Murabbiyning ekspressivlik qobiliyati. Kishilar muloqoti nafaqat verbal (so‘zda) holida, balki ekspressiv-emotsional darajada ham yuz beradi. Bu muomala san’atining eng muhim tarkibiy qismlaridan biridir.
Ekspressiv muloqot kishilarning o‘zaro munosabatlarida katta ahamiyatga ega. Jamoaning barcha norasmiy tuzilmalari (yetakchilik,
kichik norasmiy guruhlar, sotsial rollar, o‘zaro ta’sir va b.) ekspressiv muloqot natijasi sifatida o‘yinchilarda vujudga keluvchi yoqtirishlari yoki yoqtirmasliklari asosida o‘z-o‘zidan tashkil etiladi.
Murabbiyning his tuyg‘si va xulq-atvori o‘quv-mashq va tarbiyaviy vazifalarni hal etishda katta rol o‘ynaydi. Muloqotning ekspressivligi, emotsional rang-barangligi vaziyatni jonlantiradi.
Emotsional “yopiqlik”, irodasizlik murabbiyni hissiz va sovuq robotga o‘xshatib qo‘yadi, o‘quvchilarga qattiq talablar qo‘yilgan vaqtda, murabbiy tergovchiga aylanib qoladi. Aynan murabbiyning tegishlicha emotsional harakatlari salbiy hodisalarga nisbatan murosani shakllantirishi, tarbiyalanuvchilarga mehr berishi, ularni yaxshi ishlarga va bir-biriga nisbatan iliq munosabatlarga ruhlantirishi, jamoada qulay muhitni yaratishi mumkin.
Ekspressiv muloqotda murabbiy yaxshi niyatli bo‘lishi, o‘zidan asosan “Ijobiy quvvat” taralib turishi kerak. Xushko‘ngil, yaxshi niyatli murabbiy tarbiyalanuvchilarda ijobiy his-tuyg‘ularni va o‘ziga nisbatan iliq munosabatni uyg‘otadi. Bunday holatlarda o‘z tarbiyalanuvchilarini qiziqtirish va har qanday kasbiy vazifalarni hal etish murabbiy uchun yengil kechadi.
Murabbiyda yumor hissi bo‘lishi ham muloqotni yengillashtiradi, biroq bunga osonlikcha erishib bo‘lmaydi. So‘z bilan insonni qattiq jarohatlash mumkinligini unutmaslik kerak, shu sababli qayerda jilmayish yoki kulish joiz yoki joiz emasligini hisobga olish zarur.
Murabbiyning jangovarlik qobiliyati. Murabbiy, xuddi o‘zining o‘yinchilari kabi jangchi bo‘lishi, hayotning murakkab vaziyatlarida psixologik barqarorlikni namoyon etishi, “zarbani ushlab turish”ni bilishi lozim. Jangovarlik sifatlarini namoyon etolmaydigan murabbiy kamdan- kam hollarda irodali va mustahkam jamoani shakllantira oladi. O‘yinchilar ko‘p jihatdan o‘z ustozlarining xulq-atvoridan, jumladan, uning qiyinchiliklar bilan kurasha olishidan andoza oladilar, “Murabbiy qanday bo‘lsa, jamoa ham shunday bo‘ladi”, degan ibora tasodifiy emas.
Biroq o‘yinchilar va murabbiy irodasi turlicha namoyon bo‘ladi. Murabbiyning irodasi o‘z-o‘zini nazorat qilish, muvaffaqiyatsizlik hollarida ham ruhiyatini tushirmaslik, “me’yordan chiqib ketmaslik”, o‘yinga sovuqqonlik bilan rahbarlik qilish, o‘yinchilarga psixologik madad berish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash va o‘ziga nisbatan ishonchni singdirish qobiliyatlarida namoyon bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |