Yozuv materiallari tarixi
Paleografiyada yozuv materialining vujudga kelishi va takomilini o’rganish hozirgi vaqtda alohida ilmiy yo’nalish kasb etdi. qadimda yozuv materiali nimadan iborat bo’lganligini arxeologik tadkiqotlar tufayligina aniqlash mumkin. Jahonning turli hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar davrida har xil buyumlarga o’yib yozilgan bitiklar topilgan. Mutaxassislarning fikricha, eramizdan avvalgi VIII—V asrlardan boshlab O’rta Osiyo , Kavkazorti va qora dengizning shimoliy sohillarida yashagan xalqlar qoya toshlarga, hayvon terisiga, sopol va yog’och taxtachalarga turli voqealarni o’yib yoki rangli siyohlarda yozganlar. Yozuv materiallari tarixini o’rganar ekanmiz, Vizantiya yoki yaqin Sharqda xat dastlab papirusga, pergamentga (teriga), qog’ozga bitilganini ko’ramiz. Ma'lumotlarga qaraganda, eramizning IV—V asriga qadar yozuv materiali sifatida papirusdan keng foydalanib kelingan. V asrda pergament ixtiro etilishi bilan papirus iste'moldan chiqqan. Rusda Vizantiya yoki Sharqdan olib kelingan pergamentdan yozuv materiali sifatida foydalanilgan. XIII asrdan boshlab mahalliy mutaxassislar o’zlari pergament ishlab chiqara boshlaganlar. Pergamentdagi yozuvlar eskirishi bilan unga qayta ishlov berilib, yana foydalanilgan. Rusda pergamentdan tashqari daraxt po’stlog’idan ham yozuv materiali sifatida foydalanilgan. Arxeologik qazishmalar tufayli keng hududdan kundalik xo’jalik hayotiga oid ma'lumotlarni ifoda etuvchi yozuvlar bitilgan 500 ga yaqin daraxt po’stlog’i topilgan. Bu yozuvlar suyak va metalldan yasalgan o’tkir buyumlar bilan o’yib yoki tirnab bitilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyot ko’chayishi natijasida yozuvning roli oshib borgan hamda kishilarning yozuv materiallariga ehtiyojini kuchaytirgan. Ma'lumotlar xilma-xil yozuv materiallarini ishlab chiqarish IIIarq mamlakatlarida keng taraqqiy etganligi, keyinchalik bu Evropaga kirib keltanligidan dalolat beradi. Masalan, Evropaga qog’oz eramizning boshlarida Xitoy va hindistondan kirib keldi, ilk o’rta asrda Evropaning barcha hududida qog’ozga yozish rasm bo’ldi. Tekshirishlar ikki xil—bombitsina va shaxsiy qog’ozdan foydalanilganini ko’rsatadi. Bombitsina qog’ozi paxtadan va kanop, zig’ir tolasidan vujudga kelgan. Bu qog’oz turi qalin, sarg’ish, ba'zan juda silliqlangan, unga to’lqinsimon chiziq tushirilgan. qadimda Sharq va Evropada asosan bombitsina kog’ozi ishlatiltan. Ba'zi mutaxassislarling fikricha paxtadan qog’oz tayyorlash usuli g’arbga Sharqdan o’tgan. Ammo mikroskopik tekshiruvlar shuni ko’rsatadiki, bombitsina kog’ozi yoki umuman qog’ozlar qalin, notekis, dag’al bo’lgan. Vaqt o’tishi bilan qog’ozning sifati yaxshilana borib, hozirgi holatga kelgan. Yozuv materiallaridan yana biri grifel taxtachasi bo’lib, Rossiyada undan XVIII asrdan boshlab foydalanilgan. Grifel taxtachasi qora slanetsdan yasalgan, yupqa, yog’och ramkaga joylangan, kattaligi hozirgi daftarlar hajmiga to’g’ri keladi. Grifel taxtachaning ikki tomonidan ham