www.ziyouz.com kutubxonasi
198
— Vudi, bankir menga iqtisod qilish haqida maslahat bersa, amal qilganim yaxshi.
— Durust. Men seni haftaning oxirida, Nyu-Yorkdan topib olaman.
— Mayli, Sirakuzadagilarning ta’zirini ber.
Palmer mahalliy ijara idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, kredit kartochkasi va Nyu-Yorkdagi yashash
manzilini bildirdi.
— Sirakuzadagi mehmonxonadan joy ajratib qo‘yaylikmi?
— Buning keragi yo‘q, — javob berdi Palmer xodimga. — Bugun oqshomdayoq uyimga uchib
ketaman.
— Unday bo‘lsa, samolyot uchun joy bron qilib qo‘yaman.
— Shundaymi? Juda yaxshi. Yarim tundagisiga bo‘lsin.
— Bu — 53-reys bo‘ladi. U Nyu-Yorkkacha hech qaerga qo‘nmay uchib boradi.
— Sirakuzaga qancha vaqtda yetib boriladi?
— Ikki soatda.
— Yaxshisi, mehmonxonadan joy buyurtiring. Ancha vaqtim qolarkan.
— Mashinani mehmonxona yonidagi idoraga qoldirasiz. Ular bungacha sizga samolyotga chipta
buyurib qo‘yishadi.
— Palmer go‘shakni ilib, yuvinib, kostyumini almashtirish uchun yechina boshladi. Safar davomida
Bernsni ko‘rmasligidan xursand bo‘lib, hatto yengil hushtak chalgani holda yuvindi. Berns bilan uzoq
vaqt birga yurib bo‘lmasdi. Biroq hozir, Palmer uni YuBTK ustidan nazoratni qo‘lga olishni
mo‘ljallayapti degan shubhaga borib, ko‘rgani ko‘zi bo‘lmay qoldi.
U nima bo‘lganda ham Palmerning gaplariga sovuq munosabatda bo‘ldi. Butun oqshom bu haqda
eslatmadi ham. Palmer uning dori haqidagi shamasini qulog‘iga quyib oldi, albatta.
Artinib bo‘lgan Palmer xayolchan turib qoldi. Nima bo‘lganda ham tumov dorisi haqidagi
shamaning ma’nosi nima edi? Yo Berns Palmerdan biror narsada gumon qilayaptimi?
Palmer vanna chetiga o‘tirib, o‘zini Bernsning o‘rniga qo‘yishga urindi. Palmer bilan Virjiniya uning
uyidan birinchi marta foydalangan o‘sha tun haqida Bernsda qanday dalillar bo‘lishi mumkin? Berns
ikkovi o‘sha yerda bir muddat bo‘lishganini biladi, albatta. Uyiga qaytib, tuvom dorilarining yo‘q bo‘lib
qolganini payqagandir. Shuningdek, Palmer ham, Virjiniya ham tumov bo‘lmaganlarini eslagan.
Shunday ekan, nima uchun ular shunchalik ko‘p sochiq ishlatishganiga hayron qolmaydimi?
Palmer o‘rnidan turib, kiyindi. Shkaf oynasiga qarab bo‘yinbog‘ini bog‘ladi. Shumshaygan aksini
ko‘rib jilmayishga urindi. Berns nima deb gumon qilmasin, isboti yo‘q.
Palmer buyumlarini kichkina jomadonga solib, xonaga bir qur ko‘z yugurtirgach, tashqariga chiqdi.
O’ttiz to‘qqizinchi bob
— Men to‘la aniqlik kiritmoqchiman, — dedi Palmer. ovozi ziyofat zaliga o‘rnatilgan mikrofon tufayli
gumburlab chiqdi. — Jamg‘arma banklar oila va jamiyat hayotida ijobiy kuch hisoblanadi. Uni hech
kim shubha ostida qoldira olmaydi. Biroq... men bu gapni aytish uchungina Sirakuzadan kelganim
yo‘q. — U yig‘ilganlar kularmikan deb gapini to‘xtatdi. Kulgi o‘rniga birdaniga qahqaha ko‘tarildi. Mana
bunisi zo‘r bo‘ldi! U g‘ovur to‘xtaguncha kutib turdi.
— Biroq, — davom etdi u, — Mas’uliyatli fuqarolar, millat tijoratchilari sifatida sizlar, shu yerga
yig‘ilganlar, AQSh iqtisodiga bir maqsad bilan qaraysizlar. Hammamiz ham iqtisodiyotni uzoq vaqt
sustlashtiruvchi har qanday harakat millatimizning ravnaqi uchun xavf soladi deb hisoblaymiz.
Men shuni ishonch bilan ta’kidlaymanki, jamg‘arma banklar mamlakatning o‘sib borayotgan
iqtisodiyotiga ana shunday xavf solib kelgan va shundayligicha qoladi. Fikrimni aniqroq ifodalashga
ruxsat bering. Amerikaliklar uchun o‘z jamg‘armalarini asraydigan juda ko‘p vositalar mavjud.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |