www.ziyouz.com kutubxonasi
201
— Nima kiyib olding?
— Betayin, tasqara penyuar. Nyu-Yorkka qaytib ketaver.
— Chamamda, ilgari seni bu kiyimda ko‘rmagandim. Pardani yopib, tungi chiroqni yoqsam
bo‘ladimi?
— Iltimos, Vudi, haqiqatan ham bunday qilmasligim kerak edi. Uchib ketsang ham menga baribir.
Samolyotga ulgurasan.
— Behuda takrorlayapsan. — U jomadonni yerga qo‘ydi.
— Kerak emas. Sen haqsan, kutilmaganda rejalarni buzishdan yomoni yo‘q. Bu — xavfli.
— Shu yerda-ya? Taksi haydovchisidan boshqa hech kim bilmaydi.
— Agar xohlasa har qanday odam bilishi mumkin.
U ayolning qo‘llaridan ushladi. Uning barmoqlari muzdek edi.
— Ertaga peshingacha meni Nyu-Yorkda hech kim kutmaydi. O’sha paytda Berns meni o‘z
mashinasida olib kelmoqchi edi.
— U qaerda?
— Bugun kunduzi Nyu-Yorkka uchib ketgan bo‘lsa kerak.
— U senga ertaga qo‘ng‘iroq qilmaydimi?
— Ertaga — shanba. U uyimga qo‘ng‘iroq qilishiga to‘g‘ri keladi.
— Bunisi chatoq. Aeroportga boraver.
— Berns uyimga qo‘ng‘iroq qilmaydi.
— Nima uchun?
— Keyin tushuntiraman.
Palmer uni o‘ziga tortdi. Ayol qarshilik ko‘rsatdi. Palmer uning qo‘lini qo‘yib yubordi va belidan
ohista quchoqladi. Yupqa kiyimlari ustidan barmoqlari va kafti muloyim sirg‘alib o‘tdi. U asta yuzini
ko‘tardi. Issiq sonlarini silab, uni bag‘riga tortdi. Lablar bir-biriga yopishdi. Ayolning qo‘li uni
quchoqlash o‘rniga beixtiyor oraliqda qolib, palto tugmalarini yecha boshladi.
— Mana shunaqa tentakman-da, — dedi u go‘yo o‘ziga o‘zi gapirayotgandek. — U paltoni polga
tashladi va pidjak tugmalarini yechishga kirishdi. — Samolyotda bu yoqqa uchib kelar ekanman,
butun badanimni qo‘rquv bosdi.
Ayol pidjakni palto ustiga tashlab, galstukka qo‘l cho‘zdi.
— Bu yerga kelganimdan keyin o‘zimni qo‘lga oldim. Mehmonxonaga qo‘ng‘iroq qildim. Javob
bermaganingdan keyin, seni qo‘ldan chiqardim, xoynahoy, yo‘lda ketayotgandir, deb o‘yladim. Hatto
shularni o‘ylab, yengillashgandek bo‘ldim.
— Mana, — u galstukni uzatdi. — Bu yer juda issiq, — davom etdi u. — Jomadoningda xalatga
o‘xshagan biron narsang bormi? — Yigit tasdiq ishorasini qilgach, u ko‘ylak tugmalarini yechishga
tutindi. — Yana o‘zimga-o‘zim, mayli, tag‘in bir marta, faqat bir marta qo‘ng‘iroq qilib ko‘ray dedim.
Ular seni topib berishdi. Hamma narsa joyiga tushdi. Dastakni joyiga ilib, yana qo‘rqib ketdim.
Shunaqa tentakman-da.
— Meni topib olganingdan xursandman.
— Rostdanmi? Menga shunchaki ko‘ngil uchun gapirayotganga o‘xshaysan.
— Ha, mutlaqo to‘g‘ri.
— Bunday qilma, to‘g‘risini aytaver.
— To‘g‘ri yo‘lni tanladim, — dedi u. — Boshqasi menga yoqmaydi.
— Men bu haqda Nyu-Yorkda o‘ylagandim. La Gardia aerodromida, shunchaki, o‘zim borib, senga
osiladigan bo‘lsam, qanaqa odam bo‘ldim, deb o‘yladim. Shu tariqa ayol kishining bema’ni yo‘lga kirib
ketishi ham oson-da. Nima bo‘lganda ham. Keyin bunaqa xayollarning mavridi emas, deb o‘yladim.
Yarimta sevgi munosabatlari degan gap yo‘q. Shunday emasmi? Bu narsa boshlangan, u mavjud,
davom etyapti, kim-kimning oldiga boradi, u qaerda bo‘ladi — ahamiyati yo‘q deb o‘yladim. Hatto,
o‘ylab turib, bu menga shunchalik kerakmi degan xayolga ham bordim.
Samolyotga o‘tirish oldidan men ana shunday har xil, qarama-qarshi xayollar qurshovida edim.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |