Raps (indov) moyi. Raps moyi raps (Vgassica campestris) urug’laridan presslab va kunjarasini erituvchilar (geksan, ekstraktsiya benzini) yordamida ekstraktsiyalab olinadi. Raps moyini yuqori eruk kislotali va eruk kislotasiz turlari mavjud. Eruk kislotasiz raps moyi «Kanola» nomi bilan mashhur bo’lib, oziq-ovqatda gidrogenlangani margarin ishlab chiqarishda ishlatiladi. Bu moy eruk kislotasi kam bo’lgan selektsiyalangan urug’lardan olinadi. Eruk kislotasiz raps moyini 150C dagi zichligi 911-918 kg/m3, qotish temperaturasi 0 dan 10°C gacha, yod soni 95-106% yod, 20°C dagi nur sindirish ko’rsatkichi 1,462-1,476 bo’lib, yog’ kislota tarkibi 4,0-5,0% palmitin, 5,0-6,0 stearin, 52,0-55,0% olein 24,0-26,0% linol, 10,1-11,5 linolen, 8-15% va 1,4-1,7% eruk kislotalaridan iborat. Yuqori eruk kislotali raps moyi texnik maqsadlarda ishlatiladi. Tozalanmagan raps moyi to’q yashil tusli bo’lib, rafinatsiyalash jarayonidan keyin och sariq rangli bo’ladi. Hom raps moyi o’ziga xos hid va ta’mga ega.
Makkajo’xori moyi. Makkajo’xori moyi makkajo’xori (Zeamays) urug’i murtaklaridan olinadi. Makkajo’xori murtaklari kraxmal, spirt va boshqa mahsulotlarni olish davrida hosil bo’ladi. Makkajo’xori murtaklari quruq va nam ishlov berish usullari yordamida olinib, namlik bilan ishlov berilgandan keyinsh hosil bo’lgan murtakdan olingan makkajo’xori moyi sifati, quruq usul bilan olingan murtakdan olingan moyni sifatiga nisbatan ancha past bo’ladi. Makkajo’xori moyini 15°C dagi zichligi 924-926 kg/m3, qotish temperaturasi 10°C dan 20°C gacha, yod soni 111-113% yod, 20°C dagi nur sindirish ko’rsatkichi 1,471-1,474, 20°C dagi kinematik qovushqoqligi 65,7-72,3 10-6 m2/s bo’lib, yog kislota tarkibi 4,9-18,7% palmitin, 6,2% gacha stearin, 23-49% olein va 48-56% linol kislotalaridan iborat. Makkajo’xori moyining rangi och sariqdan qizg’ish jigarranggacha bo’lib, o’ziga xos spetsifik ta’m va hidga ega. Moy tarkibida ma’lum miqdorda letsitin va tokoferollar mavjud.
Kanakunjut moyi (kastor moyi). Kanakunjut (kastor) moyi kanakunjut (Ricinus commmunis) urug’laridan presslab olinadi. Kanakunjut moyining davolash xususiyati qadimdan ma’lum. Hozirgi vaqtda kanakunjut moyining tibbiyotda 1% dan kamroq qismi ishlatiladi. Kanakunjut moyi asosan himoyalovchi parda va qoplamalar tayyorlashda keng foydalaniladi. Kanakunjut moyi tarkibida molekulasida gidroksil gruppasi bo’lgan ritsinal kislotasining miqdori ko’p bo’lganliga uchun qurimaydigan moy hisoblanadi. Kanakunjut moyi alkid va epoksid smolalari ishlab chiqarishda, terilarni oshlashda ishlatiladi, hamda parfyumeriyada va kimyo sanoatida enant aldegidi va undetsilen kislotasi olishda qo’llaniladi. Kanakunjut moyining 15°C dagi zichligi 950-974 kg/m3, qotish temperaturasi 10°C dan 18°C gacha, yod soni 82-91% yod, 20°C dagi nur sindirish ko’rsatkichi 1,477-1,479, 50°C dagi kinematik qovushqoqligi 11010-6m2/s bo’lib, yog’ kislota tarkibi 0,3-2,4% stearin, 0,1-9,0% olein, 3-10% linol va 80-94% ritsinol kislotalaridan iborat. Kanakunjut moyi asosan juda och rangli bo’ladi. Texnik navlari esa och sariq, ba’zida yashil tusli bo’lib, etil spirtida yaxshi eriydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |