Tarixni o‘rganishda tarixiylik tamoyili muhim ahamiyatga ega. Tarixiylik qoidasi voqea, hodisalarni o‘z davrining aniq tarixiy sharoitidan, o‘sha davr muhitidan, tarixiy rivojlanish jarayonidan kelib chiqqan holda o‘rganishni taqozo etadi. Har bir voqea, hodisani boshqa voqealar, hodisalar bilan bog‘lab o‘rgangandagina mazkur voqea hodisaning umumiy tarixiy jarayondagi o‘rnini to‘g‘ri aniqlash, belgilash mumkin bo‘ladi. Har bir voqea, hodisaga umumiy tarixiy jarayonning bir qismi, bo‘lagi deb qaramoq zarur.
Har bir hodisa, jarayon qanday tarixiy muhitda, nima uchun aynan shu paytda, shu shaklda sodir bo‘lganligini, bu hodisa o‘z taraqqiyotida qanday asosiy bosqichlarni bosib o‘tganligini, keyinchalik u qanday bo‘lib qolganligini bilish tarixiylik qoidasining talabidir. Masalan, bironta davlat faoliyatiga tarixiylik nuqtai nazaridan turib baho bermoqchi bo‘lsak, u, birinchidan, qachon, qanday tarixiy sharoitda paydo bo‘ldi, ikkinchidan, u o‘z taraqqiyotida qanday bosqichlarni bosib o‘tdi, uchinchidan, uning tarixiy o‘rni, mavqei qanday, degan savollarga aniq javob berish zarur bo‘ladi.
Tarixiylik tamoyili xalqning o‘tmishini yagona tabiiy- tarixiy jarayon deb, o‘tmish hozirgi zamonni tayyorlaydi, hozirgi zamon kelajakni yaratadi deb qaraydi. Insoniyat ana shunday umumiy yo‘ldan borayotgan ekan, istiqbolda porloq hayot, farovon turmush qurmoqchi bo‘lgan avlod tarix fani orqali o‘tmishni, ajdodlarimizning tarixiy tajribasini yaxshi bilmog‘i lozim. O‘tmishni, ajdodlarimiz tarixini qanchalik yaxshi bilsak, anglab etsak, hozirgi zamonni shunchalik mukammal tushunamiz, kelajakni to‘g‘ri tasavvur etamiz, taraqqiyotning alternativ yo‘llaridan to‘g‘risini tanlay olamiz.
Insoniyat taraqqiyotining ma’lum bosqichida xususiy mulkchilik kelib chiqadi va urug‘’chilik tuzumi emirilib, urug‘’ jamoalari turli ijtimoiy tabaqalarga bo‘linadi, shu davrdan e’tiboran tarixiy voqea va hodisalar ana shu tabaqalarning manfaati bilan bog‘liq holda kechadigan, har bir ijtimoiy tabaqa o‘z manfaati nuqtai nazaridan harakat qiladigan, ayrim hollarda ularning siyosiy, iqtisodiy manfaati bir-biri bilan to‘qnashadigan, qo‘zg‘olonlar ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Bunday vaziyatda sodir bo‘lgan voqealarni, tarixiy jarayonni o‘rganishda ijtimoiy yondashuv tamoyiliga rioya etish zarur bo‘ladi. Ijtimoiy yondashuv tamoyili tarixiy jarayonlarni aholi barcha tabaqalarining manfaatlarini, teng ta’sir etuvchi omillarni hisobga olgan holda o‘rganishni taqozo etadi. Voqealarni alohida bir ijtimoiy tabaqa - kambag‘allar, yo‘qsillar yoki mulkdor boylar manfaati nuqtai nazaridan turib tahlil etish, yoritish bir tomonlama yondashuv bo‘lib, bu tarixni soxtalashtiradi, to‘g‘ri xulosalarga olib kelmaydi6.
Shohlar, amirlar, beklar faoliyatini yoritishga adolat nuqtai nazaridan yondashmoq kerak. Ularni boy tabaqalardan chiqqan, mulkdor bo‘lgani uchungina qoralash, badnom qilish adolatdan bo‘lmaydi. Mamlakat yurtboshisiz, davlat idora organlarisiz, boshqaruvchilarsiz bo‘lmasligini isbot etishning hojati bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, barcha davlat arboblarini, amaldorlarni yoppasiga qoralash ham to‘g‘ri emas. Jonajon Vatanimiz ko‘hna tarixi ham ular orasida xalqparvar, ma’rifatparvar, adolat bilan siyosat yuritgan mashhur davlat arboblari bo‘lganligidan guvohlik berib turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |