www.ziyouz.com kutubxonasi
257
Palmer ellik to‘qqizinchi ko‘cha bo‘ylab sharq tomonga ketayotganini angladi. U bu joylarga qanday
kelib qolganini eslay olmasdi. Aprel oyining boshlari bo‘lsa ham izg‘irin shamol kiyimlarni teshib
o‘tayotgandek. U hatto Palmerning qalin paltosidan ham o‘tib, badaniga igna sanchyapti. Palmer
Medison-avenyudan o‘tayotib, o‘yinchoqlar do‘konining oynasi yonida turib qoldi. U vitrinaga qo‘yilgan
“Sten” firmasi ishlab chiqqan kichkina miltiq nusxasini, “Bofors”ning o‘yinchoq zenit zambaragini,
Tompsonlarning pulemyotini, yarim avtomat “M—1” miltig‘ini, Lyugerning oxirgi modelini,
Shmeysserning to‘pponcha — avtomatini va boshqa o‘yinchoq qurollarni erinmasdan tomosha qildi.
U qaddini rostlab, shamolga qarshi, sharqiy yo‘nalish bo‘ylab yurib ketdi.
Albatta, deya mulohaza qilardi u Park-avenyuni kesib o‘tarkan, Virjiniya mutlaqo haq. Uning uchun
tanlashga hech qanaqa imkon yo‘q edi. Har qanday imkoniyat ham unga maqbul bo‘laveradi. Biroq
nima uchun Virjiniya mutlaqo haq bo‘lishi kerak? Nima uchun, so‘radi u o‘zidan, nohaq bo‘lishi
mumkin emas?
Palmer “Nedik” qahvaxonasining eshigini ochib, baland o‘rindiqlardan biriga o‘tirdi.
— Qora qahva.
Barning egasi qandaydir tushunarsiz ovozda javob berdi.
Barmen va qahvaxonadagi yagona xo‘randa muloyim jilmayishdi. Palmer qahvani olib, barmoqlarini
isitish uchun idishni mahkam ushladi. Keyin achchiq ichimlikni icha boshladi.
— ... eski tanish ayolimizni bir soatcha avval ko‘rdim, — barmen boyagi xo‘randaga hikoya qila
boshladi.
— Seni yoningga qahva ichgani kirgandir-da...
Palmer ularning quvnoq suhbatlarini tinglaganicha, qahvasini ichib bo‘lib, peshtaxtaga o‘n tsent
qo‘ydi. Keyin o‘rnidan turib, ko‘chaga chiqdi. Yuzlariga shamol urildi. Biroq ichilgan qaynoqqina qahva
ta’sirida shamol yumshab qolgandek tuyuldi. U biroz tepalikka ketgan yo‘l bilan sharq tomonga yurib,
Satton Pleysga yetgach, janubga burildi.
Mana senga shahar, deb o‘yladi u, odamlarni qara-ya. Sovuqqon, johil odamlar.
U Ellik yettinchi ko‘chaga yetgach to‘xtadi va muvozanatini saqlash uchun svetoforga tirmashdi.
Qahva ichganiga qaramay, boshi hamon aylanardi. Kutilmaganda uzoqdan sirena ovozi eshitildi.
Uning ovozi kuchaya boshladi, keyin asta tindi.
Shuyam shaharmi-ya. Asabiy shahar.
Palmer gavdasini amallab tik tutganicha, yo‘lda davom etdi.
Bernsning xonadoni bo‘m-bo‘sh edi. Palmer ichkari kirib, salgina turtinganicha, xonalarni aylanib
chiqdi. Keyin eshikni yopib, paltosini yechdi va deraza qanotlarini ochib yubordi. Xonaga muzdek
havo yopirildi.
U divanga o‘tirib, oyog‘ini siqib turgan tuflisini yecha boshladi. Paypoqchan mehmonxonani aylanib,
radiola yoniga bordi. Birorta qurilma bormikin degan o‘yda uning ichlarini paypaslab ko‘rdi. Eshik
qulfida Bernsning kaliti aylanganda u hech narsa bilmagandek, bo‘sh xonadagi divanda kulimsirab
o‘tirardi. Yuzlariga urilayotgan sovuq havo tufayli u ancha o‘ziga kelib qolgandi.
— Salom! Mana senga kutilmagan sovg‘a, azizim, — dedi Berns.
Palmer erinibgina boshini ko‘tarib, Virjiniyani ko‘rdi.
Palmer ulardan yuz o‘girdi. Bor kuchini yig‘ib, yana miyasida charx ura boshlagan ovozlarni
to‘xtatishga urindi. U Bernsning jilmayishini ko‘rish uchun ayni vaqtida o‘girildi.
— Kulayapsizmi, janob? — so‘radi Palmer.
— Tinchlan, Vudi. O’zingni qulga ol. Menga faqat sening so‘zing kerak. Agar bu senga shunchalik
qattiq ta’sir qilsa, men seni majburlamayman. Men faqat... hmm, sen nima deb atarding... so‘zsiz
hamkorlik, xolos. Boshqacha qilib aytganda, voqealar o‘z yo‘li bilan rivojlanishiga halaqit berma.
YuBTKga prezident bo‘lishga rozi bo‘l. Bu shunchalik qiyinmi?
— Sizlar, haqiqatan ham juda topishibsizlar, — dedi Palmer. — Kleri xonim ham bu gapni xuddi
shu tarzda ifoda etgan edi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |