Alifbe manzumalar (abitsedariy) ta’lim-tarbiya asosi. O‘tmishda eski
maktablarda o‘qish va yozishni o‘rgatish bir necha bosqichli jarayonni tashkil etgan.
Maktablar bo‘lganki, faqat o‘qishni o‘rgatgan, maktablar bo‘lganki, faqat yozishni
o‘rgatishga ixtisoslashgan.
Eski maktablarda yozuvni o‘rganishda “hijo” yoki “tahajji” usulidagi uch
bosqichga amal qilingan: birinchi bosqichda arab alifbosidagi har bir harfni alohida-
alohida yozish mashq qilingan. Bu bosqich MUFRADOT davri deyilgan. Aytaylik,
arab alifbosida mavjud 28 harfning har biri to‘rt shaklga ega; bu 112 harfiy belgi
degani. Agar arab yozuvining yuzdan ziyod ko‘rinishlari hisobga olinsa, bu
88
harflarni ifodalovchi belgilar miqdori qanchaga yetishini tassavur qilish qiyin,
albatta. Ammo har bir belgini chiroyli va yorqin, qiyomiga yetkazib yozishga,
demakki, husnixat (kalligrafiya)ga alohida e’tibor qilingan. Shu vajdan mufradot
davri birmuncha cho‘zilgan.
Ikkinchisi – MURAKKABOT bosqichi deyilgan. Bunda harfni harfga old
tomondan qo‘shib yozish, ostki va ustki belgilarning to‘g‘ri ifodalanishiga alohida
e’tibor qilingan. Shu zaylda harfni harfga qo‘shganda hosil bo‘luvchi hijolarni idrok
qilish mashqi qiyomiga yetkazilgan.
Uchinchi bosqichda so‘zni yozishga o‘tilgan, bu MUQATTAOT davri deyilgan.
Bu bosqichda o‘quvchilar ikkiliklar, ruboiylar, qit’alar, tuyuqlar va g‘azallarni
ko‘chirib yozishni mashq qilganlar.
Eski maktablarda uzoq asrlar davomida yozuv ana shu taxlitda o‘rgatib kelindi.
Bu esa, o‘z navbatida, yozishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqish va
takomillashtirishni taqozo etgan, natijada, shu yo‘nalishdagi tajribalarni
umumlashtiruvchi alifbo manzumalar yuzaga kela boshlaganki, bular abidsedariylar
(yoki alifbo she’rlar) deb yuritiladi.
Alifbo manzumalari faqat xattotlik asrori bayonidan iborat, yoki xattotlik
san’atini o‘rganuvchilargagina mo‘ljallanib qolmay, balki hammabopligi, umuman,
yozuvni o‘rganishni niyat qilgan katta-yu kichikka xosligiga ko`ra o‘tmishdagi
bolalar kitobxonligida ayricha o‘rin tutadi. Aytaylik, ularda qog‘ozning
“abreshimiy”, “nimkatoniy”, “abri bahor”, “haftrang” turlari va ularda yozish
xususiyatlari, yozuv vositalari – siyoh, qora qamish, qalam, pargor (sirkul), mistar
(transparant), qalamtarosh, qalamqat, xato ko‘chirishganda uni yuvuvchi abr(shtrix)
kabilarni qanday asrash va ishlatish, shuningdek, arab yozuvidagi har bir harfni
qanday esda tutish, buning uchun o‘sha belgi tabiatda nimaga o‘xshashligini eslash
hamda o‘sha harfiy belgi hajmi qanday bo‘lishiga oid ma’lumotlar berilgan. Biroq,
turkiyzabon bolalarning yozuvni o‘rganishi uchun o‘z tillarida yaratilgan bunday
qo‘llanmalar mavjud emas edi.
Shermuhammad Munisning “Savodi ta’lim” alifbo manzumasi ana shu
ehtiyojni qondirish yo‘lida yaratilgan dastlabki asar hisoblanadi. U bolalar va
yoshlarning xat-savod chiqarishlarini, ilm o‘rganishlarini yengillashtirish maqsadida
yozilgan. Munis an’anaga sodiq qolib, dastlab o‘ziga yozuv qoidalarini o‘rgatgan
ustozi Ibn Hojibga minnatdorchilik bildiradi, so‘ngra, asar yozishdan ko‘zlangan
maqsadini bayon qiladi:
Ko‘p muddat erdi guruhi mushtoq,
Ta’lim sumanbarig‘a ushshoq.
Mashq, etmak ishida xat bitarga,
Ta’lim vuqufig‘a yetarga.
Aylar edi xizmatim aro po‘y,
Dilresh o‘lib o‘ylakim qalam mo‘y...
Munis “ko‘p muddat”dirki o‘zbek maktablari uchun savod chiqarishga qulay
tadrisiy qo‘llanmalar yo‘qligidan “xat bitish ta’limini vuqufiga yetkazish”
qiyinligini, binobarin, shu holga xotima berish maqsadida bel bog‘laganini uqtiradi:
Bilgancha surib qalamni har yon,
89
Ta’lim ishin aylar erdim oson.
Shundan so‘ng shoir qalam va xat vasfiga o‘tadi. Uningcha, qalam o‘quv quroligina
emas, balki yozuv vositasi bo‘lganligi uchun ahamiyatli. Shu boisdan:
Zebo qamishini nayshakar bil,
No‘gida aning shakar samar bil.
Harfidan oqib sharobi ma’ni,
El andin erur xarobi ma’ni.
Qalam ilm ahli nasibasini butun qiladi, saltanatlar yumushini raqam qiladi.
Xullas:
Olam ishi intizomi andin,
Olam elining nizomi andin.
Ul bo‘lmasa – bo‘lmagay kitobat,
Bul bo‘lmasa – qolmagay hikoyat...
Xat esa, aslida qalam “no‘gidan” oquvchi “sharobi ma’ni”. Xat vositasidagina
kishilik jamiyati yaratgan ilm-u hikmat avloddan avlodga meros bo‘lib, yetib keladi:
Xatdur asbobi taroshi xoma,
Ziynat baxshi uzori noma.
So‘z maxzanining nishonasi ham,
Ma’no durining xazonasi ham.
Har so‘zki, ko‘nguldan o‘ldi mavjud
Xat bo‘lmasa – bo‘lgay erdi nobud...
Munis o‘quvchilarni chiroyli yozishga da’vat etar ekan, buning uchun, avvalo,
xat yozish vositalari – qalam-u qalamtarosh, qalamdon-u qalamqat singari yozuv
qurollarini ozoda, “taxt va shaxt” tutish zarurligini uqtiradi. Shundagina “xatti xub”
– husni xatga erishish mumkin, deb hisoblaydi muallif:
Ey kim xatti xub erur taloshing,
Bo‘lsin bu sifat qalamtaroshing.
Agar yaxshi yo‘nilmasa qalamlar,
Shak yo‘qki, yomon tushar raqamlar.
352 satr (176 bayt)dan iborat manzumaning birinchi qismida ana shu masalalar
xususida bahs yuritilgan. Masnaviy shaklida bitilgan asarning ikkinchi qismi arab
yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi 28 harfning shakli, ularning nimalarga
o‘xshashligi va imlo xususiyatlarini birma-bir ta’riflaydi. Bunda u harflar hajmini
nuqtalar bilan belgilash an’anasidan voz kechmaydi; “Nuqta bilan o‘lchamak shior
et”,– deydi. Shoir ta’kidicha, “Ul qavmki xatga erdi voqe’, Bu nuqta alardan o‘ldi
voqe’”. Muhimi, bunday usul harflar hajmi va shaklini qat’iylashtirishi, demakki,
belgining har xilligiga chek qo‘yilishi ayonlashadi. So‘ngra, arabcha “alif”dan to
“shin”gacha har bir harfni poetik ta’riflashga o‘tadi:
“Ro” qomati ikki nuqta, ammo
Boshi biyik ermas, o‘ylakim “zo”.
“Zo” uch nuqta-u lek sarkash,
Qilsa bo‘lur oni qushga o‘xshash.
Shoir har bir harfni o‘quvchilarga shu xilda tanishtirar ekan, savod o‘rgatishda
badiiy-tasviriy vositalar, suvrat solishdan foydalanishni tavsiya etadi. Chunonchi,
90
yuqoridagi misolda “z” (zo)harfi shaklan qushgao‘xshashligi bilan o‘quvchi zehnida
tez o‘zlashuvini ta’minlagan. Shunga o`xshash:
“Nun” olti nuqtadur, ey qarindosh,
Ikki oyoq, ikki tan, ikki bosh.
Uch nuqtadur ikki lab arosi,
Ul nav’ki umqining binosi.
Buning ustiga “nun” shunaqa bir harfiy belgiki, boshqa bir qator harflarning
shakliy ifodasida ishtirok etadi:
“Qof” avvali “fo” boshiga monand,
“Nun” halqasig‘a va lek payvand.
Yoki:
Gar “lom”ni istasang murattab,
“Nun” birla alifni qil murakkab.
Shoir barcha harflarni ta’riflab bo‘lgach, ko‘nglidagi ulug‘ niyati amalga
oshganidan tasalli topib, asarining nomi va yozilish tarixini shunday izohlaydi:
Bu nomaki bo‘yla topti tanzim,
Yozildi oti “Savodi ta’lim”.
Ta’rixi aning bu nav’ adodur,
Hijrat chog‘idinki, g‘am fizodur.
Ming ikki yuz o‘n to‘qqiz edi yil,
Dog‘i ramazon uchinchisi, bil.
Go‘yoki, chahorshanba erdi,
Itmomi qalamga dast berdi.
Hijriy 1219-yil ramazon oyi uchinchi chorshanbasi melodiy hisobga
aylantirilsa, 1804-yilning 4-dekabri kelib chiqar ekanki, bu asarning yozib
tugallanganligi sanasidir. Eng muhimi, Shermuhammad Munis shu asari orqali imlo
masalalariga daxl qilib, harfiy belgining shakli, hajmi, yozilish tartibini
qoidalashtirdi va o‘quvchilarda yozish malakalarini shakllantirishga, shu yo‘l bilan
bu sohadagi har xillikka barham berishga urindi.
Maktab ta’limi jarayonida abjad hisobini o‘rgatish ham birmuncha
qiyinchiliklar tug‘dirgan. Binobarin, shu qiyinchiliklarni yengish yo‘lida abjad
hisobida yechiladigan chistonlar yozish an’anaga aylana boshlagan. Bu sohada,
ayniqsa, XVIII asrning oxiri va XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan
zabardast shoira va novator muallima Jahon otin Uvaysiy alohida namuna
ko‘rsatgan.
Jahon otin Uvaysiy (1780-1845) zamonasining peshqadam ziyolilari mulla
Siddiq va Chinni otinlar xonadonida tug‘ilib tarbiya ko‘rgan. U yoshligidayoq
she’riyatga va maktabdorlikka havas qo‘yadi. Otasi mulla Siddiq fors-tojik va
o‘zbek tillarida she’rlar yozgan. Qur’oni karimni qiyomiga yetkazib qiroat
qilganligidan uni Hofiz bobo deb e’zozlaganlar. Onasi Chinni otin ham xat-savodli
bo‘lib, maktabdorlik qilgan, qiziga ham yozish va o‘qitishni yoshligidayoq
o‘rgatgan. Hatto ba’zi hollarda o‘zi yumush bilan band bo‘lgan kezlarda qiziga
xalifalik xizmatini buyurgan. Jahon ana shunday vaziyatda otinlik tajribasini
to‘plagan va maktabdorlik hadisini o‘zlashtirib borgan. Xuddi shu faoliyati tufayli
91
elga tanilgan, maktabdorligiga shoiraligi qo‘shilib, Qo‘qon xonligi muzofotida
shuhrat qozongan, hatto dovrug‘i Umarxon saroyigacha yetib borgan. Bu hol uni
ulkan shoira Nodira bilan yaqinlashuviga yo‘l ochgan.
Uvaysiy eri vafotidan so‘ng Nodira taklifi bilan Qo‘qonga kelgan.
A.Valixonovning shahodaticha, dastlabki paytlarda shoira haramda yashaydi.
U haramdagi qizlar – kanizaklar orasida xat-savod o‘rgatish hamda musiqiy ilmning
amaliy jihatlaridan ta’lim berish bilan shug‘ullanadi. Shoira asira shogirdlari
qismatiga achinarkan, ularni loaqal jamiyatdagi ana shu mavqelari mohiyatini
mulohaza qilishga undovchi, shu asosda ijtimoiy onglarini uyg‘otishni ko‘zlab bir
qator chistonlar yozadi. U shogirdlarini mustaqil o‘ylay bilishga, narsa va
hodisalarni belgilariga qarab ajrata olish malakalarining shakllanishiga, sezgir va
topqir bo‘lishlariga erishmoq yo‘lida izlanarkan, rang-barang mavzularda chistonlar
bitib, ta’lim mazmundorligini chuqurlashtiradi, samaradorlikni oshiradi; bu esa
uning maktabdorlik faoliyatida izlanganligi, qolaversa, eski maktablarda o‘z
zamonasidagi ta’lim tizimini takomillashtirish yo‘lida ayrim islohotlarni amalga
oshira olganligini ko‘rsatadi. Chunonchi, uning anorga bag‘ishlangan chistoni bu
jihatdan alohida ahamiyatga ega. Shoira bu chistonni yaratishda Alisher Navoiyning
shu nomdagi lug‘zidan ijobiy ilhomlangan, deyish mumkin. “Badoye’ ul bidoya”
devoniga kiritilgan bu lug‘z shoirning yoshligi davrida bitilgan:
Ne mijmardur, to‘la axgar, vale ul mijmar andomi.
Erur sun’ ilgidin gohe musaddas, gah musamman ham.
Chiqar ravzandin axgari dudi-yu bu turfakim, oning
O‘tiga dud yo‘qtur, mujmarig‘a balki ravzan ham.
Otu mijmar dema, bor ul sadafkim, durlarin oning
Evurdi qonga davroni mus’habid, charxi purfan ham.
Agar bu nav’ emas, bas ne uchun barmoq kuchi birla
Bo‘shar jismi, oqar qoni, anga majruh o‘lib tan ham.
Nechakim tab’i noridur va lekin me’da norig‘a
Berur taskin, muning naf’in topibman voqian man ham.
E’tibor qilinsa, lug‘zda dastlab anorning tashqi va ichki ko‘rinishi tasvirlangan.
Ya’ni, anor bamisoli “mijmar” – manqalday bo‘lib, ichi “to‘la axgar” – cho‘g‘.
Shakli goho “musaddas” – olti qirrali, goho “musamman” – sakkiz qirrali.
Manqallar ham odatda olti, yoki sakkiz qirrali shaklga ega holatda yasalgan. Biroq
bu shunday bir manqalki, laxcha cho‘g‘ining tutuni va shu tutun chiqadigan
“ravzan”i – tuynugi yo‘q.
Uvaysiy ustozidan farqli o‘laroq, anorni yashirarkan, unga to‘rt satrda tavsif
beradi: u anorni gumbazga o‘xshatadi. Biroq bu shunday bir gumbazki, uning
“eshigi, tuynugi” yo‘q, lekin ichida “gulgunpo‘sh qizlar” – anor donalari makon
tutgan:
Ul na gumbazdir, eshigi, tuynugidan yo‘q nishon,
Necha gulgun, po‘sh qizlar manzil aylabdur, makon.
Sindurib gumbazni qizlar holidan olsam xabar,
Yuzlarida parda tortig‘liq, turarlar bag‘ri qon.
92
Shoira talqinicha, gumbaz – zulm haddan kuchaygan Qo‘qon xonligi mulki.
Gulgunpo‘sh qizlar anor donalari yanglig‘ bag‘ri qonga aylangan va o‘sha mulkda
hukmron feodal munosabatlar asoratidan ezilgan xotin-qizlarning umumlashma
obrazi. Ularning “yuzlariga parda tortilgan”– anor donalari ustidagi parda shunga
ishora. Shoira ana shu “gumbazni sindirib”, ular holidan xabar olmoq zarurligini
uqdirayotir. Bu shoiraning ulug‘ jasorati ifodasi.
Bu chiston yechimini adabiyotshunoslar turlicha sharhlashgan. Chunonchi,
E.Ibrohimova yozadi: “To‘rt misraga sig‘dirilgan katta mazmunga anor ta’rifinigina
emas, balki to‘rt devor orasida ovoz chiqara olmasdan faryod qilayotgan, qavat-
qavat niqob orasida yorug‘ olamni ko‘rish imkoniyatidan mahrum etilgan millionlab
mahzuma, munglig‘ ayollarning hayoti, taqdiri mujassamlashtirilgan. Bu yuzlariga
parda tutgan bag‘ri qonlar nidosi, noroziligi ifodasidir. Bunda shoiraning
tutqunlikka qaratilgan, g‘azabli isyoni mazmuni ham bor. Chunki xotin-qizlar
ozodligi, erki haqida so‘z bo‘lishi mumkin bo‘lmagan zamon ayoli – Uvaysiy
mustahkam istehkomga (gumbaz) qamalgan qizlarning qora parda ortidagi qora
taqdirini qoralaydi. Asar majoziy tasvirning yorqin namunasi ham bo‘la oladi.
I.Haqqul esa, uning ijtimoiy-estetik mohiyatini yanada teranroq izohlab:
“Eshik tuynugi, nishonasiz gumbaz – bu dahr, toza havolari so‘rib olingan jamiyat.
Inson farzandini qullikka mahkum etgan, mute yashashga majburan ko‘niktiruvchi
feodal tuzum qafaslari. Shoirani shular ichidagi “gulgunpo‘sh qizlar” – ayol
huquqsizligi azobga soladi. She’rdagi “sindirib” so‘zi – belgili so‘z. Uvaysiy nega
aynan shu so‘zni qo‘llagan? Har jihatdan buning sabablarini izohlash qiyin. Lekin
bir narsa aniq; u “sindirib”da qay zaylda bo‘lmasin, parchalanishga mahkum
jamiyat tartib va qoidalariga o‘zining keskin munosabatini singdirgan. “Yuzlariga
parda tortig‘liq, turarlar bagri qon”–o‘tmishdagi xotin-qizlarning ham tashqi, ham
ichki holatini bundan aniq, bundan chuqur ifoda etgan satr o‘zbek she’riyati tarixida
kamdan-kam topilsa kerak”, –degan edi olim.
Bu fikrlarning to‘g‘riligini abjad hisobi asosida yechiladigan va “g‘am haddin
oshti” iborasini yashirgan tubandagi chistoni ham tasdiqlaydi:
Yolg‘izimda uchradi: ul dev edi yoki pari,
Do'stlaringiz bilan baham: |