foydalanilgan. Bu taxtacha yozuvni dastlab o’rganayotganlar uchun juda qulaydir. Chungi doskadagi yozuvni o’chirish oson bo’lgan, bu esa qog’ozni tejash imkonini bergan. Grifel taxtachasi XVIII asrdan XX asr boshlarigacha Rossiyaning barcha hududida to’liq iste'molda bo’lgan. Yozuvlarni turli materiallarga tushirishda rang-siyoh juda katta o’rin egallagan. Dastlab teridagi yozuvlar oq, qora ranglarda bitilgan. Bu siyohlar o’simlik, hayvon yog’i va turli rangli tosh unidan qilinsa-da, qanday tayyorlanganligi asrlar davomida sir tutilgan. Siyoh dastlab Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida tayyorlangan. Hozirgacha foydalanib kelingan siyohlar turli birikmalar asosida vujudga kelgan. Masalan, glitserin, temir kukuni, tanin, shellak, arpa, sirka, bur, kvas, tuz va karbol kislotasi, qayin bargi, dub, olxa, olma, somon kuli, shavel, qand, nordon va chuchuk asal, olcha mo’mi, limon soki va boshqa moddalardan rangli siyoh tayyorlangan. Xattotlar teri va qog’ozdagi yozuvlarning o’ziga xos qiymatini oshirishda turli ranglardan foydalanganlar, ya'ni sarlavha, xatboshi va so’zboshi qizil siyohda yozilgan. G’arbda tarkibida qo’rg’oshin kuporosi, kinovar va boshqalar bo’lgan surik siyohi ishlatilgan. Vizantiyada esa pupur yoki imperator siyohidan foydalanilgan. Ammo bu siyoh qimmat bo’lganligi uchun oddiy siyoh (maymunjon) o’simligini ishlatish rasm bo’lgan. Qadimgi slavyan qo’lyozmalarini yozish uchun surik va o’simlik (maymunjon) rangidan foydalanilgan.
Qo’lyozmalarning bezagi va shakli
Qo’lyozmalarni bezatish va ularning shaklini o’rganish paleografiyada alohida o’rin egallaydi. Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, insoniyat yozuv materialidan foydalana boshlagandan to hozirgi kungacha uning hajmi, bezagi sodda holat va ko’rinishdan murakkab va aniq nuqtaga keldi. Lekin bu yozuv materiallarining hajmi va bezagi o’zgarmas, degan ma'noni bildirmaydi. U inson talab va ehtiyojiga qarab mukammallashib, nafislashib va go’zallashib boradi. Dastlabki yozuv materiallari: papirus, pergament, yog’och va boshqalar shakli bir xil bo’lmagan. Yozuv materiali yozilishi zarur bo’lgan ma'lumotning hajmiga qarab tanlab olingan. qog’oz yaratilishi bilan uni malum shaklda chiqarish ehtiyoji tug’ildi. qog’ozning dastlabki shakli hozirgi yozuv qog’ozlarga nisbatan ikki baravar katta bo’lgan. qog’ozlar alohida-alohida ham, to’rt yoki sakkiz varaqli daftar holida ham bo’lgan. Qadimgi qo’lyozmalar daftar holida tayyorlangan qog’ozlarning har ikki betiga bitilgan. Bu qo’lyozmalar hajmiga qarab muqovalangan. Agar qalin bo’lsa, jildi yaxshi materialdan qilingan. Bizgacha etib kelgan qadimgi qo’lyozmalar qimmatbaho teri bilan ishlangan muqovalardadir. Ba'zi jildlarning yuzi oltin, kumush va qimmatbaho toshlar bilan ham bezatilgan. Yozuv materiali vujudga kelib, undan foydalana boshlash bilan uni bezatish ishlariga ham asos solindi. Yozish uchun tayyorlangan qog’ozlar hoshiyasini bezatishning o’ziga xos tarixi bor. Dastlabki ko’lyozmalar hoshiyasiga turli geometrik belgilar tushirilgan. Davr o’tishi bilan musavvirlar qog’ozni bezatishning yangi usullarini joriy etib, takomillashtirib borganlar. Masalan, zanjirsimon, to’lqinsimon kesishgan ikki chiziq tasviri, girdobsimon tasvir va boshqalar. qadimgi Rusda yuqoridagicha bezash uslubi bilan Vizantiyadan o’tgan bezash uslubi mavjud bo’lgan. Vizantiyacha bezash uslubi Rusniig janubiy hududlarida keng tarqalgan. Vizantiya bezagi oddiy geometrik shakllardan iborat bo’lib, so’ngi antik davr me'morchiligi ko’rinishlarini o’zida saqlab qolgan. Bu uslubda doirasimon, to’g’ri uchburchak, to’g’ri burchakli belgilar ishlatiladi. Ishlatilgan har bir geometrik belgining mazmuniga qarab uning turli tomonlariga barg, gul, novda tasviri tushirilgan. Qo’lyozmani bezashning vizantiyacha uslubidan yana biri qog’oz yuziga to’g’ri burchakli chiziqlar, doira, gumbazsimon, yoysimon yoki piramidasimon tasvir tushirishdir. Shu bezaklarni tushirgan musavvirlarning muhri yoki ismi yo familiyasining bosh harfi ham qog’ozda o’z aksini topgan. Bular turli qush, hayvon hamda geometrik belgilardan iborat bo’lgan. XIII asrdan boshlab Rusda Vizantiya uslubiga mansub bo’lgan rombsimon va yuraksimon ko’rinishdagi yirik katakli bezaklar o’z qiymatini yo’qota borgan, mahalliy aholi orasidan chiqqan musavvirlar ta'siri ostida qog’ozni bezashning yangi usullari vujudga kela boshlagan. Shu vaqtda qo’lyozmalar hoshiyasiga turli afsonalar bilan bog’liq tasvirlar tushirila boshlandi. Ya'ni geometrik belgilar va turli daraxt shoxlari bilan bir qatorda afsonaviy hayvonlar, qanotli sherlar, yirtqich qiskichbaqa, kaltakesak, ajdar kabilar tasvirlangan. XVI asrning o’rtalaridan boshlab kitob va qo’lyozmalarni bezashning yangi uslubi yuzaga keldi. Rossiyada kitob bosishning vujudga kelishi ham bunga ijobiy ta'sir ko’rsatdi. Dastlabki bosma kitoblar qora va oq rangda bezalgan. Shu bilan birga kitob asosan geometrik bezaklar bilan ishlangan. Kitobga va qo’lyozmalarga ehtiyojning ortishi ularni bezashning takomillashuvini taqozo etdi. Natijada kitobga 3 xil rang bilan bezak berila boshlandn. Bezash ishlarining murakkablashuvi tufayli san'atdagi o’ziga xos yo’llar: XVII asrda — barokko; XVIII asrda — rokoko; XIX asr boshida — ampira vujudga keldi. Barokko uslubi XVI asrda Italiyada yuzaga kelgan, Rossiyaga nemislar va polyaklar uslublarini o’ziga singdirgan holda kirib kelgan edi. Bu uslubda qog’oz hoshiyasida quyidan yuqoriga o’sib chiqqan mevali o’simlik tasvirlangan. Shu bilan birga naqshlar to’g’ri, egri, karniz ko’rinishida tasvirlangan. XVIII asrga kelib bezakning yangi uslubi — rokoko paydo bo’ldi. Dastlab bu uslub Frantsiyada qo’llanilgan, keyinchalik Evropadagi boshqa mamlakatlarga, shu jumladan Rossiyaga ham o’tgan. Rokokoda to’g’ri burchak ichida vazaga solingan nozik o’simlik va gullar tasvirlangan. Ampir — Italiya va Frantsiyada vujudga kelib o’zaro qo’shilib ketgan naqsh uslubi. Keyinchalik Evropaning boshqa mamlakatlarida keng tarqalgan. Rossiyaga esa XIX asr boshlarida kirib kelgan. Ampir maxsus ishlangan bezakdir. Unda bosiq ranglarda hayvon, jangovar qurollar, afsonaviy mahluqlar, qushlar va gullar tasvirlangan. Qadimgi qo’lyozmalar turli miniatyura tasvirlari bilan ham bezatilgan. Miniatyura tasvirlari qo’lyozma mazmuniga oid bo’lib, uni yoritishda muhim o’rin egallaydi. Dastlabki miniatyura tasvirlari vizantiyaliklar va slavyanlarning diniy mazmundagi yozma manbalarida uchraydi. Bu kitob va hujjatlarda xudo, payg’ambarlar, diniy marosimlar aks ettirilgan. Rus miniatyurasining umumiy rmvojlanishida tasviriy san'atning Vizantiyadan Evropa orqali o’tgan ba'zi tomonlari yo’qolib borganligini ko’ramiz. Miniatyuradagi peyzajlarda ko’pincha yalang’och tog’lar tasvirlangan. XV-XVI asrlar miniatyurasidagi peyzajlarda tog’lar tasviri haqiqatga yaqinlashgan. Ma'lumotlarga qaraganda, dastlabki miniatyura tasvirlar alohida qo’lyozmalarda uchraydi. Masalan, 12 jildlik Radzivilov yilnomasida XVI asrning ikkinchi yarmiga oid 16 ming sahifada tasvir bor. Bunday miniatyura tasvirlar XVII asrdagi qadimgi urfodatlar haqida hikoya qiluvchi qo’lyozmalarda ham uchraydi. Har bir miniatyuraning mazmuni voqelikka, rassom va xaridorning didiga moslangan. XII-XIII asrlarda pergamentga tasvirlar quyuq rangli bo’yoqlar bilan ishlangan. Bu pergamentlarda qadimgi tasvirlar uslubi saqlanib qolgan. XVII asrga kelib miniatyurada bosma va portret tasvir yaratildi. Bu sohaning asoschisi Semyon Ushakovdir. Bunda turli tarixiy voqealar, oddiy mehnatkash xalq, uning turmushi, xunarmandchilik soxalari haqqoniy tasvirlangan. Qo’lyozmalar me'morchilik inshootlari tasviri bilan ham bezatilgan. XVI asrning ikkinchi yarmidan boshlab rus miniatyuralarida cherkov, soborlar va boshqa muxim qurilishlar tasvirlangan. Masalan, Novgorod, Pskov, Vladimir, Suzdal, Moskva shaxarlaridagi yirik qurilishlar shu davr kitob va qo’lyozmalarida keng aks ettirilgan. Bu tasvirlar o’rta asrlar me'morchiligini o’rganishda ham, qo’lyozmalarni bezash usullarni tadqiq qilishda ham muhimdir. Qo’lyozmalarni bezashda maxsus dekorativ yozuv - vyaz (chirmashgan xat) keng qo’llanilgan. Bunda harflar uzluksiz, bir-biri bilan bog’langan holda davom ettiriladi. Vyaz uslubida qo’lyozmalarga, metall buyumlarga, qabr toshlariga, ikonalarga yozilgan. Bu yozuvlarning mazmuni toat-ibodat, nutq, esdalik, qadimgi yodgorliklarning nomlaridan iborat bo’lgan. Vyaz uslubidagi yozuv voqealarning boshlashini, tugashi bilan yoki yangi jumla yirik harf bilan boshlanishi bilan uziladi. Vyaz uslubidagi dastlabki yozuvlar XIV asrning birinchi yarmida paydo bo’ldi. XV asrda bu uslub rivojlandi, XVI asrlarga kelib har bir shaharning o’ziga xos alohida vyaz uslubi vujudga keldi. Vyaz uslubi vujudga kelgan davrda undagi harflar oddiy yozuvdagiga nisbatan 3-4 baravar katta bo’lgan, XVII asrga kelib esa 10- 12 baravar kattalashgan. Bu uslubdagi yozuvlar qizil va boshqa ranglar bilan bitilgan. Lekin vaqt o’tishi bilan harflarning tobora kattalashuvi uning o’qilishini yanada qiyinlashtirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |