Dialektik metodologiya har qanday mamlakat tarixini, shu jumladan, O‘zbekiston tarixini jahon xalqlari tarixi bilan bog‘liq holda o‘rganishni taqazo etadi. Negaki, har bir xalq tarixida milliylik, o‘ziga xos betakror xususiyatlari bilan birga jahon tarixi, butun insoniyat taraqqiyoti bilan umumiy bog‘lanishdadir.
Darhaqiqat, O‘zbekiston tarixi, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi bilan, qolaversa, butun jahon xalqlari tarixi bilan chambarchas bog‘langan. Qadim zamonlardan buyon Vatanimiz Markaziy Osiyo mintaqasidagi ko‘pgina davlatlar bilan yagona iqtisodiy va madaniy makonda bo‘lib kelgan. Bu katta hududda yashovchi urug‘’, qabila, qavm, elatlar etnik jihatdan doimo o‘zaro ta’sirda va aloqada bo‘lganlar, qo‘shilish jarayonini boshidan kechirganlar, ularning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy hayoti bir-birlari bilan uzviy bog‘liq o‘tgan. Shu sababdan O‘zbekiston tarixini qo‘shni mamlakatlar tarixi bilan bog‘liq holda, bir xalqni ikkinchi bir xalqqa qarama-qarshi qo‘ymagan holda o‘rganish taqazo etiladi. Qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, turkman, tojik, fors, afg‘on, hind, arab va boshqa xalqlar, mamlakatlar tarixini qanchalik yaxshi bilsak, O‘zbekiston xalqlari tarixini shunchalik chuqur, har tomonlama o‘rganishga imkon yaratadi, ko‘maklashadi.
Tarixiy voqea, hodisalarni o‘rganish, tahlil qilish va yoritishda ularga xolisona, haqqoniy, ilmiy yondashuv muhim metodologik tamoyillardir. Xolislik, ilmiylik qoidasi tarixiy voqea, hodisalarni o‘rganayotganda ular bilan bog‘liq bo‘lgan barcha faktlarning hech bir istisnosiz butun majmuini birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga asoslanishni talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda, o‘zaro aloqada va munosabatda deb o‘rganish darkor. Oldindan to‘qilgan bir g‘oyani, uydirmani oqlash lozim bo‘lsa faktlar silsilasidan faqat ayrimlarini, mos keladiganlarinigina tanlab olish «tajribasi» sir emas, albatta. Bunday yo‘l bilan chiqarilgan xulosa yoki baho xolisona, haqqoniy bo‘lmay, u bir tomonlamalikka olib keladi.4
Mustaqillik tarixni xolisona yoritish imkoniyatini yaratdi. «O‘zbek olimlarining kuch g‘ayratlari bilan tariximizning ko‘pdan ko‘p g‘oyat muhim sahifalari, eng avvalo, Temuriylar davri, 19-asr oxiri, 20-asr boshlari tarixi yangidan kashf etildi. Shuni esda to‘tish muhimki, o‘tmishimizni «oqlash» vazifasi umuman olganda bajarib bo‘lindi, hozir esa asosiy vazifa, tarixiy tahlilni ilmiy jihatdan holisona va halol amalga oshirishdan iboratdir»5.
Do'stlaringiz bilan baham: |