San’at sohasining rivojlanishi. Bu davr madaniyatining, xususan, qo’shiqchilikning rivojlanishida o’ziga xos, alohida o’ringa ega bo’ldi. Chunki bu davrda, ayniqsa, Xo’ja Abdulqodir Marog’iy, Darvesh Ahmad Qonuniy, Sulton Muhammad Udiy Samarqandiy, Xo’ja Muhammad ibn Abulhasan Samarqandiy, Xo’jayi Ja’fariy Samarqandiy Qonuniy kabi mohir sozanda va xonandalarning ijodi gullab-yashnagan.
XV asrda Samarqandda tug’ilib o’sgan sozandachilikni, xususan, qonun asbobi chalishni mukammal egallagan Darvesh Ahmad Qonuniy o’z mohirligi bilan ajralib turgan. Samarqandlik yana bir yetuk san’atkor Boqi Jarroh bo’lib, u ajoyib ovoz sohibi edi. U ayni vaqtda mashhur xonanda va sozanda hamda musiqa ilmiy nazariyotchilaridan biri Najmiddin Kavkabiy Buxoriyning qobiliyatli shogirdi bo’lgan.
Bu davrning yana bir mohir san’atkori, mashhur sozanda va bastakor Amir Aliakbar Samarqandiy bo’lib, u ayni vaqtda o’z davrining mashhur san’atkorlari bo’lgan Mavlono Darvesh Bo’zgala, Mir Xoqiy, mavlono Pirmuhammad Kulol, ustod Tulak Nayiy, Abdusattor Qonuniy, ustod Arab Navo Qobuziy, Mahzumzodayi Kotibiy, Mahzumzodayi Xorazmiylarga murabbiylik ham qilgan.
Bu davr san’atining rivojiga ayniqsa, Alisher Navoiy ulkan hissa qo’shgan. Navoiyning musiqaviy-estetik qarashlari, qimmatli ma’lumotlari uning mashhur “Sabbai sayyor”, “Majolis un-nafois”, “Mezon ul-avzon”, “Mahbub ul-qulub”, “Xamsa” kabi asarlarida o’z ifodasini topgan. Ayniqsa, Navoiy o’zining “Majolis un-nafois” asarida o’zi yashagan davr ijodkorlari, xususan san’atkorlari haqida ham atroflicha to’xtalib o’tadi va qimmatli ma’lumotlar ham qoldirgan. Navoiy bilan zamondosh bo’lgan Xo’ja Abdulla Marvarid, Qul Muhammad, Shayx Noiy, Husayn Udiy, Shayx Ko’hiylar nihoyatda samarali ijod qildilar. Alisher Navoiy bu ijodkorlarga bevosita homiylik qilgan.
XV asrda nafaqat mohir musiqa va qo’shiqchilar, balki san’at ilmining nazariyotchilari ham yetishib chiqdiki, ulardan eng mashhurlaridan Zaynulobiddin bin Mahmud al-Husayniyning “Qonuni ilmiy va amaliy musiqiy” – “Musiqaning ilmiy va amaliy asoslari” nomli qimmatli asari bizning kunlargacha yetib kelgan. Manbalarda aytilishicha, bu asar Navoiyning iltimosi va topshirig’i bo’yicha yozilgan. Shuningdek, Husayniy bu asarida 12 maqomga ham yetarli darajada ta’rif bergan.
Xullas, Amir Temur va temuriylar davri o’zbek davlatchiligi tarixida alohida o’rin tutadi. Bu davrda sohibqiron Amir Temurning sa’y-harakati va bevosita rahnamoligi natijasida ilm-fan, madaniyat, me’morchilik gullab-yashnadi. Temuriylar orasidan ilm-fan fidoyilari, xususan, Mirzo Ulug’bek, Bobur Mirzo va boshqa ko’plab bu davrda faoliyat olib borgan turli soha namoyandalari yetishib chiqdi. Mazkur davrdagi ma’naviy merosni o’rganish, tadqiq etish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Amir Temur va temuriylar davri mumtoz musiqa madaniyati yuksak darajada rivojlangan davrlardan biri bo’lgan. Turli xalqlardan yetishib chiqqan mashhur musiqashunos olimlar, yetuk san’atkorlar, musiqa namoyandalari va ularning bebaho ma’naviy merosi hozirgi davrda ham milliy musiqamizga asos bo’lib xizmat qilib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |