Dasturlashdan topilgan ilk daromad va sigir puliga olingan kompyuter
Dasturlash yo‘nalishidagi ilk daromadimni – 2 mln so‘mni 17 yoshda topganman. Lekin kompyuterim oddiylik qilgani uchun men ishlatadigan dasturlarni ko‘tara olmay qoldi. Shunda dadamga vaziyatni tushuntirib, kompyuter kerakligini aytganman. Oradan biroz vaqt o‘tib, pochta orqali uydan xuddi men xohlagan rusumli kompyuter keldi. Juda xursand bo‘lib ketganman.
Biroq keyinroq uyga, Samarqandga borib, dadam uydagi oxirgi sigirni menga kompyuter olib berish uchun sotganini bilib qoldim. O‘shanda ko‘zimga yosh kelgan va zo‘r dasturchi bo‘lib, ko‘p pul topaman, ota-onam boshqa qiyinchilik ko‘rmaydi, deb maqsad qildim.
Covid-markazdagi ish 2020 yil bahorida talaba paytim pandemiya boshlanib qoldi. Men ishlayotgan kompaniya ham yopildi, uyga ham kasallik yuqtirib olgan bo‘lsam-chi, deb qaytmadim. O‘sha orada Uzekspomarkazdagi Covid-markaziga farrosh olinishi haqidagi e’lonni o‘qib qoldim.
O‘shanda garchi bu yer xavfli bo‘lsa-da, ish topganimdan xursand edim. Koronavirus markazida 14 kun ishlab 10 mln so‘m maosh olgandim. Biroq o‘sha yerda ishlagan, tanish bo‘lib qolgan bir ayol pulga muhtojligini aytganda 6,5 mln so‘mni qarz berdim. Lekin qaytarib ololmadim. Qo‘limda esa 3,5 mln so‘m qolgandi.
“Somsaxonadan so‘ng yaxshi ish topdim” Hamma joy karantinga yopilgani uchun ish topa olmay qiynalganman. Oxiri o‘zim ijarada turgan uy yaqinidagi somsaxonada somsa sotishga majbur bo‘lgandim. To‘g‘risi, bu men uchun og‘riqli xotira. 2-3 haftacha ishlaganimdan so‘ng bir kishi somsa sotib olishga keldi va hisob-kitobga ustaligimni ko‘rib o‘z kompaniyasiga ishga taklif qildi.
Bu avtosalon edi, u yerdagi ishim davomida ko‘plab biznesmenlarni ko‘rdim va bu mening o‘z biznesimni boshlashim uchun g‘oyalar olishimga yordam berdi.
O‘quv markazining ochilishi Bu orada karantin yumshatildi va men bir o‘quv markazining bitta xonasini ijaraga olib, dasturlash bo‘yicha dars berishni boshladim.
Boshida juda qiyin bo‘lgan, ish boshlaganim uchun e’lon berishga ham pulim yo‘q edi. O‘shanda Telegram-kanali bor bir yigit “Qiz bola ekansiz, qiz bola dasturchilar kam”, deb reklamamni bepul chiqarib bergan. Shundan so‘ng o‘quvchilar to‘plandi va dars o‘tishni boshladim.
Dastlab, 4 mln so‘m, so‘ng 10 mln, 14 mln so‘mgacha daromad topdim.
Lekin bu orada Samarqandga, o‘z viloyatimga qaytdim. O‘qishimni Samarqand davlat universitetida davom ettiryapman. O‘tgan yilidan boshlab Samarqandda o‘quv markazi ochish uchun harakat qildim va hozir 2 ta filialga ega o‘quv markazi egasiman. Xodimlarimiz 10 mln so‘mgacha maosh olishyapti.
Investitsiya va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda biznes loyiham g‘olib bo‘lib, 100 ming dollarlik investitsiyaga ega bo‘ldim, hozir bu mablag‘ bilan biznesimni kengaytirish haqida rejalashtiryapman.
Menga uydagi oxirgi sigirni sotib kompyuter olib bergan dadamning holati doim esimda turadi. Dadamga o‘zi xohlaganday avtomobil sovg‘a qildim, endi oilamni Samarqand shahriga ko‘chirib kelish harakatidaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |