REJA
1)Korrupsiya nima
2)O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi qanday kurashayapti
3)O’zbekistonda Korrupsiya avj olgan soxalar
Korruptsiya mavzusining dolzarb ekanligiga hech kim shubxa bildirmaydi. Bu haqda barcha doiralarda: ommaviy axborot vositalarida, anjumanlarda, majlislarda va o‘zarosuhbatlarda ham alohida urg‘u berib gapirilmoqda. Korruptsiya masalasi nafaqat xalqaro huquq fani doirasida, balki jinoyat huquqi, kriminologiya, siyosatshunoslik kabi fanlar tizimida ham o‘rganilishi uning ko‘p qirrali, dolzarb muammo ekanligini ko‘rsatadi.
25 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida jinoyatchilikning soni keskin ko‘paygan edi. Bu tabiiy hol, chunki muayyan bir tuzumdan yangi davlatchilik shakliga o‘tishda bunday salbiy holatlar ko‘payadi. Biroq, jinoyatlarning sonini kamaytirish borasida amalga oshirilgan keskin choralar natijasida hozirda jinoiy qilmishlarning kamayishiga erishildi.
Bundayjinoyatlardan biri bu bevosita korruptsiya jinoyatidir. Ushbu jinoyatga qarshi kurashish muammosi nafaqat muayyan bir davlat balki davlatlararo va xalqaro hamjamiyat miqyosida ham ulkan xavf tug‘dirmoqda. Sababi, dunyo mamlakatlarining aksariyati hozirgi kunda bozor iqtisodiyoti siyosatini yoqlab chiqishmoqda.
Davlat apparati tizimida, mansabdorlik vakolatlari doirasida, uning boshqaruv tizimidagi yo‘nalishlarida mansab suiiste’molchiliklari, poraxo‘rlik, xo‘jalik va soliq tizimidagi jinoyatchiliklar, ularning uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlarining ijtimoiy xavfliligi o‘ta xavfli ko‘rinishlarni vujudga keltirishi mumkin. Ayniqsa,ularning uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma shakllaridagi ko‘rinishlari davlat boshqaruvini o‘ta ayanchli ahvolga olib kelishi, uni buzilishi va yemirilishi kabi oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi bilan yanada xavfli bo‘lishi mumkin. Bunday jinoyatchilikning korruptsiya darajasida sodir etilishi eng xavfli tus olishdan dalolat beradi. «Korruptsiya, ... eng avvalo uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanadi», - deb ta’kidlaydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov1 .
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach bozor iqtisodiyotiga o‘tish borasida bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirildi. Endi esa fuqarolarimizning qobiliyati, bilimi va tadbirkorligi birinchi o‘ringa chiqa boshladi. Chunki avvallari ishbilarmon fuqaro bilan tanbal va dangasa bo‘lgan fuqarolarimiz teng ko‘rilgan bo‘lsa, endi esa ishbilarmon va tadbirkor fuqarolarimizga keng imkoniyatlar ochib berildi.
Demak, bozor iqtisodiyoti mamlakatimiz rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratib bergan bo‘lsa, bundan foydalangan ba’zi bir nopok kimsalar o‘zlariga yuklatilgan vakolatlarni suiist’emol qilgan holda korruptsiya jinoyatini sodir etmoqdalar. Bunga qarshi mamlakatimiz rahbari tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashkiliy tuzilmasida korruptsiya jinoyatiga qarshi kurashuvchi maxsus boshqarmalarning tashkil etilganligi buni yaqqol isbotlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tashkiliy tuzilmalarida korruptsiya qarshi kurashish boshqarmalarining shakllantirilganligi shular jumlasidandir.
BMT Bosh assambleyasining 1990 yil Gavanada korruptsiya muammolariga bag‘ishlab o‘tkazilgan mintaqalararo seminarida mansabdor shaxslarning axloq kodeksida «korruptsiya bu mansabdor shaxslarning shaxsiy yoki guruh bo‘lib manfatdor bo‘lishlaridagi mansab suiiste’molchiliklaridir, shuningdek davlat xizmatchilari tomonidan o‘zlari egallab turgan xizmat mansablari yuzasidan g‘ayriqonuniy manfaat ko‘rishlaridir », deyiladi.
Korruptsiya muammolari bo‘yicha Yevropa Kengashi guruhining 1995 yil 22-24 fevral kunlarida Strasburgda o‘tkazilgan birinchi sessiyasida «korruptsiya davlat yoki xususiy tizim mansabdor shaxslarini ularning mansab vakolatlari doirasida o‘zlarining vazifalarini buzib bajarishlari uchun ularni pora evaziga og‘dirib olishdir», deb ta’rif berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasiga binoan “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar“2, deyiladi. Asosiy qonunning bunday talablari davlat hokimyati, davlat xizmati va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining faoliyat mexanizmlarida yoki ularning sohalarida mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshiradi, davlat apparatining fuqarolar oldidagi majburiyatlarini belgilab beradi. Davlat apparati tizimida mansab suiise’molchiligi, poraxo‘rlik, uyushgan yoki korruptsion jinoyatchilikning ijtimoiy xavfliligi aynan shu tizim buzilishiga yoki zararlanishiga sabab bo‘ladi. Davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiya tizimiga putur yetkazadi. Korruptsiya jinoyatchiligini mansabdor jinoyatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mansabni suiiste’mol qilish orqali mulkni talon–taloj qilish yoki poraxo‘rlik jinoyatlari korruptsiya jinoyatchiligining eng xavfli ko‘rinishlari bo‘lib hisoblanadi. Korruptsiya jinoyatiga to‘xtalishdan avval bu jinoyat turiga xalqaro miqyosida berilgan baho sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq bosh kotibi Kofi Anandning fikrlarini taqdim qilmoqchiman.“Korruptsiya – bu jamiyatni xalokatli oqibatga olib keladigan qo‘rqinchli vabodir. U demokratiya va qonun ustuvorligini tubdan kemirib, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, shuningdek, yashash sharoitini og‘irlashtirib, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm hamda inson uchun xavf tug‘diradigan boshqa uyushmalarning rivojlanishi va taraqqiy etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Ushbu favqulodda xalokatli hodisa yirik va mayda yoki boy va qashshoqligidan qat’iy nazar barcha mamlakatlarda uchraydi hamda eng yomoni mamlakatning taraqqiy etishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”.
Ko‘rib turganimizdek, korruptsiya jinoyati har bir rivojlangan davlatda mavjud bo‘lib, hozirda bu jinoyat turiga global muammo sifatida jahon hamjamiyatini jalb etilishi bejiz emas.
Korruptsiya so‘zi adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi. Uning yagona tushunchasi yo‘q, u bir necha jinoyatlarni o‘zida mujassamlashtirishi mumkin. Shuning uchun ham uni yagona tushuncha bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Xatto xalqaro tashkilotlarning tavsiyalaridan ham uning yagona tushunchasini yaratib bo‘lmaydi.
Professor K.R.Abdurasulovaning fikriga ko‘ra korruptsiya (lotin tilidan olingan bo‘lib, “corruptio” – “og‘dirib olish”, “buzilish” “degradatsiya qilish” ma’nolarini anglatadi) – bu mas’ul mansabdor shaxslari hamda muayyan vakolatlar va vazifalar yuklatilgan mas’ul shaxslar tomonidan o‘zining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlagan holda (aksariyat hollarda moddiy shaklda) mansab vakolatini suiist’emol qilish jinoyati tushuniladi.
Rossiyalik olim A.V. Kurakinning fikricha, korruptsiya davlat xizmati tizimidagi hodisa sifatida davlat xizmatchilari yoki ularning vositachilari yordamida mulkiy boylik orttirishga qaratilgan, o‘z mavqeidan qonunga hilof ravishda foydalanish, davlat xizmatchilarini, jismoniy va yuridik shaxslarni sotib olish kabi turli huquqqa zid harakatlarni o‘z
ichiga oladi.
Korruptsiya keng ma’noda mansabdor shaxslarning shaxsiy va guruhiy manfaatlari yo‘lida o‘z mansab vakolatlari va mavqelarini suiiste’mol qilishi bilan ifodalangan qilmishdir.
BMTning 2003 yil 31 oktyabrdagi “Korruptsiyaga qarshi” konventsiyasida, “korruptsiya” tushunchasiga aniq ta’rif berilmagan. Bunday holatni boshqa universal xalqaro shartnomalarda ham ko‘rish mumkin. Korruptsiya atamasi ko‘p qirrali, o‘zida ko‘p qilmishni jamlaganligi sababli alohida xalqaro shartnomada uning mazmuni to‘liq yoritilmagan.
Jinoyatning bu turi oddiy bir g‘ayriqonuniy qilmish emas, balki hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, davlat xavfsizligiga jiddiyraxna soluvchi taxdidlardan hisoblanadi.
