabrlanuvchida o‘z fikrlarini atrofdagilar uchun tushunarli, birikkan
tovushlar bilan ifodalash imkoniyati yo‘qligini, shuningdek, so‘zlash qobiliyati odam organizmining bir qismi
sifatida yo‘qotilishini bildiradi;
e) qo‘l yoki oyoqni yo‘qotish – tanadan ularning ajralib ketishi yoki ularning o‘z vazifasini bajarish
qobiliyatidan mahrum bo‘lishi; bunda jabrlanuvchi shu a’zolaridan foydalanish imkoniyatini batamom
yo‘qotadi (oyoq tayanch yoki harakat faoliyatini yo‘qotadi, qo‘l ishlamay qoladi). Qo‘lni tirsak, oyoqni
tizzadagi past bo‘lmagan darajada kesib tashlash ularni yo‘qotish, deb hisoblanadi. Qolgan barcha hollar qo‘l
yoki oyoqning bir qismini yo‘qotish, deb qaraladi va ular mehnat qobiliyatining qay darajada
yo‘qotilganligiga qarab baholanmog‘i lozim;
f) nasl qoldirish qobiliyatini yo‘qotish – jinsiy aloqa qilish qobiliyatini yo‘qotishdan yoki urug‘lanish,
homilador bo‘lish va bola tug‘ish qobiliyatini yo‘qotishdan iborat. Shaxsning tashqi jinsiy a’zolari
shikastlanishi oqibatida rosmana jinsiy aloqa qilish qobiliyati yo‘qolsa yoxud ayol bachadon, tuxumdon yoki
naychalar shikastlanishi oqibatida homilador bo‘lish, homilani normal olib yurish va ko‘zi yorish
imkoniyatidan mahrum bo‘lsa, shikast og‘ir, deb topiladi. Erkaklarda nasl qoldirish qobiliyatini yo‘qotish
urug‘lantirish qobiliyatini yo‘qotishda namoyon bo‘ladi.
Homilaning tushishi. Homilaning tushishi og‘ir tan jarohatlari jumlasiga kiradi, chunki uning, hatto
tibbiyot muassasasida tushishi homilador ayolning sog‘lig‘i yoki hayoti uchun xavflidir.
Homila zo‘rlik ishlatilishi natijasida tushganida esa, bu xavf yanada oshib ketadi. Bundan tashqari,
homilaning tushishi natijasida ayol onalikdan mahrum bo‘ladi, homila nobud bo‘ladi, hayot uziladi, ayol
vujudiga og‘ir ziyon yetadi. Bunday qilmish tufayli ayolga jiddiy ma’naviy, ruhiy ziyon yetkaziladi va bu hol
uning ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Homilaning tushishi nafaqat jismoniy, balki ruhiy zo‘rlik ishlatish
(hujum tufayli qattiq qo‘rqish, cho‘chish va h.k.) natijasida ham sodir bo‘lishi mumkin.
Homiladorlik muddati jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun ahamiyatsizdir. Biroq, har bir muayyan holda
aybdorning qasdi jabrlanuvchining homilasi tushishi mumkinligini qamrab olganligini aniqlash zarur.
Shubhasiz, ayolning homilasi katta bo‘lsa va homiladorlik alomatlari ochiq-oydin uning gavdasida
ko‘rinib turgan bo‘lsa, qilmishni kvalifikatsiya qilish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ammo jabrlanuvchining
homilasi kichkina bo‘lsa va aybdor bundan bexabar bo‘lsa, homilaning tushishida uni aybdor, deyish mumkin
emas. Bunday holatlarda aybdor jabrlanuvchining sog‘lig‘iga yetkazilgan aniq shikast uchun javob berishi
kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |