1- mavzu: O’ZBEKISTON MUSTAQILLIKKA ERIShISh OSTONASIDA.
Reja:
1. Mustabid sovet tuzumining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tanazzulga uchrashi.
2.Sobiq sovet davlati milliy siyosatining inqirozi va millatlararo ziddiyatlar.
3. 1989 yildagi Farg’ona voqealari va uning oqibatlari.
4. O’zbekistonga yangi rahbar Islom Karimovning hokimiyatga kelishi.
5. Mustaqillik e’lon qilinishi arafasida Respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar, vujudga kelgan ziddiyatli va murakkab vaziyatdan chiqish uchun olib borilgan chora-tadbirlar.
Kitobda muallifning mamlakat mustaqilligini qo’lga kiritish arafasida va undan keyingi dastlabki oylarda (1989 yil 24 iyundan 1992 yil 4 yanvarga qadar bo’lgan davr) olib borgan serqirra ijtimoiy-siyosiy faoliyatini aks ettiruvchi 35 ta ma’ruza va nutqlari, suhbat, maqola va intervyulari o’rin olgan. Kitobga kiritilgan bu chiqishlari I. Karimov asarlarining birinchi jildigacha bo’lgan qismini to’ldirganligi bilan ahamiyatlidir. Asarni o’qir ekanmiz I.Karimovning ana shu murakkab davrda qilgan chiqishlarining ijtimoiy mohiyati, ilmiy-nazariy ahamiyati nihoyatda beqiyos ekanligi mustaqillikning 20 yilligi nishonlanayotgan ushbu shukuhli kunlarda yanada yaqqol namoyon bo’lmoqda.
Yurtboshimizning kitobga kiritilgan barcha nutq va ma’ruzalarida milliy istiqlol mavzusiga oid fikr va qarashlari, mustaqillik g’oyasi, mustaqillik mavzusi bamisoli qizil ip singari o’tadi. Shuning uchun ham kitob yaxlit asardek katta qiziqish va hayajon bilan o’qiladi.
Asarda totalitar tuzumning repressiv siyosiy hukmronligi hali o’z kuchini yo’qotmagan, «Paxta ishi» nohaq tuhmati bilan qamalgan, ta’qiblar ta’sirida umidsizlikka uchragan, tushkun kayfiyatdagi xalqning ertangi kunga ishonchi so’ngan bir davrda Islom Karimovning respublikada birinchi rahbar sifatida ish boshlashi va o’sha davrda mustaqllikka erishishni qat’iyat bilan kun tartibiga qo’yishi va uni aniq tarixiy hujjatlar orqali ko’rsatishi hamda bu sohada ulkan tarixiy ishlarni amalga oshirish keng ommaga, xususan o’sha davrni ko’rmagan yoshlarga yetkazishi asosiy maqsad qilib qo’yilgan.
Kitobda xalqimizning mustaqil hayot sari borishida qalbida paydo bo’lgan barcha savollarga aniq javoblar bor. Shuning uchun ham kitob katta faktik va analitik materialni o’zida mujassam etgan qomusiy asardir. Muallifning har bir chiqishi yoshlarni vatanga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyat kasb etadi.
Islom Karimov respublikaga birinchi rahbar bo’lib saylangan davrda O’zbekistonda siyosiy –iqtisodiy tanglik hukmronlik qilgan, odamlarda ertangi kunga umid yo’qolgan, mamlakatda siyosiy vaziyat nihoyatda qaltis bo’lgan bir davr edi. O’zbekistonda iqtisodiy holat nochor, odamlarning yashash darajasi barcha sohalar bo’yicha mamlakatda pastki o’rinlardan birida bo’lib, yillar davomida yechim topmagan bu muammolar alaloqibat ijtimoiy larzaga olib kelishi muqarrar bo’lgan vaziyat edi.
Leonid Levitin, Donald S. Karlaylning “Islom Karimov-yangi O’zbekiston prezidenti” asarida keltirilganidek, 1990 yillarning boshlarida ittifoq tarkibidagi respublikalar orasida O’zbekistonda ijtimoiy-siyosiy hayot fojiali ahvolda bo’lib, ijtimoiy portlashlar bo’lishi pishib yetilgan edi. “O’zbek ishi” yoki “Paxta ishi” vasvasasi bilan paxta ishiga aralashganlar so’rab-surishtirilmasdan nohaq qamoqqa olingandi. Bir so’z bilan aytganda respublikada kadrlarni qirg’inbarot qilish boshlab yuborilgan edi. Respublikada egasizlik, bosh boshtoqlik hukmron bo’lib, inson dardini eshitadigan bir kimsani topish amrimahol edi. Borlari ham o’z jonini saqlash dardi bilan ovorai-sarson bo’lgan. Prezident I.Karimovning Karlayl bilan bo’lgan suhbatidan o’sha davrning mash’um holati yanada ravshanroq namoyon bo’ladi. “Men qanday qilib O’zbekiston Kompartiyasi MҚsining birinchi kotibi bo’ldim? 1989 yilning iyuni edi. Tahlikali kunlar, Farg’ona, Қo’qon, Қuvasoy, Guliston, Parkent, Bo’kada qonli to’qnashuvlar payti huddi bug’ qozonning qopqog’i otilib ketgandek. Xo’rlik va tahqirli yillarda yig’ilib qolgan alamlar butun respublikada to’lqin bo’lib ko’tarilgan. Hokimiyat vaziyatni boshqarolmay qolgan edi”,- deb xotirlaydi Islom Karimov. Mamlakatda ana shunday dolg’ali, dramatik vaziyat hukmronlik qilgan davrida 1989 yil 23 iyun kuni O’zbekiston Kompartiyasi MҚsining Pleniumi bo’lib, Islom Karimov birinchi kotiblikka saylandi.
Davlat rahbari bo’lgan Islom Karimov o’zi saylangan Plenumda so’z olib, yig’ilish ishtirokchilariga o’z pozitsiyasini aniq va ravshan ifodalab berdi. U o’zining islohatmonand fikrlarida, jumladan, qulab borayotgan mamlakatni jar yoqasidan qaytarib olish, mintaqada millatlaro totuvlikni ta’minlash, yillar mobaynida yig’ilib, to’planib qolgan muammolarning yechimini bir yoqadan bosh chiqarib hal qilish zarurligini keskin ravishda kun tartibiga qo’ydi.
Islom Karimov respublikaga rahbar etib saylangan kunning ertasiga, ya’ni 24 iyun kuni O’zbekiston SSR Minstrlar Sovetida katta majlis o’tkazdi va unda «Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o’zi yo’l qo’ymaydi» mavzusida nutq so’zladi. Nutq mazmuni bilan tanishganlar mamlakat tepasiga islohotchi, xalqparvar, yurtparvar rahbar kelganligiga ishonch hosil qildilar.
Ma’ruzada «Ishga bo’lgan, o’zimizga topshirilgan vazifaga nisbatan munosabatni, dunyoqarashmizni va umuman, mas’uliyatimizni o’zgartira olsakkina ishlarimiz yo’lga tushib ketadi. Aks holda, vaziyatni izdan chiqarishga intiladigan kuchlar yo meni chetga surib qo’yadi, yoki juda ko’p rahbarlarni o’zgartirishga to’g’ri keladi» (33-b),-deb aytilgan so’zlari mamlakatni tubdan o’zgartirish uchun aytilgan edi.
Ko’rinadiki, yurt rahbari dastlabki chiqishidanoq topshirilgan vazifaga munosabatni, dunyoqarashni jiddiy ravishda o’zgartirishni kun tartibiga qo’ygan. «Men sizlarni mavjud ahvolni tanqidiy baholashga va bundan buyon eskicha yashash mumkin emasligini anglashga chaqirmoqchiman. Haqiqatan ham, biz endi bunday yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o’zi yo’l qo’ymaydi», (38-b)- deya majlis ahliga murojaat qildi.
Islom Karimov Farg’ona vodiysidagi fojeali holatning bosh sababini aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolida ko’radi. Ushbu yig’ilishda mamlakatda yashovchi aholining moddiy ahvolini mutaxassis sifatida tahlil etib yechimini topish yo’lida takliflar beradi.
Yig’ilib qolgan muammolar natijasida to’qnashuv yuz bergan Farg’ona viloyatiga 1989 yilning 25 iyunida lovullab yonayotgan uylar, tahlika va sarosimaga tushgan shahar va qishloqlar, qahr-g’azabga to’lgan odamlarning ichiga bir o’zi hech qanday qo’riqchilarsiz kirib borib, odamlar bilan muloqotda bo’ldi, vaziyatni har tomonlama chuqur o’rgandi. Xalqimiz, yurtimiz manfaatlariga mutlaqo zid bo’lgan harakatlarga milliy kiyimlarni kiyib olgan, aslida boshqa millatlarga mansub bo’lgan, maxsus tayyorgarlik bilan ko’chaga chiqarilgan kishilar tashkilotchilik qilishib, tinch aholini janjal chiqarishga da’vat etganligi ma’lum bo’lgan. Islom Karimovning siyosiy yutug’i shundan iboratki, u doimo odamlar ko’nglidagi kechinmalarni teran anglay oladi va ularning nozik hislariga ta’sir o’tkazishni yaxshi biladi. Shuning uchun ham mojarolar ezib yuborgan xalqqa to’g’ri murojaat qiladi va xalqning tushkun ruhiga taskin bera oladi. «O’zbek xalqining vijdoni pok. Farg’ona voqealari o’zbek xalqining irodasi bilan sodir bo’lmadi»,-deya asosli misollar bilan xalqimizning ko’ngliga tasallo berdi.
Bu davrning nihoyatda og’ir va ayanchli holatiga Islom Karimov O’zbekiston Kompartiyasining 1990 yil 4 iyunda bo’lib o’tgan XXII s’ezdida so’zlagan nutqida shunday baho beradi:
respublika asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko’rsatkichlar bo’yicha mamlakatda oxirgi o’rinda turibdi;
O’zbekistonda kishi boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish mamlakatda 12-o’rinda;
Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo’yicha ko’rsatkich ittifoqda o’rtacha darajada ikki hissa past;
Respublika aholisi asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish bo’yicha Ittifoqdosh respublikalar orasida oxirgi o’rinda;
Respublika aholisi go’sht, sut mahsulotlarini, tuxumni mamlakat aholisiga nisbatan ikka barobar kam iste’mol qiladi;
Ko’rinadiki, insonning shaxs sifatida ma’naviy rivojlanishi u yoqda tursin, ko’pincha yashash uchun kerak bo’lgan eng oddiy narsalar ham yetishmaydi;
Buning sababi 30-yillarning boshlarida iqtisodiyotga rahbarlik qilishning ma’muriyatchilik, buyruqbozlik usullaridir.
Mana shunday hal bo’lmagan, yillar mobaynida yig’ilgan muammolar ijtimoiy larzaga olib kelishi muqarrar edi.
Yuqorida keltirilgan misollarga suyangan holda aytish mumkinki, I.Karimovning barcha muammolar haqida ochiq gapirishi xalqimizning unga nisbatan hurmat va ehtiromini oshirib bordi. Uning respublikaning ilgari o’tgan rahbarlaridan farqi yechilmagan muammolar ildizini ochib tashlashda va markaz rahbariyati oldiga ahvolni tuzatishning talabini keskin qo’yishda cho’chimasligida yakqol ko’rinadi.
Prezident I.Karimovning talotupli g’alayonlarni tinchitishligi va xalqqa o’z ta’sir kuchini o’tkazishligini «VYeK» gazetasi 1995 yil 21-27 iyul sonlarida bosilgan maqolasida shunday deb yozgan edi: «SSSR parchalanib ketganidan so’ng eng dahshatli voqea O’zbekistonda yuz berishi lozim edi. Lekin, bunday bo’lmadi. I. Karimov birorta ham xatoga yo’l qo’ymadi…..
I.Karimovning mitnglarni ta’qiqlab qo’yishi, qirg’izlar, tojiklar bilan o’zaro munosabatlardagi murakkab vazifalarni hal etish kabi juda to’g’ri ish edi. Uning kolxoz va sovxozlar rahbarlarini saylash emas, balki tayinlash to’g’risidagi taklifi ham o’rinli edi. Agar shunday qilinmaganida oxir-oqibat qanday bo’ishini bilish qiyin edi. Karimov musulmon mamlakatlari bilan munosabatlarni ham zargarlarga xos noziklik bilan yo’lga qo’ydi... Bularning hammasi Islom Karimovning ulug’ligini belgilaydigan sifatlardir» (N. Қosimov. Mustaqillik: kurashlar davri. T.: O’zbekiston, 1997, 14-bet)
Voqealar jarayoni kun sayin jadallashib bordi. I.Karimov tomonidan olib borilayotgan siyosat xalqimizning istak-irodasi bilan birlashib ketdi.
1990 yil 24 mart kuni 12-chaqiriq O’zbekiston SSR Oliy Kengashining 1-sessiyasida ittifoqdosh respublikalar orasida birinchi bo’lib O’zbekistonda Prezidentlik instituti joriy etildi. Islom Karimov O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. Prezident I.Karimov bu sessiyada tarixiy nutq so’zladi. Bu nutq “Xalq irodasi bilan tanlangan yo’l“ mavzusi bilan kitobga kiritilgan. Yurtboshimiz o’z nutqida yurtimizda turli sohalar bo’yicha to’planib qolgan mammolarni hal qilish, O’zbekistonning siyosiy mustaqilligini mustahkamlash, uni yangi hayotiy mazmun bilan boyitish, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni mustaqil hal qilish, xalqni ma’naviy yuksaltirish, demokratik huquqiy davlat qurilishini rivojlantirish kabi masalalarni chuqur tahlil qilib berdi. Mazmunan olib qaralganda mazkur nutq istiqbolda bunyod bo’ladigan mustaqil O’zbekiston mamlakatining strategik dasturi edi.
Prezident I. Karimov ana shu so’ronli davrda respublikamizda ilm-fan va ta’lim sohasining moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar tayyorlash masalasi nihoyatda achinarli holatda ekanligiga e’tiborini qaratib «… bizga kadrlar tayyorlashning maxsus milliy dasturi kerak»ligini kun tartibiga qo’ygan edi. Bugungi ko’z bilan qaraganimizda ushbu g’oyaning kun tartibiga qo’yilganiga yigirma bir yil bo’ldi. Ғoya amalda bajarildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 1997 yilda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va uning uzviy davomi sifatida Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi qabul qilindi va amalga oshirildi.
Yurtboshimizning kommunistik mafkura qattol siyosatini olib borayotgan o’sha davrdagi har bir chiqishida xalqimiz tarixi va madaniyatiga, ona zaminimizga, milliy qadriyatlarimizga nisbatan bo’lgan yurtparvarlik, elparvarlik tuyg’ulari sezilib turadi.
Kitobdagi tarixiy materiallarning kattagina qismida xalqimizning boy madaniy merosini asrab –avaylash, ta’qibga uchragan Navro’z bayrami, Ramazon, Қurbon hayitlarini nishonlash, aziz avliyolarimiz, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur singari buyuk ajdodlarimiz shaxsiga nisbatan tarixiy adolatni tiklash to’g’risidagi Prezidentning fikr-qarashlari, qaror va farmonlari o’z ifodasitni topganki, bular kitobxonning yangi tariximizga oid fikrini boyitishga xizmat qiladi.
Islom Karimovning respublika rahbari sifatidagi qat’iy pozitsiyasi nostandart qarorlar qabul qilishi, xalqning bunyodkorlik kuchiga bo’lgan ishonchi kitobdan joy olgan har bir nutq va ma’ruzalarida yaqqol ko’rinadi. Buning tasdig’i Farg’ona, Guliston, Bo’ka, O’sh, Namangan voqealariga «GKChP»ning siyosiy fitnasiga oid chiqishlarida ko’rinadi.
Islom Karimovning respublika rahbari sifatida 1989 yil 23 iyundan boshlab mustaqillik uchun boshlagan siyosiy qadami 1991 yil 31-avgust kuni to’la amalga oshdi. O’zbekiston SSSR oliy kengashining 6-sessiyasida I.Karimov O’zbekiston Respublikasi mustaqilligini tantanali ravishda e’lon qildi. Mustaqillikning dastlabki kunlarida Prezidentimiz tomonidan yosh mustaqil davlatning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy taraqqiyotini yuksaltirish yo’lida qator muhim ahamiyatga molik hujjatlar qabul qilindiki, ulardan biri-31 avgust kuni e’lon qilingan «O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to’g’risida»gi qonundir. Shuningdek, Toshkent shahridagi V.I.Lenin nomidagi maydonni Mustaqillik nomi bilan atalishidir. Prezident tomonidan imzolangan bu muhim hujjatlarning kitobga kiritilishi, kitobxonni bu hujjatlar mazmun-mohiyatini teran ma’noda anglashga, ushbu hujjatlarning qabul qilinishida yuzaga kelgan murakkabliklarning mohiyatini anglashga undaydi.
Kitobga kiritilgan chiqishlarini peshma-pesh o’qib borar ekanmiz, ular bir-birini mazmunan to’ldirib borganligiga guvoh bo’lamiz, unda ilgari surilgan mustaqillik g’oyasi, bu g’oyani voqelikka aylantirish yo’lidagi kurashlar alaloqibat jahon xaritasida mustaqil O’zbekiston mamlakatining paydo bo’lishiga olib keldi. Kitob so’ngida Prezidentimizning 1992 yil 4 yanvardagi O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari 9-se’ssiyasidagi «O’zbekiston Dune xaritasida o’ziga munosib joy oldi» ma’ruzasi keltirilganki, bu ramziy ma’noda O’zbekistonning jahon hamjamiyatida o’z o’rniga egaligini, BMTning to’la huquqli a’zosi bo’lganligini bildiradi.
Xulosa qilib aytganimizda, «Bu kitobdagi barcha chiqishlarni o’zaro birlashtirib turadigan eng muhim fazilat - bu Vatanimiz istiqloliga fidoyilik, shu zamin, shu xalqning yorug’ kelajagi, farovonligi, baxtu-saodati uchun har qanday sinov va mashaqqatlarga tayyor turish tuyg’usi, shu ulug’ maqsadlarga borlig’ini bag’ishlagan insonning bezovta va bedor qalbi, keng tafakkuri, mustahkam iroda va e’tiqodidir» (30-b).
Kitobga kiritilgan Prezidentimizning har bir chiqishlarini o’qiganimizda yaratilgan yangi tariximizning biz bilmagan, mohiyatiga kirib bormagan tomonlarini teranroq anglab olamiz. Kitob mamlakatni yangilanish yo’lida Prezident tomonidan olib borilgan mashaqqatli mehnatni aks ettirgani bilan ham benihoya tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik degan oliy ne’mat tinimsiz kurashlar, izlanishlar, intilishlar, qizg’in baxs va munozaralar natijasida qo’lga kiritilganligini qalban his etamiz. Uni asrash va mustahkamlash har birimizning vatanparvarlik burchimizdir. Biroq sir emaski, bugungi kunda sobiq ittifoqning ayrim hududlarida mahkum bo’lgan imperiyani yangi ko’rinishda tiklash, o’sha davrni soxtalashtirib odamlarni, u davrni ko’rmagan, bilmagan yoshlarni to’g’ri yo’ldan qaytarishga urinuvchi kuchlar ham uchrab turadi. Mavridi kelsa ular turli qabixliklardan qaytmaydi. Shuning uchun Prezidentimizning mazkur asari barchamizni notinch va tahlikali davrda doimo xushyor va sergak bo’lishga undaydi.
Prezidentimizning «O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» nomli asari mustaqillik tarixida yangi sahifa ochdi. Asarda ilgari surilgan kontseptual g’oyalar ijtimoiy va gumanitar fanlar rivojida metodologik asos vazifasini o’tashi tayin.
Prezident 1989 yil 28 noyabr kuni O’zbekiston SSR fanlar akademiyasida bo’lib o’tgan ucharashuvda so’zlagan “Ilm-fan imkoniyatlaridan to’laroq foydalanaylik” nomli ma’ruzasida respublikadagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy masalalarni hal etishda ilm-fan xodimlari oldida turgan vazifalarni belgilab berdi. Bu sohada davlat va xo’jalik idoralari, ilm-fan ahli o’z kuch-g’ayratlarini asosan nimalarga qaratishlari lozimligini qayd etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |