O‘ZBEKISTONNING MUSTAQILLIKKA ERISHISHI ARAFASIDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY VA IQTISODIY AHVOLI.
Reja:
XX asrning 80-yillari oxirlarida O‘zbekistonda yuzaga kelgan murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat va uning sabablari.
Qayta qurish siyosati va uning mohiyati
O‘zbekistonda “Paxta ishi” va uning oqibatlari.
Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent va Namangan voqealari.
1.XX asrning 80-yillari oxirlarida O‘zbekistonda yuzaga kelgan murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat va uning sabablari
Sovet davlati tarixida XX asrning 80-yillarida boshlagan inqrozning asosiy sabablari uning siyosiy tuzumi bilan bog‘liq edi. Sovet davlatining siyosiy va iqtisodiy tizimi 1920-1930 yillarda shakllangan. Sovet Ittifoqining Kommunistik partiyasi jamiyat siyosiy tizimdagi yakkahokimligi jamiyatda ma’muriy-buyruqbozlikning shakllanishi va totalitar tizimining o‘rnatilishiga olib kelgan. Bir partiyaning yakkahokimlikka intilishi va boshqa muxolif partiya va oqimlarga qarshi kurashi 1920-1930 yillarda qatog‘onliklarga va shaxsga sig‘inishga olib keldi. Keyinchalik bu jarayon shu asrning 40-50 yillarida yanada avj oldi. O‘zbekistonda ko‘plab ziyolilar ham qatog‘on qilindi. 1950-1970 yillarda siyosiy boshqaruvda bir qator o‘zgarishlar bo‘lsa-da, lekin totalitar tizim, KPSS ning yakka hokimligi saqlanib qoldi. 1977 yilda qabul qilingan SSSR konstitutsiyasida KPSSni jamiyatning yetakchi siyosiy tashkiloti deb ko‘rsatgan. Davlatning barcha organlari partiya nazorati ostida bo‘lgan.
XX asrning 60-yillaridan boshlab sobiq SSSR iqtisodiyotida ziddiyatlar ko‘chayib bordi. Iqtisodiyotga sarf-xarajatlar ortsa-da, rivojlanish sur’ati keskin pasayib boraverdi. Ishlab chiqarishni texnikaviy rivojlantirishda va aholi turmush darajasida g‘arb mamlakatlaridan ancha orqada qolish ko‘zga tashlandi. Boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik tizimi yaratgan samarasiz mexanizm ijtimoiy-iqtisodiy hayotda progressiv qayta o‘zgarishlarni, iqtisodiyotni isloh qilish yo‘lidagi (1979 yil) urinishlarni barbod qildi.
Islom Karimov o‘zining “mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida XX asrning 70 yillardagi turg‘unlik davriga shunday baho beradi. “Bir qarashda L.Brejnev rahbarlik qilgan, tarixda, “Turg‘unlik” deb nom olgan davrda mamlakatda birmuncha sokinlik va tinch taraqqiyot ta’minlangandek edi. Biroq, insonning eng katta iqtidori – daholik qudrati so‘ndirildi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish vositasi bo‘lib qoldi. Fikrlamay yashash, inson tafakkurini cheklash, munosabat bildirish kabi aqliy salohiyat barham topdi. Mutelik va tobelik kayfiyati chuqur ildiz otdi. Bu asta-sekinlik bilan o‘z o‘tmishini unutish, kelajakka ko‘r-ko‘rona nazar tashlash va shunchaki kun kechirish kayfiyatini chuqurlashtirdi”1.
Kommunistik mafkura odamlar qalbiga tahdid soldi. Hukmron g‘oya oldida fuqaro o‘zini nochor his etadigan, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqaraolmaydigan bo‘lib qoldi. Ana shunday tarzda xalqning erkin mehnat qilishga bo‘lgan rag‘bati so‘ndirildi. Mustaqil fikrlaydigan, yuz bergan voqea-hodisalarga mustaqil baho beradigan kishilar o‘zboshimcha, mahmadona deb qoralanar, tazyiqqa olinar edi. Bu tuzum shunday nosog‘lom muhitni vujudga keltirgan ediki, natijada layoqatsiz, fikrsiz, laganbardor, boshliqqa ta’zim, xodimga zug‘um ko‘rsatadiganlar qadr-qimmat topib yashardi. Negaki, mustamlakachilik siyosatining tabiati shuni taqoza qilar edi.
Bularning barchasi jamiyatning ma’naviy tanazzulini tezlashtirdi. Kommunistik partiya a’zolarining olib borayotgan ishlarida so‘z bilan amaliy ishlarida katta farqlar ko‘rinib turardi. Natijada bularning guvohi bo‘lib turgan xalq butunlay umidsizlikka tushdi. Jamiyatda na partiyaga, na siyosatga, na davlat va uning yo‘lboshchilariga ishonch qolmagandi.
1980 yillarining boshidan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar bilan birga sovet davlatida siyosiy inqrozni ham boshlagan. Bunga turli omillar ta'sir qilgan: birinchi navbatda jamiyatda ma’muriy buyruqbozlik tizimining mavjudligi va uning bozor iqtisodiyoti bilan bog‘lanmaganligi bo‘lgan. O‘sha davrda jamiyatda korrupsiya avj olgan, partiya rahbar hodimlari huquqiy daxlsiz bo‘lgan, ya’ni javobgarliklardan ozod qilingan, yashirin iqtisodiyot avj olgan.
Sifatsiz tovarlarning ishlab chiqarilishi, qo‘shib yozishlar, ko‘zbo‘yamachilik, inson omilining inkor qilinishi, bozor munosabatlarning yo‘qligi bu sovet davlatining iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘lib turgan. Iqtisodiyot ekstensiv tarzda rivojlangan, bu esa ishlab chiqarish keng rivojlanishiga imkon bermagan. 1980 yillarda SSSR yirik davlat bo‘lsa -da, jahon iqtisodiy rivojlanishidan orqada qolgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |