92
Bizga ma’lumki, moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotni tuzishning asosi
hisoblangan asosiy gʻoyalar oʻtgan davr uchun daromadlarni aniqlash va
daromadlarni olish uchun sarflangan xarajatlarni solishtirish hisoblanadi. Bu
jarayonda daromadlar olingan vaqt sifatida iste’molchidan pul mablagʻlarining real
kelib tushish vaqtidan qat’iy nazar mahsulotlarni sotish vaqti tan olinadi. Masalan,
toʻlovni kechiktirish sharti bilan tovarlarni sotish jarayonida yuklab joʻnatilgan vaqt
daromad olingan vaqt sifatida tan olinadi. Vaholanki yuklab joʻnatilgan tovar
boʻyicha pul mablagʻlari keyingi hisobot davrida kelib tushadi.
Xarajatlarni aks ettirishning asosida ham muvofiqlik prinsipi yotadi. Bunda
tovarlarni tayyorlash va sotish bilan bogʻliq ishlab chiqarish va boshqa xarajatlar ham
amalga oshirish vaqtida hisobga olinadi, haqiqatda xarajatlar boshqa vaqtda amalga
oshirilsa ham.
Pul oqimi miqdoridan foyda miqdori farq qilishining yana bir muhim sababi
asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya hisoblashning buxgalteriya mexanizmi
hisoblanadi. Faraz qilaylik, korxona uskuna sotib oldi va buning uchun 1500 ming
soʻm toʻladi. Aniqki, xarid vaqtida korxona ixtiyoridan 1500 ming soʻm miqdoridagi
pul mablagʻi chiqib ketdi. Lekin buxgalteriyaning bu summani haqiqatda amalga
oshirilgan xarajat sifatida mazkur uskunaning foydali xizmat muddati davomida
moliyaviy-xoʻjalik faoliyati natijalariga amortizatsiya koʻrinishida bosqichma-
bosqich chegirib borish orqali oʻtkazib boriladi. Masalan, 10 yil davomida har yili
150 ming soʻmdan. Bu jarayonda korxonada hech qanday real pul toʻlovlari paydo
boʻlmaydi, lekin boshqa tomondan amortizatsiya xarajatlarining joriy xarajatlar
tarkibiga kiritilishi bois foyda miqdori kamaytiriladi.
Umuman ta’kidlash lozimki, bevosita tovar realizatsiyasi bilan bogʻlash va
aniq bir davr moliyaviy natijalariga kiritish bevosita mumkin boʻlmaganligi sababli
korxonalar faoliyatida muhim ahamiyatga ega boʻlgan haqiqatda amalga oshirilgan
toʻlovlar (xarajatlar) va tushumlarning koʻplab turlarini moliyaviy natijalar toʻrisidagi
hisobotga kiritib boʻlmaydi. Masalan, yuqorida tilga olingan kapital xarajatlar (asosiy
vositalar sotib olish) balansda aktivlarning oʻsishi koʻrinishida aks ettiriladi. Yana bir
jihat, qarz mablagʻlari jalb qilish, ularni qoplash, taqdim etish boʻyicha operatsiyalar,
xususiy kapital emissiyasi, boshqa kompaniyalardagi ulushlarni sotib olish va boshqa
shu kabilar ham aniq sana boʻyicha tuzilgan balansda oʻz aksini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: