PALEOGRAFIYA
Paleografiya tarixi. Uning fan sifatida paydo bo’lishi va rivojlanishi Paleografiya tarix fanining ko’makchi tarmoqlaridai bo’lib, tarixiyfilologik xarakterga ega. Fanning bu sohasi kishilik jamiyati taraqqiyoti davomida vujudga kelgan turli yozuvlar xarakterini, mazmunini, uning rivojlanib, hozirgi ko’rinishga qay tariqa kelganini o’rganadi. Paleografiya atamasi grekcha “paleos – “qadimgi”, “grafio” – “yozaman” so’zlari, birikmasidan iborat. Bu atama fanga birinchi marta ilmiy paleografiya asoschisi frantsiyalik monax Bernar de Monfokon (1665-1741 yillar) tomonidan 1708 yilda kiritilgan. Paleografiya − yozuv belgilarining yaratilishi va ularning rivojlanishini o’rganuvchi tarixiy-filologik fan; nazariy paleografiya tarixan o’zgargan yozuv xususiyatlarining qonuniyatlarini aniqlaydi; amaliy va tavsifiy paleografiya muayyan qo’lyozmaning qachon va qaerda yaratilganini, uni yozgan yoki ko’chirgan shaxsning ishtirokini hamda kotiblarnint ish hajmini aniqlash maqsadida kotiblarning yoki ayrim qo’lezmalarning individual (o’ziga xos) jihatlarini o’rganadi. Paleografiya mustaqil fan sifatida diplomatika (qadimgi hujjatlar, yorliqlar va yozma manbalarning haqiqiyligini aniqlovchi soha)dan ajralib chiqqan. Paleografiyaning asosiy vazifasi — sanasi ko’rsatilgan qo’lyozmalar yozuvining xronologik va hududiy xususiyatlarini aniqlash va tartibga solish va shu asosda muayyan matnda uning yozilish vaqti va joyi ko’rsatilmagan, bu haqda bilvosita ma'lumotlar bo’lmagan qo’lyozmalarning ham davri va joyini aniqlashdir. Paleografiya adabiyot yodgorliklaridan tashqari diplomatik yozuvlar, tanga, muhrlar, tosh yoki qattiq jismlarga tushirilgan yozuvlarni ham o’rganadi, tasviriy san'at yodgorliklarini ham qamrab oladi. Paleografiya alohida fan sifatida Evropada, dastlab Frantsiyada XVIII asrning birinchi yarmida vujudga keldi va rivojlana boshladi. Boshqa mamlakatlarda esa paleografiyadan turli yozuvlarni o’qish, o’rganish, hujjatlarni aniqlashda foyndalanildi xolos. XVIII asr oxiri-XIX asrning boshlaridan paleografiya Evropa, Osiyo, Amerika mamlakatlarida rivojlana boshladi, yirik ilmiy muassasalar ochildi. Bu davrda I. Fridrix, E. Loukotki, D. Diringer, J. Xanmer, S. Lengdon, P. Meridji, K. Brike, G. Noyman, I. Gross kabi yirik paleograflar etishib chiqdi. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiyada ham K.N. Nevostruev, E.F. Karskiy, N.P. Lixachev, A.V. Garskiy, I.S. Belyaev, A.I. Sobolevskiy kabi olimlar paleografiyaga doir darsliklar, ilmiy asarlar yaratdilar. Sovet davrida boshqa fanlar qatori paleografiyaning ham taraqqiy etishiga yo’l ochib berdi. Shuningdek, paleografiyaga oid o’quv qo’llanma va darsliklar yaratildi. Masalan, 1918 yili V.N. Shepkinning “Russkaya paleografiya” asari chop etildi. Bu darslik juda katta ilmiy qimmatga ega bo’lganligi sababli 1967 yilda qayta nashr etildi. Ikkinchi jahon urushidan so’ng sobiq Ittifoqda paleografiyaga doir bir qator darsliklar, albomlar va ilmiy asarlar yaratildi. Paleografiya taraqqiyoti er yuzida yozuv qachon vujudga kelganligini aniqlash imkoniyatini berdi. To’plangan boy yozma manbalar (belgilar, suratlar, buyumlar, harflar va boshqalar) u yoki bu xalqlarning urf-odati, madaniyati hamda turli voqealar to’g’risida ma'lumot beradi. Insoniyat yozuvga etib kelguncha o’z boshidan uzoq davrni kechirgan, Nutqni yozib olish uchun esa bir necha ming yil ilgari maxsus belgilar qo’llanila boshlandi. Topilgan ashyoviy buyumlar, dastlabki rasm belgilar bundan 6-7 ming yil ilgari paydo bo’lganligidan dalolat beradi. Buyumlardan mnemonika (eslatish) vositalari sifatida foydalanish hozirgi yozuvga olib keluvchi uzoq yo’ldagi birinchi qadamdir. Bu belgilar faqat inson fikrini ifodalagan. Vaqt o’tishi bilan buyumlarga aniq ma'no berilgan. Ular narsalarni bildiruvchi, oldindan kelishib olingan o’ziga xos signallar, shartli belgilar hisoblangan. Buyumga ma'no birkitib qo’yishning bu usuli buyumli yozuv deb atalgan. Buyumli yozuvdan foydalanish Osiyo, Afrika va Amerika qit'asi xalqlari orasida keng tarqalgan va uzoq davom etib kelgan. Masalan, “Vampum” kamari Shimoliy Amerika hindularining buyumlar yozuvi bo’lib, shakli ajoyibdir. “Vampum” kamari turli rangli chig’anoqlardan iborat. Chig’anoqlarniig joylashuvi, rangi, soni muayyan ma'noni bildirgan. Peru davlati hududida yashagan qadimgi aholi o’rtasida ishlatib kelingan tugunlardan iborat yozuv ham buyumli yozuvning ajoyib namunasi bo’la oladi. Hindistonda yashagan qadimgi xalqlar yozuv sifatida dastlab turli rangdagi buyumlarni ishlatganlar. Masalan, qora rang - baxtsizlikni, binafsha rang - xavf-xatarni, qizil rang - urushni bildirgan va hokazo. Ammo buyumli yozuv o’zining asosiy vazifasini bajara olmadi, ya'ni insoniyat tomonidan yaratilgan bilimlarni saqlab, yodlab qoladigan o’ziga xos xotiraga aylanmadi. Insoniyat taraqqiyotining jadallashuvi, murakkablashuvi yozuvning vujudga kelishini tarixan taqozo etdi. Piktografiya - rasmlardan iborat bo’lgan yozuv. hozirgi yozuvga o’tishda yangi qadam bo’ldi. Rasmlardan iborat yozuvning xususiyati shuki, bunda fikr ayrim tushunchalarga ajratib emas, balki to’la ifodalanadi. Piktogramma harakatni, voqea-hodisani tasvirlaydi, lekin og’zaki tilni, buyumlarning nomlarini mutlaqo aks ettirmaydi. Piktogramma nimani tasvirlasa o’shani ifodalaydi, unda simvolika yo’q. Piktografiya dastlab ibtidoiy san'at sifatida vujudga kelgan. Arxeologlar eng qadimgi tosh davri (paleolit)ga mansub qoya tosh suratlarini topganlar. Bu davr odamlari turli hayvon, qush, odamlarning tasvirini toshga tushirganlar. Piktografik yozuv neolit davrida (eramizdan avvalgi 5-8 ming yilliklar orasi) to’liq shakllangan. Piktografik belgilardan hozir ham keng foydalanilmoqda. Ideografiya. Jumlalarning ayrim tushunchalarga, so’ngra so’zlarga bo’linishi - ideografiya hozirgi yozuvga olib keladigan yo’ldagi bosqichlardan biri bo’ldi. Piktogramma alohida elementlarga bo’linmasdan, faqat tugallangan fikrnigina ifoda etardi. Ideografiya esa butun so’z yoki tushunchani ifodalovchi tasvir bo’ldi. Ilk quldorlik davridan boshlab ideografiya Misr, Shumer, Xitoy, Krit oroli va Mesopotamiyada rivojlandi. Ideografik yozuv axborot mazmunini bayon qilishi bilan birga tilning lug’aviy tarkibini ham belgilab berdi. Bu esa ma'nosi aniq va tasvirlanishi oson bo’lgan so’zlar uchun belgi — ideogrammalar yaratilishiga olib kelgan. Ideografik shakl barcha tillarda o’z mazmunini saqlab qolgan. Matematika, fizika, ximiya fanlaridagi hozirgi vaqtgacha saqlangan qoida va belgilar shular jumlasiga kiradi. Ideografik shakllar mavhum tushunchalarni belgilar bilan ifodalab bersa-da, ammo so’zlar orasidagi bog’liqlikni keltirib chiqara olmaydi. Bir necha ming belgi mavjudligi esa uni o’rganishni mushkullashtirgan. Jamiyat taraqqiyoti ideografik belgilar o’rniga oson o’rganish mumkin bo’lgan sodda yozuvni vujudga keltirishni taqozo etgan. Natijada aytilgan fikrlarni eshitilishi bo’yicha yozishga o’tila boshlandi. Eramizdan avvalgi uch minginchi yillarda Shumer hukmdorlari harbiy yurishlarning yakunlari to’g’risida ma'lumotni (shahar, qishloq nomlari, shaxslar) “rebus” uslubida yozib qoldirganlar. Bu esa bo’g’inli yozuvga olib boradigan murakkab yo’lda qo’yilgan yangi qadam edi. Dastlab bo’g’inli yozuv qadimgi misr, shumer, osuriy, bobil, qadimgi fors, xitoy yozuvlari va boshqa ideografik yozuvlardan ajralib chiqadi. Birinchi alifbo eramizdan avvalgi ikki minginchi yillikda finikiyaliklar tomonidan yaratilgan. U 22 harfdan iborat bo’lib, harflar faqat undosh yoki unli tovushlardan tuzilgan bo’g’inlarni ifodalagan. Bunga sabab shuki, finikiyaliklar tili semit tillari gruppasiga kirgan. Bu tilda undosh tovushlar asosiy o’rin egallaydi. Finikiya alifbosi yozshiga va yodlab olishga qulay bo’lganligi uchun ko’pchilik olimlar misr yozuvi, ossuriya—bobil yozuvi, kritomiken yozuvi ham shu asosida vujudga kelgan, degan fikrga kelganlar. Keyinchalik finikiyaliklar alifbosidagi harflar yunon va oromiy yozuvlaridan o’zlashtirib olingan. Osiyodagi ko’p harfli-tovushli yozuvlar qadimgi oromiy yozuvidan kelib chiqqanligi aniqlangan. Yunon alifbosi esa g’arbdagi harfli-tovushli yozuv sistemasiga asos bo’lib kolgan. qadimgi yunonlarning o’chmas tarixiy xizmati shuki, ular unli tovushlarni ajratib, uning o’rniga alifboga maxsus belgilar kiritganlar va u hozirgi ko’rinishga kelgan. Hozirgi vaqtda er yuzida yozuvning to’rt yuzdan ortiq turi mavjud. Juda ko’p yozuvlarning kelib chiqishi va mazmuni aniqlanayotgan bo’lsada, muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Masalan, rus yozuvi tarixini o’rganish bo’yicha esa ancha ishlar qilingan bo’lsa-da, qadimgi shumer yozuvlari va finikiya alifbosining kelib chiqishi ham aniqlanmagan. Sobiq Ittifoqning Evropa qismida olib borilgan arxeologik qazishmalar jarayonida ilm ahli orasida katta qiziqish uyg’otgan noma'lum belgilar tushirilgan tosh, sopol taxtachalar, idishlar topilgan. Bu “sirli belgilar” uzoq o’tmishdagi jo’shqin hayot, voqealarning o’ziga xos “solnomasi” dir. Sirli yozuvlarni o’rganishda mutaxassislar ikki yo’nalishga: sarmat va slavyan yo’nalishiga ajraldilar. Sarmat yo’nalishi tarafdorlari “sirli belgilar” sarmat yozuvi desalar, slavyan yo’nalishidagilar bu belgilarni goh qadimgi antlar yozuvidagi harflarga, goh yunon alifbosiga yoki runik yozuvga mansub deb ko’rsatadilar. Qadimgi slavyan alifbosiga Kirill va Mefodiy (IX asrda yashagan aka-uka slavyan ma'rifatchilari, ilk slavyan alifbosi-kirillitsani yaratishgan) asos soldilar. Kirillitsa - 43 harfdan iborat alifbo. Yunon alifbosi asosida yaratilgan bu alifboda slavyan va yunon tillaridagi tovushlarning o’xshashligiga qarab bir xil harflar ishlatilgan. Garchi kirillitsada qadimgi slavyan tilining fonetik jihati nazarda tutilgan bo’lsa-da, unga oltita yunon harfi kiritilgan. Eramizning X asriga kelib kirillitsaning davomchisi glagolitsa vujudga keldi. Unda 39 ta harf bo’lgan. Bu alifbo harflarining shakli murakkabdir. Glagolitsa harflari raqamlar o’rnida ham ishlatilgan. Masalan, dastlabki 9 harf — birliklarni; keyingi 9 harf - o’nliklarni; oxirgi 9 harf yuzliklarni bildirgan, “ch” harfi esa minglikni ifoda etgan. Sobiq Ittifoqning Evropa qismidagi bir qator yodgorliklarda olib borilgan arxeologik qazishmalar davrida eramizning X-XI asridagi Rus yozuvlariga doir topilmalar aniqlangan. Bu yozuvlar kirillitsa asosida vujudga kelgan bo’lib, sopolga, daraxt po’stlog’iga va tosh plitalarga bitilgan. Smolensk shahri yaqinidagi Gnezdovo qabristoni o’rganilganda qabrlardan birida sopol ko’za topilgan. Uning yuzasiga yozuv tushirilgan bo’lib, “goroshna” degan ma'noni beradi. Bundan tashqari Kiev yaqinidagi arxeologik qazishmalarda urchuqning sopol toshlari topilib, uning aylana yuziga “Potvorin pryaslen 6” deb yozilgan. 1068 yilga oid bo’lgan topilma — tmutarakan toshining yuzasiga 67 harfdan iborat “Tmutarakandan Kerchgacha 14 ming sajen” degan yozuv tushirilgan. Novgorod va boshqa joylardan ko’plab qayin po’stlog’iga bitilgan yozuvlarning topilishi mutaxassislar orasida katta shov-shuvlarga sabab bo’ldi. Chunki asrimizning 50-yillarigacha ko’pchilik olimlar Rusda faqat knyazlar, boyarlar, cherkov xodimlarigina yozuv-chizuvni bilgan, oddiy hunarmandlar yoki umuman oddiy fuqaro xat-savodsiz bo’lgan, degan fikr yurardi. Qayin po’stlog’idagi bitiklar oddiy xalq ham savodli bo’lganligini tasdiqlaydi. harflar o’tkir buyumlar bilan timdalab yozilgan. Shunday qilib XI—XP asrlardan boshlab Rusda yozuvning taraqqiyotiga keng yo’l ochildi. Yilnomalar, diniy hamda iqtisodiy aloqalar sohasidagi bitiklarning turi ko’paygan. O’rganilayotgan alifbolarning turiga muvofiq, paleografiya arab paleografiyasi, turkiy paleografiyasi, hind paleografiyasi, xitoy paleografiyasi, yunon paleografiyasi, lotin paleografiyasi, slavyan paleografiyasi va boshqa turlarga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |