XXIV
S t r a s b u r g
Maftunlik! Muhabbatning butun jo‘shqinligi,
uning umidsizlikka soluvchi butun kuchi sening
izmingda. Faqat uning dilrabo quvonch lari-yu,
uning lazzatli zavq -shavqlarigina sening ixti-
yoringda emas. Mahbubam uxlab yotgan paytda
men unga tikilib turib: mana u, beqiyos go‘zalli-
gi, ayollarga xos barcha ojizliklari bilan butkul
meniki, deb ayta olmasdim. Tangri uni erkak
zotiga shafqat yuzasidan, unga baxt va quvonch
ato etmoq niyatida qanday yaratgan bo‘lsa, shu
holicha u hozir mening ixtiyorimda edi.
Shiller. «Oda».
Strasburgda sakkiz kun vaqtini o‘tkazishga majbur bo‘lgan Jyulen
biror yo‘l bilan yurak chigilini yozish maqsadida harbiy shon-shuhrat
hamda vatanga sadoqat to‘g‘risida xayol surib yurardi. U sevarmidi
yoki yo‘qmi? Buni uning o‘zi ham aniq bilmasdi, faqat tilka-pora bo‘lgan
qalbida o‘z baxti va butun orzu-istaklarining sohibasi bo‘lmish yolg‘iz
Matildagina hukmron ekanligini his etardi. U o‘zini bosib, umidsizlikka
berilmaslik uchun butun irodasini safarbar etishga majbur bo‘lmoq-
da edi. M-l de lya Molga aloqador bo‘lmagan biror narsa to‘g‘risida
o‘ylashga uning majoli yetmay qolgandi. Shuhratparastlik va mag‘rurlik
bir vaqtlar de Renal xonimga bo‘lgan his-tuyg‘usidan uning e’tiborini
chalg‘itib turardi, Matilda esa uni butkul rom etib olgan bo‘lib, yigitning
kelajak haqidagi barcha orzulari muqarrar ravishda qizga borib taqalardi.
Kelajak esa, uni qay tomondan olib qaramang, yigitga qayg‘uli
bo‘lib ko‘rinardi. Biz Verrerda uning mag‘rur va o‘ziga bino qo‘yib yu-
rishiga odatlanib qolgan edik. Endi bu g‘alati yigit o‘shaning mutlaqo
aksi bo‘lib qolgandi, uning kamtarligi ba’zan bema’nilik darajasiga
borib yetardi.
Uch kun burun u abbat Kastanedni jon deb otib tashlagan bo‘lardi.
Biroq endi Strasburgda bironta go‘dak u bilan bahslashib qolgudek
bo‘lsa, u o‘zi emas, ana shu go‘dak haq bo‘lsa kerak, deya o‘ylardi. O‘z
hayotida to‘qnashgan barcha raqib va dushmanlarini eslar ekan, Jyulen
436
endi doim, ayb ularda emas, o‘zimda bo‘lgan, degan qarorga kelardi.
Zero, bir vaqtlar uning ko‘z o‘ngida ajoyib muvaffaqiyatlarga
to‘la kelajakni gavdalantiruvchi kuchli xayoloti endi uning shafqatsiz
dushmaniga aylangandi.
Sayyohimizning bexosdan bunday yolg‘izlikka mahkum etilishi
uning alamli xayollarini yanada kuchaytirayotgandek tuyulardi. Hozir
yonida biror do‘sti bo‘lganida uning naqadar boshi osmonga yetgan
bo‘lardi. «Ha! – derdi o‘ziga-o‘zi Jyulen. – Biroq bu yorug‘ dunyoda
menga mehr qo‘ygan bironta odam bormikin o‘zi? Agar do‘stim
bo‘lgan taqdirda ham men bu gaplarni umrimning oxirigacha sir
saqlashga undayotgan vnjdonimga xilof ish qilarmidim?»
U ot minib, Kel atrofida sayr qilib yurardi; bu Reyn sohilidagi bir
shaharcha bo‘lib, Deze va Guvion Sen-Sir uning nomini shon-shuhrat-
ga burkagan edilar. Nemis dehqoni unga shu ulug‘ sarkardalarning
matonati tufayli shuhrat qozongan kichik daryolar, qishloq yo‘llari,
Reyndagi orolchalarni ko‘rsatmoqda edi. Chap qo‘li bilan jilovni tutgan
Jyulen o‘ng qo‘lida marshal Sen-Sirning esdaliklariga plova qilingan
ajoyib xaritani ushlab borardi. Shu payt allakimning quvnoq ovozi
uning boshini ko‘tarib qarashga majbur etdi.
Bu bir necha oy muqaddam unga haqiqiy kiborlikning birinchi
qoidalarini o‘rgatgan londonlik do‘sti knyaz Korazov edi. Bu ulug‘
san’atga qat’iy rioya qiluvchi Korazov Strasburgga yaqindagina kelib,
Kelga endigina qadam qo‘ygan edi va umri bino bo‘lib, 1790-yil qamali
to‘g‘risida bir satr ham gap o‘qimagan bo‘lsa-da, uni Jyulenga batafsil
hikoya qilib bera boshladi. Nemis dehqon unga og‘zini ochib qarab
turardi, zero u har qalay fransuzchani biroz bilar va knyazning bema’ni
gaplarni qanday qalashtirib tashlayotganini yaqqol tushunardi. Biroq
shu tobda Jyulenning xayoli dehqon o‘nlab turgan gaplardan benihoya
uzoq edi, qahramoiimiz bu yigitga ajablanib tikilardi, uinig kelishgan
qaddi-qomati va egarda chiroyli o‘tirishiga qoyil qolardi.
«Mana buni baxtli desa bo‘ladi! – deya o‘ylardi u. – Shimining
ajoyibligini qarang! Sochlari ham juda hafsala bilan tekislangan! Ah!
Qani endi men ham unga o‘xshagan bo‘lsam, shunda Matilda uch kun
sevganidan so‘ng mendan ko‘ngli qolmagan bo‘lardi!»
Knyaz, nihoyat, Kel qamali to‘g‘risida hikoya qilib bo‘lgach, Jyulen
tomon o‘girildi:
– Bu deyman, indamas rohibning o‘zi bo‘lib qolibsiz-ku, – dedi
u. – Chamamda, men bir vaqtlar Londonda sizga o‘rgatgan jiddiylik
qoidasiga haddan tashqari rioya qilib yuboribsizmi, deyman. Ma’yus
437
ko‘rinish o‘zini yaxshi tutish sirasiga kirmaydi. Ma’yus emas, zeri-
kayotgandek bo‘lib ko‘rinmoq kerak. Agar ma’yus ko‘rinsangiz, bu
demak, sizga nimadir yetishmayotgan, biror ishda muvaffaqiyatsi-
zlikka uchraganingiz bo‘ladi. Bu bilan siz o‘zingizni ko‘rimsiz qilib
ko‘rsatasiz. Va, aksincha, agar siz zerikayotgan bo‘lsangiz, sizning
ko‘nglingizni ovlamoqchi bo‘layotgan odamning o‘zi noqulay ahvolga
tushib qoladi. Qanday jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganingizni tushuning
axir, azizim.
Jyulen og‘zini ochib, ularning gapiga quloq solib turgan dehqonga
bir ekyu uzatdi.
– Juda yaxshi, – deya gap qotdi knyaz, – sizda nazokat va saxovat
bor ekan! Juda, juda ham yaxshi! – Shunday deya u otini yeldirib ket-
di. Qalbi ahmoqona bir zavqqa to‘lgan Jyulen uning ortidan ot qo‘ydi.
«Ah, agar men shunday bo‘lganimda edi, Matilda mendan anavi
Kruaznuani afzal ko‘rmasdi!» U knyazning bu bema’ni tentakligidan
qanchalik achchig‘lansa, o‘zidan shuncha qattiqroq nafratlanar va
o‘zi ham shunday bo‘la olmasligidan o‘kinib, knyazning bu qiliqlariga
qoyil qolar edi. Inson zotining o‘zidan o‘zi jirkanishi bundan ortiq
bo‘lmasa kerak.
Knyaz chindan ham Jyulenning nimadandir ruhi tushganligiga
ishonch hosil qildi.
– Gap bunday, azizim, – dedi u ular Strasburgga kirib borishar
ekan. – Bu ishingiz yaramaydi endi. Nima, butun boyligingizdan
ajralib, xonavayron bo‘ldingizmi? Yoki, ehtimol, biror aktrisa qizni
sevib qolgandirsiz?
Ruslar fransuzlarning urf-odatiga juda taassub qilishadi-yu, lekin
bu sohada ular taxminan ellik yil orqada yurishadi. Hozir ular Lyudo-
vik XV asriga taqlid qilishardi.
Sevgi haqidagi bu hazil-huzul gaplardan Jyulenning ko‘ziga tirqi-
rab yosh chiqib ketdi. «Xo‘sh, bu ajoyib yigit bilan maslahatlashsam
nima qiladi?.. » – deya xayolidan o‘tkazdi u.
– Ha, do‘stim, – dedi u knyazga qarab, – siz chindan ham dilim-
dagini topdingiz. Afsuski, men oshiq bo‘lib qoldim; undan ham
battari, mendan yuz o‘girishdi. Dilbar bir ayol, u shu yerga yaqin bir
shaharchada yashaydi, meni uch kun sevdi-yu, keyin esa birdan quvib
yubordi, shundan juda ruhim tushib yuribdi.
So‘ngra u kiyazga soxta ismlar bilan Matildaning fe’l-atvori va
xarakterini tasvirlab berdi.
438
– U yog‘ini aytmasangiz ham bo‘ladi, – dedi Korazov, – hakimlik
qiluvchiga ixlos qo‘ymog‘ingiz uchun sizning hikoyangizning davomini
o‘zim aytib beraman. Bu yosh xonimning eri juda badavlat odam yoki
ehtimol uning o‘zi juda asilzoda oiladan, menimcha shunisi to‘g‘riroq
bo‘lsa kerak. Xullasi kalom, u mag‘rurlansa arziydigan ayol.
Jyulen indamay bosh irg‘adi: yana biror gap aytishga uning ma-
tonati yetishmadi.
– Juda yaxshi! – deya javob qildi knyaz. – Mana sizga uch dona
hapdori, lekin ancha achchiq o‘ziyam. Marhamat qilib, uni darhol
yutib yuboring:
1. Har kuni o‘sha xonim bilan... uning ismi nima edi?
– De Dyubua xonim.
– Ismdan ham bergan ekan o‘zi! – deya xitob qildi knyaz qotib-qo-
tib kular ekan. – Yo‘q, kechirasiz, tushunaman, bu siz uchun muqaddas
nom. Shunday qilib, siz har kuni de Dyubua xonim bilan uchrashib
turmog‘ingiz kerak. Lekin zinhor o‘zingizni undan sovigandek yoki
ranjigandek qilib ko‘rsatmang. Asrimizning buyuk qoidasi yodingiz-
da bo‘lsin: doim sizdan kutishayotgan ishning teskarisini qiling. Siz
o‘zingizni uning iltifotiga erishganingizdan bir hafta avval qanday
bo‘lsangiz, xuddi shunday qilib ko‘rsating.
– Eh, u paytda men mutlaqo xotirjam edim, – deya alam bilan
xitob qildi Jyulen. – O‘zimcha, unga achinaman xolos, deya o‘ylardim.
– Parvonaning qanoti sham alangasida kuyadi, – deya uning gapini
bo‘ldi knyaz, – dunyo kabi ko‘hna o‘xshatish bu.
1. Siz har kuni u bilan uchrashib turasiz.
2. Siz asilzoda xonimlardan birining ko‘nglini ovlay boshlaysiz,
lekin bu o‘rinda sira ham ehtiros namoyish etmaysiz, tushunarlimi?
Sizdan yashirib o‘tirmayman, juda qiyin rolni ijro etmog‘ingizga to‘g‘ri
keladi, siz ustomonlik qilmog‘ingiz lozim, lekin nayrangni sezib qo-
lishsa: tamom bo‘ldim deyavering.
– U juda aqlli, men esa g‘irt ahmoqman. Demak ishim chatoq, –
dedi so‘niq tovush bilan Jyulen.
– Yo‘q, faqat siz, chamasi, men o‘ylaganimdan ham ko‘proq oshiq
bo‘lib qolganga o‘xshaysiz. De Dyubua xonim, taqdir juda oliy nasab
yoki sanoqsiz boylik ato etgan barcha ayollar kabi, faqat o‘z shaxsiyati-
ni o‘ylasa kerak. U sizga emas, o‘ziga ko‘proq e’tibor beradi, binobarin,
u sizni bilmaydi. Dilida sevgi jo‘sh urgan o‘sha ikki-uch visol damlarida
u o‘z xayolotiga zo‘r berib, sizning timsolingizda asl holingizni emas,
balki o‘zi o‘ylab chiqargan qahramonni ko‘rgan.
439
Eh, jin ursin! Buning turgan-bitgani alifbo-ku, azizim Sorel, siz
maktab bolasi emassiz-ku axir!..
Gap bunday! Qani, manovi magazinga kiraylik-chi, mana sizga
ajoyib qora galstuk, uni Berlington-stritdagi Jon Andersonning o‘zi
tikkan, deb o‘ylash mumkin. Marhamat qilib, uni taqib oling-da,
bo‘yningizda osilib turgan anovi bedavo qora arqonni tashlab
yuboring.
– Xo‘sh, ayting-chi, – deya davom etdi knyaz Strasburgning oldi
zarbofchisining magazinidan chiqishar ekan, – qanday jamiyatda ara-
lashib yuradi o‘sha de Dyubua xonim? Yo Xudoyim! Shunaqayam ism
bo‘ladimi! Jahlingiz chiqmasin, azizim Sorel, chin so‘zim, shunchaki
og‘zimdan chiqib ketdi... Xo‘sh, kimning ko‘nglini ovlaysiz?
– Juda odobli bir ayol bor. Uning otasi paypoq fabrikasining egasi,
nihoyatda badavlat odam bo‘lgan. Bu xonimning ko‘zlari juda ajoyib,
bunaqasini sira ko‘rgan emasman, menga juda yoqadi bu ko‘zlar. U
shaharning oldi ayoli hisoblanadi. Lekin barcha bu ustunliklariga
qaramay, agar oldida tijorat va do‘konlar haqida so‘z ochishsa, xonim
xijolat tortib, qizarib ketadi. Baxtga qarshi, uning otasi Strasburgning
mashhur savdogarlaridan biri bo‘lgan ekan.
– Demak, – kula-kula uning gapini ilib ketdi knyaz, – agar firib
berish haqida so‘z ochishsa, o‘sha jononingiz siz to‘g‘ringizda emas,
o‘zi haqida gapirishyapti, deb o‘ylaydi. Uning bu tentakligi juda
ajoyib va siz uchun g‘oyat foydali: u sizga xonimning ohu ko‘zlarini
ko‘rganingizda es-hushingizni yo‘qotmasligingizga imkon beradi.
Muvaffaqiyatga erishuvingiz muqarrar.
Jyulen de lya Mollar xonadoniga tez-tez kelib turadigan marshal-
ning bevasi de Fervak xonimni nazarda tutgan edi. Bu chet ellik go‘zal
xonim marshalga uning o‘limidan bir yil oldin turmushga chiqqan edi.
Chamasi, uning butun umri bir maqsadga: o‘zining fabrika egasining
qizi ekanligini barchaning xotirasidan o‘chirishga bag‘ishlangandek
edi, Parijda obro‘ orttirmoq uchun esa, u ezgulik tarafdori bo‘lgan
xotinlarga boshchilik qilmoqqa jazm etgandi.
Jyulen knyazga sidqidildan qoyil qolgandi: uning barcha bu ten-
takliklariga ega bo‘lmoq uchun u hech nimani ayamagan bo‘lardi! ikki
do‘stning suhbati juda cho‘zilib ketdi. Korazovning boshi osmonda edi,
hali bironta ham fransuz uning so‘zlarini bu qadar uzoq tinglamagan
edi. «Mana, nihoyat, maqsadimga ham erishdim, – deya tantana qilar-
di o‘zicha knyaz, – mening ustozlarim gapimga quloq solishyapti va
mendan aql o‘rganishyapti».
440
– Demak, siz bilan kelishib oldik, – deya takrorlardi u Jyulenga
o‘ninchi marta. – De Dyubua xonimning oldida o‘sha paypoq fabri-
kasining qizi bo‘lmish farishta bilan gaplashayotganingizda ehtiros-
dan asar ham ko‘rsatmaysiz. Xatlarda esa, aksincha, otashin ehtiros
namoyish eting. Qotirib yozilgan ishqiy maktubni o‘qish – tegma nozik
xonimga beqiyos lazzat bag‘ishlaydi, bunday maktubni o‘qiyotganida
u huzur qilib dam oladi. Bu o‘rinda ustomonlik qilishingizga hojat
qolmaydi, endi u o‘z qalbiga quloq solishi mumkin. Shunday qilib,
unga har kuni ikkitadan maktub yo‘llang.
– Yo‘g-e, zinhor unday qilolmayman! – deya xitob qildi kapalagi
uchib Jyulen. – Undan ko‘ra meni o‘g‘irga solib yanchsinlar, men ikki
satr jumlani ham insho etolmayman, mutlaqo murdaman, azizim,
qo‘limdan hech nima kelmaydi. Mayli meni shu yerda tashlab keta
qoling, shundoq yo‘l chetiga yotaman-u jon beraveraman.
– Qandaydir jumla insho etasiz, deb sizga kim aytdi?
– Mening safar sandig‘imda olti jild ishqiy maktub yotibdi. Hamma
turidan, har qanday ayol xarakteriga mos keladiganidan bor. Ezgulik
tarafdori uchun ham topiladi! Mana do‘stim Kalisskiy Londondan o‘n
uch chaqirim naridagi Richmond-Terrasda butun Angliyadagi eng
go‘zal kvaker xonimga xushomad qilib yurgan edi.
Jyulen do‘sti bilan tun soat ikkida xayrlashar ekan, o‘zini endi u
qadar baxtsiz his etmasdi.
Ertasi kuni knyaz uyiga kotibni taklif qildi, ikki kundan keyin esa
Jyulen hafsala bilan nomerlangan hamda eng yuksak va eng zerikarli
ezgulik ustidan g‘alaba qozonishga mo‘ljallangan ellik uchta ishqiy
maktubga ega bo‘ldi.
– Ellik to‘rtinchi maktub yo‘q, – dedi knyaz, – zero Kalisskiyni
yaxshi gap bilan quvib yuborishibdi. Lekin sizta baribir emasmi,
oxir-oqibatda, paypoq fabrikantining qizi sizni ham haydab yuborsa
nima qilibdi? Siz axir faqat de Dyubua xonimning yuragiga ta’sir
o‘tkazmoqchisiz-ku.
Ular har kuni: ot minib birga sayr qilishardi. Knyaz Jyulenni juda
yaxshi ko‘rib qoldi: Unga daf’atan qo‘yib qolgan mehrini qanday izhor
qilishni bilmay yurgan knyaz oxiri yigitga badavlat merosxo‘r bo‘lmish
o‘z xolavachchalaridan biriga uylanishni taklif qildi.
– Unga uylanganingizdan keyin esa, mening ta’sirim va manovi
ordeningiz yordamida siz ikki yildan so‘ng polkovnik bo‘lib olasiz.
– Lekin bu xoch bilan meni Napoleon mukofotlagan emas-ku,
buning yo‘rigi boshqa.
441
– Nima farqi bor? – deya javob qildi knyaz. – Uni Napoleon ta’sis
etgan-ku, u baribir Yevropada eng oliy orden hisoblanadi.
Jyulen uning taklifiga deyarli rozi bo‘lib qo‘ygan edi-yu, lekin
burchi oliy hazratning oldiga borishni taqozo etardi; Korazov bilan
xayrlashar ekan; u do‘stiga xat yozishni va’da qildi. U o‘zi keltirgan
maxfiy notaga javob oldi-da, Parij tomon yelib ketdi, biroq ikki kungina
yolg‘iz o‘zi qolishi bilanoq Fransiya va Matildani tark etish Jyulenga
juda katta musibat bo‘ladigandek tuyuldi. «Yo‘q, men Korazov taklif
qilayotgan o‘sha millionlarga uylanmayman, – deya qaror qildi u. –
Lekin bergan maslahatidan foydalanaman.
Axir ko‘ngilni ovlash san’ati – uning kasbi-ku. Mana, o‘n besh
yildirki, u biror boshqa ish bilan qiziqmaydi, – hozir u o‘ttiz yoshda-ku
axir. Uni aqli past deb bo‘lmaydi: u quv va epchil odam. Jo‘shqinlik,
poeziya bunday xarakterga to‘g‘ri kelmaydi, uning ruhi prokurornikiga
o‘xshaydi. U holda yanayam yaxshi, u to‘g‘ri mulohaza yurityapti, deya
o‘ylashga asos ko‘proq bo‘ladi.
Ha, xuddi shunday qilish kerak: de Fervak xonimga xushomad
qilaman.
To‘g‘ri, sal zerikarliroq bo‘lsa kerak, lekin men uning ajoyib ko‘zla-
riga tikilib yuraman, bu ko‘zlar meni dunyoda hammadan ko‘proq
sevgan o‘sha ko‘zlarga juda ham o‘xshab ketadi.
U chet ellik ayol, demak, o‘rganmoq uchun yangi xarakter bo‘ladi.
Men es-hushimdan ajralyapman, halok bo‘lyapman, shu boisdan
ham o‘sha do‘stona maslahatga rioya qilishim va o‘z qalbimga quloq
solmasligim kerak».
Do'stlaringiz bilan baham: |