BMT konventsiyasiga binoan, korruptsiya tushunchasi poraxo‘rlik bilan birgalikda neopotizm, ya’ni shaxsiy aloqalar asosida kimgadir homiylik qilish, shaxsan foydalanish maqsadida davlatga yoki boshqalarga taalluqli bo‘lgan mablag‘larni o‘zlashtirish, degan ma’noni ham anglatadi.
Huquqshunos tadqiqotchilar poraxo‘rlikni «o‘z vakolati bilan savdo qilish» yoki «mansabfurushlik» deb ta’riflaydilar va uning oqibatida davlatning rahbarlik tizimi tanazzulga uchrab, hokimiyat organlari jinoiy guruhlar nazorati ostiga tushishi mumkin, deb hisoblaydilar.
Korruptsiya jinoyatchiligining dastlabki asoslariga ilgarigi ma’muriy buyruqbozlik tizimiga asoslangan sho‘rolar tuzumi davrida keng imkoniyatlar yaratilgan edi. Markazdan turib yoki kommunistik partiya nomidan buyruq bilan davlatning ichki tizimini boshqarish asosida, mahalliy organlarning ish faoliyatlarini o‘z manfaani yo‘liga xizmat qildirishga sharoit yaratilgan edi. Bunday buyruqbozlik tizimi jamiyatning asosiy mazmuniga aylangan edi. Hattoki boshqa organlar u yoqda tursin, sud idoralari ham partiyaga bo‘ysundirilganligi korruptsiya jinoyatchiligining jamiyatni to‘lig‘icha egallab olishiga sabab bo‘lgan edi. Bu davlat apparatini bir guruh shaxslar manfaatiga bo‘ysindirishga, xizmat qildirishga imkoniyat yaratadi.
K. Tojiboevning fikriga ko‘ra korruptsiya jinoyatchiligi natijasida davlatning iqtisodiy negiziga mansabdorlik jinoyatlarining kiritilishi bu jinoyatlarning davlat boshqaruvining imkoniyatlaridan foydalanish, uni o‘z manfaatlariga bo‘ysindirilgan holda tashkil etilishi asosida vujudga keladi. K.Ye.Igoshev esa mansabdorlik jinoyatlarining kelib chiqishining asosiy sabablariga barham berish jinoyat siyosati doirasidan ancha chetga chiqadi, u bunday murakkab jarayonda faqat yordamchi vazifasinigina bajara oladideb xisoblaydi.
Bu borada nafaqat mansabdorlik jinoyatlari alohida turlarining asosiy qonuniyatlarini o‘rganish, balki ularning umumiy jinoyatchilikdagi o‘rnini o‘rganish, boshqarus tiziga nisbatan xususiyatlarini, ularning rivojlanish yo‘llari va yo‘nalishlarini o‘rganish kriminologiya ilmlari orqaligina amalga oshirilishi mumkin. Bu fanninig yutuqlaridan foydalanish mansabdorlik jinoyatlarining ogohlantirish va oldini olishning samarali usullarini aniqlash imkonini yaratadi, ijtimoiy ta’sir choralarini aniqlashga imkon yaratadi.
Mansabdorlik jinoyatlarini o‘rgangan olimlar bu jinoyatlarni davlat apparatining o‘zidan kelib chiquvchi va uning o‘ziga jiddiy tug‘diruvchi ekanligini aytib, uni atroflicha o‘rganishni, keyingi tarqalishi va ko‘payishini oldini olish choralarini ishlab chiqish kerakligini ta’kidlaydilar.
Lekin bunday fikrlarni ham ko‘p uchratib bo‘lmaydi. Aksariyat hollarda, mansabdorlik jinoyatlari o‘tmishdan qolgan degan fikrlarni qaytarib, uni bartaraf etish mumkin emas degan fikrlarni aytadilar. Bunday ta’kidlashlar aksariyat hollarda kuchli va mustahkam davlat hokimyatini o‘rnatish va bunday davlat hokimiyati qisqa vaqt ichida davlat apparati tizimida tartib o‘rnata oladi, mansabdorlik yoki korruptsiya jinoyatlariga barham beradi, deb uqtiradilar3. Bunday fikr tarafdorlari kuchli va mustahkam davlat hokimyati o‘rnatish ham aynan davlat apparatining aynan shunday shaxslari qo‘lida ekanligini unutadilar. Jinoyat huquqi nazariyasi bunday fikrning noto‘g‘ri ekanligini tarixan asoslab beradi. Mansabdorlik jinoyatlari o‘tmishda ham bo‘lgan, hozir ham mavjud. Avvalgi sobiq sho‘rolar davrida ham mansabdorlik jinoyatlariga qarshi qattiq kurash olib borilgan. Lekin bunday kurashning o‘zi aynan mansab suiiste’molchiligi kabi jinoyatlarni sodir etish bilan amalga oshirilganligi kurashning ahamiyatini yo‘qqa chiqarib yuborgan. Ayniqsa, “qatog‘on yillari”da mansabdorlik jinoyatlariga qarshi kurash olib borilib, asosan yuqori lavozimli amaldorlarni hoxishiga ko‘ra kimlar jazolnishi kerakligi ular tomonidan hal qilinar edi va ularning o‘zlari nisbatan javobgarlik masalalari haqida hatto fikr yuritish ham mumkin emas edi. Tarixiy rivojlanishning aynan shu bosqichida davlat korruptsion jinoyatchilikka qarshi kurashda umuman kuchsiz, ojiz edi. Agar bu jinoyatchilikning asosiy kelib chiqish shart–sharoitlari o‘rganilmasa, bunday jinoyatchilikka qarshi davlatning kurash olib borishi umuman natija bermaydi.
Muhtaram Yurtboshimiz ushbu muammoga doimo katta ahamiyat berib kelmoqdalar va mamlakatimiz hayotiga tahlika solayotgan turli xavf-xatarlar haqida so‘z yuritib, birinchi galda, amaldorlar orasidagi korruptsiya, poraxo‘rlik, tamagirlik kabi ichidan yemiradigan, yaramas illatlarni yo‘q qilishga alohida e’tibor berish zarurligini bir necha bor ta’kidlab o‘tganlar.
Poraxo‘rlik xorijiy investitsiyalar oqimi uchun ham katta to‘siqdir. BMTning butun dunyoda o‘tkazgan tadqiqotlari shuni kzfsatadiki, korruptsiya bilan investitsiyalar oqimi o‘rtasida teskari mutanosiblik bor, ya’ni qanchalyus korruptsiya baland bo‘lsa, shunchalik investitsiyalar oqimi past bo‘ladi.
Shu o‘rinda, savol tug‘ilishi tabiiyki, mas’ul mansabdor shaxs bilan mansabdor shaxs o‘rtasida qanday farq mavjud.
1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining maxsus qismida ushbu tushunchalarga aniq va to‘g‘ri ta’rif berilgan desak adashmagan bo‘lamiz.
Mansabdor shaxs deganda, tashkiliy-boshqaruv yoki ma’muriy-xo‘jalik vakolatlari berilgan va mas’ul mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs tushuniladi.
Mas’ul mansabdor shaxs tushunchasini esa bir necha turlarga bo‘lamiz:
Hokimiyat vakillari.
Davlat korxonasi, muassasasi yoki tashkilotlarida saylash va tayinlash bo‘yicha doimiy yohud vaqtincha tashkiliy boshqaruv yoxud ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarish bilan bog‘liq lavozimlarni egallab turgan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxslar.
3. Mulkchilikning boshqa shakllaridagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari, davlat boshqaruvi yuzasidan belgilangan tartibda hokimiyat vakolati berilgan jamoatchilik vakillari.
4. Ikkinchi bandda nazarda tutilgan vazifalarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida bajarish bilan bog‘liq mansablarni egallovchi shaxslar.
Korruptsiya jinoyati xalqaro xarakterdagi jinoyatlar qatoriga kirganligi uchun ham uni oldini olish maqsadida barcha davlatlar birgalikdagi hukukiy va boshqa turdagi hamkorligi talab etiladi. Qabul qilingan konventsiyalar davlatlar tomonidan implementatsiya qilinishi hamda hayotga tadbiq qilinishi ustidan kuchli nazorat shu jinoyatning oldini olish va bartaraf etishda asosiy shartlardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Shu sababli Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2003 yil 31 oktyabr kuni 58/4-sonli rezolyutsiya bilan Korruptsiyaga qarshi konventsiya qabul qilindi.
2003 yil 31 oktyabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurashish konventsiyasiga muvofiq 2008 yil 7 iyulda “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korruptsiyaga qarshi konventsiyasiga(Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Shunday qilib, korruptsiya - davlat xizmati tizimidagi hodisa sifatida davlat xizmatchilari yoki ularning vositachilari yordamida mulkiy boylik orttirishga qaratilgan, o‘z mavqeidan qonunga hilof ravishda foydalanish, davlat xizmatchilarini, jismoniy va yuridik shaxslarni sotib olishga qaratilgan harakatlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |