Al-Marg’inoniy (1123-1197-yy.) fikhga oid bir qator yirik asarlar yaratgan. Bu asarlar qatoriga «Bidoyat al-muntahiy», («Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim»), «Kifoyat al-muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim»), «Kitob ul-mazid» («Ilmni ziyoda qiluvchi kitob»), «Manosik ul-haj» («Haj marosimlari»), «Majmua ul-navozil» («Nozilda bo’lgan narsalar to’plami»), «Kitob ul-faroiz» («Farzlar kitobi»), «Kitob ul-mashoix» («Shayxlar haqida kitob»), «Maziydun fi furu’il-hanafiya» («Hanafiya mazhabiga qo’shimchalar»), «Biloyat ul-mubtadiy» asari uchun 8 jildlik sharh, «Al-Hidoya» («Kifoyat ul-muntahiy» uchun yozilgan 4 jildlik sharh) va boshqalar kiradi. Bu kitoblar nomlarining o’ziyoq al-Marg’inoniy islom dinining asosiy masalalarini naqadar keng qamrab olganligidan dalolat beradi. Al-Marg’inoniyning butun islom olamida mashhur bo’lgan shoh asari «Al-hidoya» asari sakkiz asrdan oshibdiki, butun musulmon olamiga, dunyoning barcha burchaklaridagi din, ma’naviyat, madaniyat, ruhiyat ahliga, huquqshunoslarga cheksiz manba bo’lib xizmat qilmoqda.
Najmiddin Kubro (1145-1221-yy.) tasavvuf ta’limotining Markaziy Osiyodagi yirik vakillaridan biri. So’fiylikdagi Kubroviya oqimining asoschisidir. Kubroviya tariqati Yassaviya tariqatidan farq qilib, tarki dunyochilik rad etiladi. Unda kamolot yo’lida olib boriladigan mashaqqatli mehnat jarayonida bu dunyo noz-ne’matlarimdan bahramand bo’lish kerakligi ilgari suriladi. Bu ta’limotda vatanga, xalqqa bo’lgan muhabbat g’oyasi nihoyatda kuchli bo’lib, har qanday og’ir sharoitda ham xalq bilan birga bo’lish, vatan himoyasi uchun kurashish, uning mustaqilligini saqlash zarurligi da’vat qilinadi. O’z g’oyasiga sodiq Najmiddin Kubro vatan himoyasi yo’lida mo’g’ullarga qarshi kurashda shahid bo’ldi va jasorat namunasini o’z muridlariga ko’rsata oldi.
4. Temuriylar hukmronligi davrida ilm-fan va madaniy hayot. Mirzo Ulug’bek (1394-1449-yy.), Ulug’bekning ilmiy maktabi. Mir Alisher Navoiyning (1441-1501-yy.) adabiy faoliyati. Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri o’zbek davlatchiligi tarixida alohida o’ringa ega. Sohibqiron Amir Temur – buyuk shaxs, kuragi yerga tegmagan sarkarda, yirik davlat arbobi, qonunshunos, talantli me’mor, notiq, ruhshunos, shu bilan birga el-yurti va xalqini sevgan, bunyodkorlik, ilm-fan, madaniyat homiysidir.
Amir Temur nafaqat markazlashgan davlat tuzish, boshqaruv, harbiy mahorat sohasida balki, odob-axloq, iymon-e’tiqod, ta’lim-tarbiya borasida ham yuksaklikka, mukammallikka erishgan siymolardan biridir. Bunga sohibqiron Amir Temur bobomizning ustozi, ma’naviy rahnamolariga ko’rsatgan ehtiromi ham yaqqol misol bo’ladi.
Amir Temur va temuriylar davri haqli ravishda “ikkinchi uyg’onish davri” sifatida e’tirof etilishi, bu davrda yetishib chiqqan jahonga ma’lumu-mashhur zotlarning dunyo ilm-faniga qo’shgan ulkan hissasi bilan ham salmoqli va o’rinlidir.
Xususan, Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Boysung’ur Mirzo, Husayn Boyqaro, Bobur Mirzo kabi shoh va shahzodalar, temuriy malikalar temuriylar ma’naviyati poydevorini o’zlarining ilm-ma’rifatga bo’lgan hurmati tufayli mustahkamlab bordilar va bu yo’lda o’z hisoblaridan ko’plab qurilishlar, bunyodkorlik ishlari va tashkiliy-moliyaviy ishlarni amalga oshirdilar.
Amir Temur va temuriylar davri, umuman Sharq, xususan Markaziy Osiyo ilm-fani, madaniyati, ma’naviyati, adabiyoti va san’ati rivojida muhim bosqich, yangi tarixiy davr, burilish davridir. Bu davr IX-XII asrlardagi ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi rivojlanish va yuksalishning mantiqiy davomidir. Boshqacha nom bilan bu davrni «Ikkinchi uyg’onish davri” deb ham yuritiladi. Markaziy Osiyo xalqlari orasidan yetishib chiqqan buyuk tafakkur egalarining butun bir avlodi huddi shu davrda shakllandi va ijod qildi. Butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar – Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy, olimlardan – Mirzo Ulug’bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, faylasuf-shoirlardan – Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, musavvirlardan – Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mirak Naqqosh, hattotlardan – Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad bin Nur va boshqalar shular jumlasidandir. Ularning barchasi o’sha davr va o’zlarigacha bo’lgan insoniyat ma’naviyati, ma’rifati va madaniyati yutug’ining barcha sohalarini mukammal bilib, o’zlashtirib olgan, o’zlari tanlagan sohalarining hali hech kim tomonidan zabt etilmagan cho’qqilarini egallagan ulug’ siymolar, qomusiy ilm egalari hisoblanadi.
Temuriylar sulolasining munosib davomchilaridan, davlat boshqaruvi va ilm-ma’rifat yo’lini birgalikda olib borgan Amir Temurning nabirasi Muhammad Tarag’ay Ulug’bek ham jahon tarixida o’chmas iz qoldirgan siymolardan biridir. Uning hukmronligi davrida Samarqandda 2 ta ko’rkam madrasa qurildi. Ularda diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy fanlardan ham saboq berilgan. Boshqa mashhur olimlar qatori uning o’zi ham haftada bir marotaba bu madrasalarda yoshlarga dars berganligi ta’kidlanadi. Keyinchalik Buxoro va G’ijduvonda ham madrasalar qurdirdi, Samarqanddagi Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda va Registon majmualari qurilishi yakuniga yetkazilib, boshqa shaharlarda ham karvonsaroylar, tim, chorsu, hammom kabi inshootlar barpo etildi.
Ulug’bek ko’p qirrali iste’dod sohibi bo’lib, u ayniqsa adabiyot, tarix, matematika, astronomiya sohalariga qiziqdi. Uning eng buyuk ishlaridan biri – Samarqand shahrida o’ziga xos Akademiya tashkil etganidir. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olim Ulug’bek rahbarligida fanning turli sohalari bo’yicha izlanishlar olib borgan. Qozizoda Rumiy (Salohiddin Muso ibn Muhammad), G’iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi (Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Samarqandiy), Nizomiddin Abdul Ali ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiy, Mavlono Xavofiy kabi olimlarning aniq fanlar sohasidagi tadqiqotlari va ilmiy xulosalari salmoqli bo’lgan. Ular Xorazm Ma’mun akademiyasi an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirganlar.
Allomalar toliblarga hurmat bilan munosabatda bo’lish g’oyasini ilgari suradilar, sxolastik o’qitish va qattiy intizomga qarshi chiqadilar. Ularning fikricha, o’qish tolibga bilimlarga qiziqishni uyg’otishi kerak.
Muhammad Tarag’ay Ulug’bekning Samarqanddagi faoliyati XIV-XV asrlarda madrasalarning fanlar rivojini ta’minlovchi markazlari vazifasini bajarganligini ko’rsatadi. Mirzo Ulug’bek Samarqandning hukmdori bo’lishi bilan birga astronom, matematik va tarixchi sifatida mashhur bo’lgan. Shuningdek, allomaning mohir pedagog ham bo’lganligi tarixiy manbalarda qayd etiladi. Chunonchi, alloma ko’plab iste’dodli yoshlarni tarbiyalagan. U odamlar, ayniqsa yoshlarning ilmiy bilimlarni o’rganishlariga katta ahamiyat bergan.
Alloma o’z davlatida ta’lim sohasida jiddiy islohotlarni amalga oshiradi. U madrasalarni davlat ta’minotiga o’tkazdi, mudarris (o’qituvchi)larga oylik ish haqi belgilagan, shogird (talaba)larga stipendiya ajratgan. Mirzo Ulug’bek madrasa dasturlariga quyidagi fanlar: arab tili, adabiyot, Qur’on, Hadis, ritorika, mantiq, falsafa, fiqh (islom huquqshunosligi), metafizika, matematika, astronomiya, tibbiyot, geografiya, tarix kabi fanlarni kiritadi.
Mutafakkir tomonidan barpo etilgan hamda o’zi bevosita ta’lim bergan madrasalarda o’qish “anda” (kichik) – o’qish muddati 2 yil, “aust” (o’rta) – o’qish muddati 3 yil, “a’lo” (oliy) – o’qish muddati 3 yildan iborat bosqichlarda olib borilgan. Bunday yondashuvni hozirgi ta’lim tizimimizdagi bosqichma-bosqich, soddadan murakkabga qarab bilimlarni egallash bosqichiga ham qiyoslashimiz mumkin. Ayni vaqtda ular o’rta asr Yevropa universitetlari uchun ham xos bo’lgan.
Buyuk iste’dod egasi sifatida alloma ilmiy farazlari, qarashlari bilan o’z davridan bir necha asrlarga ilgarilab ketgan. Deyarli 600 yil avval Muhammad Tarag’ay Ulug’bek quyidagi aksiomani ilgari surgan: bilim olishga intilish davlat ravnaqiga yo’l demakdir. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarning hozirgi tajribasi mazkur fikrni to’la tasdiqlaydi.
Vatanimiz tarixida o’zining salmoqli o’rni va davlatchiligimizni shakllantirishga, markazlashgan davlat tuzishga, ilm-fan, madaniyatni yuksaltirishga homiylik qilgan shaxslardan biri bu – buyuk sohibqiron Amir Temurdir.
1996-yil Amir Temur yili deb e’lon qilinishi, sohibqiron tavalludining 660 yilligini nafaqat O’zbekistonda, balki jahon miqyosida YUNESKOning Parijdagi qarorgohida nishonlanishi, milliy qadriyatlarimizning tiklanishi borasidagi dadil qadamlardan biri bo’lgan bo’lsa, keyingi yillarda esa sohaning fidoyi olimlari, mutaxassislarining sa’y-harakatlari natijasida qator ilmiy-amaliy ishlar, asarlar, xalqaro, respublika miqyosidagi anjumanlar muntazam ravishda o’tkazilib, buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning hayot yo’li, ilm-fan, madaniyatga homiyligi, harbiy mahorati, diplomatik munosabatlariga doir yangicha qarashlarning yuzaga kelishiga zamin yaratilmoqda.
Hozirgi kunda Amir Temur va temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi ulkan merosini o’rganishga qiziqish nafaqat mamlakatimizda balki jahon miqyosida ham tobora ortib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |