www.ziyouz.com kutubxonasi
21
qarshi e’tiroz bilan chiqmasligini so‘radi.
— Uncha nozik iltimos emas.
— Lekin mening jahlimni chiqargan bu emas, — to‘ng‘illadi Berkxardt. — Albatta, u o‘sha yerda
to‘plangan barcha vasiylar oldida bunaqa iltimos bilan murojaat qilishi meni quvontirmaydi. Aslo yo‘q.
Meni hamma narsadan ko‘ra ko‘proq g‘azablantirgan narsa mening... mening... — u kerakli so‘zni
qidirib, tutilib qoldi va yordam kutgandek jahl bilan Palmerga qaradi.
Nima demoqchi? Etikami? Vijdonmi? Axloqmi? Turmush tarzimi? Nima ekan? — deya Palmer
xotirasini tita boshladi. Lekin birorta so‘zni ovoz chiqarib aytmadi. Kutib turishni lozim topdi va
qariyaning g‘azabli nigohiga bardosh berdi.
— Hammasidan ham meni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yishga urinayotgan odamning bema’ni
surbetligi g‘azablantirayapti. U yo YuBTK manfaatlarini yoxud eski do‘stligimiz manfaatlaridan birini
tanlashni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Buni kechirib bo‘lmaydi! — dedi qariya.
— Unga nima deb javob berdingiz? — so‘radi Palmer.
— Javob berdim? Unga nima deya olardim? Javob berishdan bosh tortdim.
— Oxir-oqibat javob berishga to‘g‘ri keladi-ku, axir.
Berkxardt keskin bosh irg‘adi. Uning yuzini qat’iy, qariyb shafqatsiz ifoda egalladi. Ko‘zlari katta-
katta ochilgan, nigohi haydovchining yelkasiga qadalgandi. Go‘yo u yerdan bo‘lajak voqealar natijasini
uqib olmoqchiday edi.
— Faqat mengina yolg‘iz uning do‘stiman, deb o‘ylama, — qo‘shib qo‘ydi qariya. — Jo buni
mendangina so‘ramaydi. Jamg‘arma banklarining vasiylarida ham, tijorat banklari boshqaruvi a’zolari
orasida ham do‘stlari topilishi mumkin. Hozir ular bu haqda butun shahar bo‘ylab so‘ray boshlaydilar.
Lekin bu biz uchun mutlaqo nomaqbuldir. Bu borada menga tazyiq o‘tkazishlariga yo‘l qo‘yolmayman.
— Qaysi qonun loyihasi haqida gap bo‘lgandi?
— Mundoq tuzuk esimda ham yo‘q, — dedi qariya. Bo‘lib o‘tgan voqeani tahlil qilarkan, u sal o‘ziga
kela boshlagandi. Eski do‘sti bergan zarbadan u larzaga tushgandi.
— Balki bu filiallar haqidagi son-sanoqsiz qonun loyihalaridan bittasidir?
Berkxardt g‘azablandi, keyin ohista Palmerga o‘girildi.
— Qiziq, sening bundan qanchalik xabaring bor, Vudi? — so‘radi u tutoqib. — Bundan xabaring
menikidan kam emasga o‘xshaydi.
— Ie, nima deyapsiz! Bundan sal-pal xabarim bor, xolos.
— Cholni mazax qilmoqchi bo‘ldingmi-a? — sovuq to‘ng‘illadi Berkxardt. — Vudi, kel, kelishib
olaylik. Sen biror narsani bilmagan bo‘lishing mumkin, shunda, albatta, qandaydir xabarga muhtoj
bo‘lasan. Faqat bilib qo‘y, o‘zingni go‘llikka solib, meni ahmoq qilma. Tushundingmi?
— Lekin men...
— Bilib qo‘y, agar oldimga poxol solayotganingni sezsam... — uning gapini bo‘ldi Berkxardt. —
Agar biliming va qobiliyating haqida menda aniq tasavvur bo‘lmasa, ishimizda jiddiy to‘siqlar
bo‘laveradi. Sen kechayu kunduz ishing qay tarzda ketayotganidan boxabar bo‘lib turishing lozim.
Tushundingmi?
— Tushundim. Uzr, — dedi Palmer.
Berkxardt lablarining burchaklari sal ko‘tarildi.
— Bor gap shu, — dedi u, biroz yumshab. — Men buni unutib ham yubordim.
— Men esa eslab qoldim.
— Juda yaxshi.
Oltmish birinchi ko‘chada «Rolls-Roys» sezdirmay chap qatorga o‘tdi-da, katta yo‘ldan burilib,
shaharning g‘arbiy qismiga qarab yurdi va mashinalarning umumiy oqimiga qo‘shildi. Shu yurishda
Beshinchi avenyuga yaqinlashgan sari avtoulovlar gavjumlashib borardi.
Ancha davom etgan sukutdan so‘ng qariya yana gap boshladi:
— Qonun loyihasi chindan ham jamg‘arma banklarning bo‘limiga daxldordir. Lekin mohiyati
nimadaligi esimda yo‘q.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |