Badanga jinoiy shikast yetkazishning zaruriy alomatlaridan biri uning g‘ayriqonuniyligidir. Sog‘liqqa
qasddan yoki ehtiyotsizlikdan zarar yetkazilishini g‘ayriqonuniy, deb tushunish lozim.
Shubhasiz, shaxs zaruriy mudofaa holatida uning chegaralaridan chetga chiqmasdan yoxud oxirgi zarurat,
kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosiy tavakkalchilik holatida sog‘liqqa har qanday darajada zarar
yetkazsa, u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Negaki, bunday harakatlar ijtimoiy xavfli va
g‘ayriqonuniy hisoblanmaydi, aksincha, ular ijtimoiy foydalidir.
Jinoyat qonunida zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga og‘ir shikast
yetkazganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi va zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib badanga
yengil yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmaydi. Qonun chiqaruvchining
bunday qarori, bizningcha, to‘g‘ridir. Ijtimoiy xavfli tajovuzdan himoyalanish hujum qilayotgan shaxsga
muayyan zarar yetkazilishi taqozo etadi, aks holda, biron-bir manfaatni himoya qilishning aslo iloji
bo‘lmaydi.
Sog‘liqni saqlash huquqi insonning ana shu boylikdan foydalanishda muayyan huquqlarga ega ekanligini
nazarda tutadi. Shu munosabat bilan inson tomonidan o‘zining sog‘lom bo‘lishdek subyektiv huquqini
amalga oshirish chegaralarini jinoyat huquqi tomonidan muhofaza qilinishi masalasining qiziqarli ekanligi
shubhasizdir.
Shaxsning sog‘lig‘iga uning roziligi bilan ijtimoiy foydali maqsadlarda zarar yetkazilgani jinoiy
javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi. Masalan, bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun uning
biron-bir jarohatlangan a’zosini kesib tashlaydilar yoki tibbiy aralashuv oqibatida biron-bir a’zo shaklan
o‘zgaradi (oyoq, qo‘lning kaltalashib qolishi va h.k.). Insonning u yoki bu a’zosini yoki to‘qimalarining bir
qismini muhtoj kishiga donorning roziligi bilan ko‘chirib o‘tkazish uchun kesib olish ham shular jumlasiga
kiradi.
Bunday hollarda shifokorning harakatlari ijtimoiy foydali harakatlar hisoblanadi. Agar bunday harakatlar
shaxsning roziligi bilan sodir etilsa, bu rozilik kasallik varaqasida tegishli yozuvlar bilan qayd etib qo‘yilishi
kerak.
Ijtimoiy indeferent, ya’ni nuqsonlarni yo‘qotish (kosmetik operatsiyalar o‘tkazish va h.k.) maqsadida
sog‘liqqa shikast yetkazish, agar u ehtimol tutilgan oqibatlar haqida xabardor qilingan shaxsning roziligi
bilan o‘tkazilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi.
Faqat ijtimoiy jihatdan xavfli maqsadda shaxsning roziligi bilan sog‘liqqa zarar yetkazganlik uchungina
jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Bunga harbiy xizmatdan bo‘yin tovlayotgan boshqa shaxsning sog‘lig‘iga
shikast yetkazish misol bo‘la oladi.
Shifokorlik faoliyatida sog‘liqqa muayyan shikast yetkazish ba’zi hollarda ancha yirik jarohat paydo
bo‘lishi yoki o‘limning oldini olish uchun zaruriy shart hisoblanadi. Bunday hollarda Jinoyat kodeksining 41-
moddasi (kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik) inobatga olinmog‘i lozim.
Boks, kurash, futbol, xokkey, sharq yakkama-yakka kurashi kabi turli sport tadbirlarini o‘tkazish chog‘ida
ham badanga shikast yetkazilishi mumkin. Yuridik adabiyotlarda bu masalaning yechimi bir xilda hal
etilmagan. Shu munosabat bilan sport musobaqalarini o‘tkazish jarayonida musobaqa qatnashchisiga shikast
yetkazilishi mumkin bo‘lgan to‘rt vaziyatni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir:
Do'stlaringiz bilan baham: