jiddiy zarar yetkazmasa-da, u odamni juda badbashara, xunuk qilishi natijasida jabrlanuvchi ma’naviy qattiq
azob chekadi. Bunday shikastlar shaxsning jamoatchilik bilan aloqalari uzilib qolishi xavfini tug‘diradi.
Jabrlanuvchilar tashqi qiyofasidan uyalib, do‘stlari, yaqinlari, qarindoshlari bilan aloqa qilmay qo‘yadilar,
mehnat va boshqa faoliyatlarini keskin qisqartiradilar, ko‘pincha ishlamay qo‘yadilar, spirtli ichimliklarga,
giyohvandlikka beriladilar, bundan taskin topganday bo‘ladilar va ba’zan daydilik, tilanchilik bilan
shug‘ullanib, darbadarlikda kun kechira boshlaydilar. Bunday shaxslar ko‘pincha jinoyat sodir etadilar.
Badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishi deganda, tananing ayrim qismlari (quloq, burun va
lablar)ning olib tashlanishi yoki yuzning notekis bo‘lib qolishi, mimikaning buzilishi, yuzda chuqur
chandiqlar, tirtiqlar qolishi, qaltiroqning paydo bo‘lishi va h.k. tushuniladi. Badanning xunuklashishi,
basharti, tuzalmaydigan bo‘lsa, og‘ir tan jarohati, deb topiladi.
Shikastning tuzalishi deganda, vaqt o‘tishi bilan yoki tibbiy vositalar ta’sirida yo‘qolib ketadigan
patologik o‘zgarishlar (chandiqlar, tirtiqlar, mimika buzilishlari va h.k)ning ancha kamayib borishi
tushuniladi. Agarda, ularni yo‘qotish uchun tezkor aralashuv (kosmetik operatsiya) talab qilinsa, badanga
yetkazilgan
shikast tuzalmaydigan, deb hisoblanadi.
Тuzalmaydigan xunuklashishning tibbiy mezonini tasdiqlash sud-tibbiyot eksperti vakolatiga kiradi.
Biroq, ekspert faqat xunuklashish hodisaning mavjudligi haqida xulosa berishga vakolatli emas. Chunki bu
tibbiy emas, balki estetik tushunchadir. Shu bois badanga yetkazilgan shikast badanni xunuklashtirishi yoki
xunuklashtirmasligi masalasi taraflar ishtirokida va shikastlarning xususiyati, joylashuvi, tuzalmaslik darajasi
hisobga olinib va umumiy qabul qilingan estetik tasavvurlar asosida sudning faqat ichki ishonchigagina
asoslangan holda hal etiladi. Aynan sud obyektiv ravishda, jabrlanuvchining shikast yetkazilmasdan oldingi
va keyingi qiyofasini taqqoslash yo‘li bilan badanning xunuklashganligini aniqlashi kerak.
Jinoyat kodeksining104-moddasida badanga og‘ir shikast yetkazilganlik natijasida ruhiy kasalga
chalinish
ko‘rsatib o‘tilgan, bunda jabrlanuvchi odatda o‘zi qilayotgan harakatlarning xususiyatini anglash qobiliyatini
yo‘qotadi va odamlar bilan muloqot qilishdan mahrum bo‘ladi.
Ruhiy (psixik) kasallik – normal ruhiy faoliyatning buzilishi bo‘lib, u shaxsning atrofdagi voqelikni
to‘g‘ri idrok etish va o‘z xulq-atvorini nazorat qilish layoqatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu idrok, tafakkur,
xotira,
hissiyot, diqqat-e’tibor, iroda, qiziqish va yurish-turishning izdan chiqishida namoyon bo‘ladi.
Ruhiy kasallik doimiy yoki vaqtinchalik bo‘lishi mumkin. Ruhiy kasallik tashxisi va uning yetkazilgan
jarohatlar bilan bog‘liqligi ruhiy-psixiatrik ekspertiza o‘tkazib aniqlanadi. Bunday shikastlanishning og‘irlik
darajasi sud-tibbiyot ekspertining ishtirokida aniqlanadi.
Garchi, badanga yetkazilgan shikast hayot uchun xavfli bo‘lmasa yoki a’zo ishdan chiqmasa-da,
jabrlanuvchi umuman sog‘liqning buzilishi natijasida mehnat qobiliyatining o‘ttiz uch foizidan kam
bo‘lmagan qismini doimiy yo‘qotsa, badanga og‘ir shikast yetkazish, deb hisoblanadi.
Mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi turg‘un bo‘lishi kerak, deyilganida, mehnat qobiliyatini doimiy yoki
nomuayyan uzoq muddatga yo‘qotilishi tushuniladi. Bolalarda mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi
«Qoidalar»da belgilab qo‘yilgan umumiy qoidalardan kelib chiqqan holda, katta yoshli shaxslarniki singari,
nogironlarniki esa, nogironligi va uning guruhidan qat’iy nazar, amaliy jihatdan sog‘lom kishilarniki singari
aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: