Sovun pishirish qozoni (50-rasm) silindrik korpus (1) dan, konussimon taglikdan va qopqoqdan tashkil topgan. Hosil bo‘lgan CO2 va ishlatilgan ochiq bug‘ni atmosferaga chiqarib yuborish uchun qozonni qopqog‘ida so‘ruvchi patrubok (5) bor. Qopqoq ostiga halqasimon purkagichlar (3 va 4) joylashtirilgan, ular orqali yog‘ kislotalari, yog‘lar, ishqor eritmasi, tuz eritmasi, issiq suv qozonga beriladi. Ko‘rish oynasi (6) sovun pishirish jarayonini kuzatish (ba’zan quruq tuzni solish uchun) uchun xizmat qiladi. Tindirilgan sovun yadrosi nasosga ulangan sharnirli sifon truba (7) orqali quyib olinadi. Sharnirli truba zanjir va lebyodka (2) yordamida harakatga keltiriladi. Sovun yadrosini qizdirish uchun zmeevik (8) o‘rnatilgan. Qozonni pastki qismida sovun osti ishqori va sovun osti yelimini bo‘shatish uchun shtutser (9) mavjud.
50 – rasm. Sovun pishirish qozoni
Davriy usulda xo‘jalik sovuni asosini tayyorlash sxemasi (51-rasm). Natriy karbonat va kaustik soda eritmalari, osh tuzi va suv, (1,3,4 va 7) o‘lchagichlardan (8,9 va 10) qozonlarga kelib tushadi. Bu eritmalar (24, 21 va 18) sig‘imlarda tayyorlanadi va (23, 20 va 19) nasoslar orqali tegishli o‘lchagichlarga uzatiladi. Yog‘ kislotalari, sintetik va naften kislotalari omborxonadan (2, 5 va 6) sig‘imlarga kelib tushadi va o‘z oqimi bilan sovun pishirish qozoniga tushadi. Kanifol bilan yog‘ kislotalari aralashmasi (15) aralashtirgichda tayyorlanadi va (16) nasos yordamida qozonga yuboriladi. (8) va (9) sovun pishirish qozonlarida yog‘li chiqindilarning sifatini yaxshilash jarayoni olib boriladi. Tiniq yadro bu qozonlardan (14) nasos orqali (10) sovun pishirish qozoniga uzatiladi. Sovun osti yelimi va sovun osti ishqori (12) nasos orqali (8 yoki 9) rdamchi qozonlarning biridan ikkinchisiga uzatiladi. Ayni shu nasos bilan (10) asosiy qozondagi sovun osti yelimi qayta ishlash uchun (8 va 9) qozonga beriladi. Qozon (8 va 9) lardagi sovun osti ishqori (13) sig‘im ga tushadi, bu yerda sovun ajratilgandan keyin u keyingi ishlov berishga yuboriladi.
Yog‘, sintetik va neft kislotalarining karbonatli sovunlanishi va kaustik tugal sovunlanishi (10) bo‘sh qozonda yoki tozalangan yadro ishtirokida (9 va 10) qozonlarda boradi. Tayyor bo‘lgan sovun asosi (9 va 10) qozonlardan filtr orqali (17) nasos yordamida (11) sovun yig‘gichga uzatiladi, u yerdan (22) nasos bilan sovutish, quritish va mexanik ishlov berishga jo‘natiladi.
51 – rasm. Davriy usulda xo‘jalik sovuni asosini tayyorlashning texnologik sxemasi
Sovun pishirishning bevosita usuli bo‘yicha ikkita ketma-ketlikdagi jarayon o‘tkaziladi: natriy karbonat (Na2CO3) eritmasi bilan karbonatli sovunlash va neytral yog‘ni o‘yuvchi ishqor (NaOH) eritmasi bilan sovunlash (kaustik tugal sovunlash). Karbonatli sovunlashda qozonga, ishchi konsentratsiyasi 28-30% bo‘lgan, natriy karbonat eritmasining hisoblangan miqdori solinadi, qaynaguncha ochiq bug‘ bilan qizdiriladi va avval qaynoq tabiiy yog‘ kislotalari va yog‘ o‘rnini bosuvchilar, keyin sintetik yog‘ kislotalari beriladi.
Karbonat angidridning ko‘p miqdorda hosil bo‘lishi natijasida, sovunli massani toshishini oldini olish maqsadida kislotalar asta-sekinlik bilan yaxshilab aralashtirib turgan holda beriladi. Teskari tartibda, ya’ni qozonga avval yog‘ kislotalari so‘ngra soda eritmalari solib bo‘lmaydi. Bunday holda nordon sovun hosil bo‘lib qolishi mumkin. Yog‘ kislotalarining neytrallash reaksiyasi issiqlik ajralishi bilan borganligi sababli, reaksiya ketayotgan massani faqatgina jarayonning boshlanishidagina isitiladi. Sovun massasini aralashtirish va karbonat angidridni oson ajralishi uchun qozonga davriy ravishda ochiq bug‘ yoki siqilgan havo berib turiladi. Yog‘li aralashmalar berib bo‘lingandan so‘ng, SO2 to‘liq ajralib chiqishi uchun bir qancha vaqt mobaynida massaga juda kam miqdorda bug‘ berib qaynatib turiladi. Sovunli massaga bug‘ berish to‘xtatilgandan so‘ng, uning hajmi o‘zgarmasligi va yuzasiga pufakchalar chiqmasligi karbonatli sovunlanish tugaganligini bildiradi. Massa tarkibidagi Na2CO3 miqdori 0,5% dan ko‘p bo‘lmaganda karbonatli sovunlanish tugagan hisoblanadi. Natriy karbonat konsentratsiyasi ko‘payib ketgan taqdirda massaga (qozonga) hisoblangan holda yog‘ kislotalari qo‘shiladi yoki qo‘shimcha qaynatiladi. Karbonatli massada yog‘ kislotalar miqdori 67-70% bo‘lishi kerak.
Karbonatli sovunlanish tugagandan so‘ng, tugal sovunlash uchun, qozonga konsentratsiyasi 40-42% bo‘lgan natriy gidroksid (NaOH) eritmasi kam-kam miqdorda massani qaynatib, bug‘ bilan aralashtirib turgan holda beriladi. Sovunlash jarayonida nordon sovun hosil bo‘lishini oldini olish maqsadida massada ortiqcha ishqor miqdori bo‘lishi shart. Jarayon oxirida ishqor miqdori 0,1-0,2% dan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Tugal sovunlanishda birinchi navbatda qozondagi yog‘ kislotalar neytrallanadi (shuningdek, nordon sovunlar va natriy bikarbonatlarni ham, agar ular bor bo‘lsa), keyin neytral yog‘ sovunlanadi. Sovunli massani 30 minut davomida qaynatilgandan so‘ng uning tarkibidagi erkin ishqor miqdori o‘zgarishsiz qolgan taqdirda, kaustik sovunlanish tugagan hisoblanadi. Shu usul bilan pishirilgan sovun yelimi quyiluvchan, bir xil tarkibli, yupqa qatlamda tiniq ko‘rinishga ega bo‘lishi, yog‘ kislotalari miqdori 60% dan kam bo‘lmasligi, o‘yuvchi natriy miqdori 0,2% dan ortiq bo‘lmasligi va erkin natriy karbonat miqdori 1% dan ortiq bo‘lmasligi kerak. Uni sovun uchun sig‘imga uzatiladi va sovitish quritish, mexanik ishlov berish uchun yuboriladi.
Bilvosita usul bilan sovun pishirish bilan olingan tayyor mahsulotga hid va ranggi bo‘yicha yuqori talablar qo‘yiladi.
Bilvosita usul bilan xo‘jalik sovuni pishirishning texnologik jarayoni quyidagi operatsiyalar ketma-ketligidan iborat: toza yog‘li xomashyo ishlatilganda, sovunlash, sovun yelimini yadro va sovun osti yelimiga ajratish bilan qisman tuzlash; tozalanmagan yog‘li xomashyo ishlatilganda, sovunlash, sovun yelimini yadro va sovun osti ishqoriga ajratish bilan to‘liq tuzlash, silliqlash. Sovunlash jarayoni bevosita usul bilan ham olib borilishi mumkin, ya’ni dastlab karbonatli sovunlash, keyin kaustik sovunlash orqali sovun yelimi olinadi. Olingan sovun yelimida sovun ko‘rinishida bo‘lgan yog‘ kislotalar miqdori 52% dan kam bo‘lmaydi.
Sovun yelimini qisman tuzlash elektrolitlar (osh tuzi yoki kaustik soda eritmalari) bilan olib boriladi. Buning uchun sovun yelimiga qaynayotgan va aralashtirilayotgan holda hisoblangan miqdorda elektrolit (20% li osh tuzi eritmasi) beriladi. Har bitta elektrolit porsiyasi berilganda sovunli massa, to elektrolit to‘liq yoyilib ketgunicha yaxshilab aralashtiriladi va qaynatiladi.
Sistemani yadro va sovun osti yelimiga ajralishini ta’minlovchi elektrolit konsentratsiyasi yog‘li aralashma retsepturasi va yog‘ kislotalar konsentratsiyasiga qarab belgilanadi. Odatdagi yog‘ retsepturasi bo‘yicha sovunni qisman tuzlash bilan pishirishda ishlatiladigan elektrolitlarning me’yoriy konsentratsiyalari quyida ko‘rsatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |