O‘zbekiston tarixi fani xalqimiz tarixini haqqoniy tasvirlovchi, aks ettiruvchi ko‘zgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma’naviy saboqlar majmuasidir.
O‘zbekiston tarixi fani boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan bog‘liq holda o‘rganiladi. Insoniyat hayotining ma’no-mazmuni va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari haqida fikr yuritganda falsafa, davlat qurilishi va jamiyatni boshqarish masalalarida Politologiya, iqtisodiy hayotni yoritishda Iqtisodiyot nazariyasi, xalqning turmush tarzi, tili va milliy mentalitetini tasvirlashda etnografiya, o‘zbek tili va adabiyoti, dinshunoslik fanlari yutuqlaridan foydalaniladi. Tarixshunoslik, manbashunoslik, arxeologiya, arxivshunoslik kabi maxsus fanlar tarix falsafasini chuqur anglab etishga ko‘maklashadi.
2. Tarixni o‘rganishning nazariy-metodologik tamoyillari va manbalari.
Tarixiy voqealarni o‘rganishda to‘g‘ri ilmiy-nazariy, metodologik asoslarga tayanishning ahamiyati juda katta. Sovetlar hukmronligi davrida tarixiy tadqiqotlar, uni o‘qitish va o‘rganish ishlari markscha-lenincha metodologiyaga bo‘ysundirildi. Har qanday voqeani yoritishga sinfiylik, partiyaviylik, kommunistik mafkuraviylik nuqtai nazarlaridan yondashildi. Mamlakat, butun bir xalq tarixi ikkiga-ekspluatator va ekspluatatsiya qilinuvchilar, quldorlar va qullar, feodallar va qaram dehqonlar, burjuaziya va yollanma ishchilar, boylar va kambag‘allar, mulkdorlar va yo‘qsillar tarixiga bo‘lindi. Boylar va mulkdorlar, ular orasidan chiqqan beklar, amirlar, xonlar, davlat arboblariga ommaga qarshi reaktsion siyosat yurituvchi ekspluatatorlar guruhi deb qaraldi, qoralandi, nomlari badnom qilindi. Tarixiy voqea va hodisalar kambag‘allarni va yo‘qsillarni himoya qilgan, sinfiy cheklangan tarzda yoritildi.
Din, diniy qadriyatlar qoralandi, insonlarning e’tiqodlariga bepisand qaraldi. Ming yillar davomida ajdodlarimiz orasidan etishib chiqqan mashhur allomalar ikkiga - materialistlar va idealistlarga bo‘lindi. Buyuk olimlar, allomalar, ma’rifatparvar shoiru ulamolar, yozuvchilarga u yoki bu dinga e’tiqod qilganlari, asarlarida olloh, payg‘ambarlar nomini tilga olgan, ishonch bildirganlari uchun idealist – noilmiy degan tamg‘a yopishtirildi, ularning ijodiy faoliyatini o‘rganish chegaralandi, asarlari xalqdan yashirildi, yo‘qotib yuborildi. Oqibatda ko‘pgina tarixiy voqealar soxtalashtirildi, ma’naviy merosimiz, milliy qadriyatlarimiz kamsitildi. Yosh avlodga ularni xurofat, eskilik sarqitlari deb o‘rgatildi. Tarix faqat jangu jadal, urushlardan iborat jarayon sifatida tasvirlandi.3
Xalqimiz tarixining bu qadar soxtalashtirilishiga faqat marksistik metodologiyaning yaroqsizligi aybdor deyish kifoya qilmaydi, albatta. Tarixni soxtalashtirishda, xalqni o‘z tarixiy xotirasidan judo qilishda, Turkistonning o‘tmishini kamsitishda mamlakatda hukmron bo‘lgan totalitar tuzumning salbiy roli katta bo‘ldi. Tarix fani totalitar tuzum xizmatkoriga, tashviqotchisiga, kommunistik mafkura dumiga aylantirilgan edi.
Insoniyat tarixini, tarixiy voqea, hodisalarni to‘g‘ri yoritish va o‘rganish uchun bir qator muhim nazariy-metodologik tamoyillarga tayanmoq zarur.
Bilish nazariyasining dialektik metodi ana shunday tamoyillardan biridir. Dialektika olam yagona va yaxlit, unda sodir bo‘ladigan hodisalar, voqealar umumiy va o‘zaro bog‘lanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo‘ladi, deb ta’lim beradi. Dialektika juda uzoq tarixga ega, uning bilish nazariyasi sifatida shakllanishi va rivojlanishida Geraklit, Aristotel, Xorazmiy, Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Spinoza, Gegel, Gertsen va boshqa olim va ma’rifatparvarlarning xizmati kattadir. Ular moddiy va ma’naviy dunyoni uzviy bog‘liq jarayon shaklida, ya’ni ularni uzluksiz harakat qilib, o‘zgarib, taraqqiy qilib turadigan holda, taraqqiyotni ichki bog‘lanishda olib o‘rganish qoidalarini yaratdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |