9 iyul Qurbon hayiti bayrami etib belgilandi
“Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi. 2022 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9 iyul – shanbaga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan shu kun Qurbon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi.
Hayit munosabati bilan o‘zbekistonliklar ish haftasining turidan qat’i nazar 4 kun dam olishadi.
Prezidentning avvalroq qabul qilingan farmoniga muvofiq, 2022 yil iyul oyida quyidagicha qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangan:
9 iyul (shanba) – Qurbon hayiti bayrami;10 iyul (yakshanba) – odatiy dam olish kuni;11 iyul (dushanba) – barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;12 iyul (seshanba) – 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun 16 iyul (shanba)dan ko‘chirilgan dam olish kuni.
Dunyoning eng boy odamlari yil boshidan buyon 1,4 trln dollar yo‘qotdi
Mark Tsukerbergning boyligi yarim yil ichida ikki baravarga kamaygan.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida dunyoning eng badavlat 500 biznesmeni 1,4 trln dollar yo‘qotdi, deb xabar berdi Bloomberg.
Ma’lum qilinishicha, Facebook asoschisi Mark Tsukerberg 65,5 mlrd dollar yo‘qotgan, bu uning boyligining yarmiga teng. Tesla va Space X asoschisi Ilon Maskning boyligi 62 mlrd, Amazon rahbari Jyeff Bezosning boyligi 63 mlrd dollarga kamaygan.
Louis Vuitton Moët Hennessy bosh direktori Bernar Arno 49 mlrd, Google hammuassislari Larri Peyj va Sergey Brin mos ravishda 29 va 28 mlrd, Microsoft asoschisi Bill Geyts 23,4 mlrd, Inditex asoschisi Amansio Ortega 20,5 mlrd dollar yo‘qotgan.
Agentlikning qayd etishicha, avvalgi ikki yil davomida eng badavlat biznesmenlarning boyligi faqat ko‘paygan.
Bloomberg Billionaires Index reytingiga ko‘ra, Mask hamon eng ko‘p boylikka ega bo‘lib turibdi — 208,5 mlrd dollar, Bezos 129,6 mlrd dollar bilan ikkinchi o‘rinda. Arno uchinchi (128,7 mlrd dollar), Geyts to‘rtinchi o‘rinda (114,8 mlrd dollar) joylashgan.
May oxirlarida Bloomberg Maskning boyligini 224 mlrd, Bezosning boyligini 139 mlrd va Geytsning boyligini 123 mlrd dollar deb baholagandi.
O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasida Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan yollanma harbiylar Dilan Hill va Endryu Hillga nisbatan ayblov e’lon qilindi.
«Hozirda britaniyalik yollanma askarlar Dilan Hill va Endryu Hillga nisbatan surishtiruv olib borilmoqda. Ularga ham ilgari sudlangan uch nafar yollanma askarga nisbatan qo‘yilgan moddalar tatbiq etilmoqda. Tergov davom etmoqda, ayblov e’lon qilindi»,— dedi Donetsk axborot agentligi suhbatdoshi.
TASSning xabar berishicha, ayblanuvchilarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda, tergovchilar ularning jinoyat sodir etganligiga oid dalillarni olishi lozim.
Xabarda aytilishicha, ayblanuvchilar ko‘rsatma berishdan va tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan.
9 iyun kuni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi sudi britaniyalik Shon Pinner va Eyden Aslin hamda marokashlik Ibrohim Saadunga nisbatan o‘lim jazosi hukmini chiqargandi. Ular “DXR”da hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tishda aybdor deb topildi.
“Shimoliy oqim” ta’mirlash ishlari sabab 11-iyuldan 21-iyulgacha to‘xtatiladi
Nord Stream AG 11-iyuldan 21-iyulga qadar yillik rejali ta’mirlash ishlari sabab “Shimoliy oqim” gaz quvurining ikkala tarmog‘ini to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi. Nord Stream AG yopilishni barcha hamkorlar bilan kelishib olganini ta’kidladi.
“Nord Stream AG 2022-yil 11-iyuldan 21-iyulgacha “Shimoliy oqim” gaz quvurining har ikki tarmog‘ini rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatish ishlari, shu jumladan mexanik komponentlar va avtomatlashtirish tizimlarini sinovdan o‘tkazish, samarali, xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida vaqtincha to‘xtatadi” — deyiladi kompaniya xabarida. Ularning qo‘shimcha qilishicha, gaz quvurining to‘xtatilishi barcha hamkorlar bilan reglamentga muvofiq kelishilgan.
iyun oyida “Gazprom” “Shimoliy oqim” gaz quvuri orqali gaz yetkazib berishni 60 foizga qisqartirgan va buni sanksiyalar tufayli uskunalarni ta’mirlashdagi qiyinchiliklar bilan izohlagandi. Bu esa Germaniyada gaz va energiya inqirozi bo‘yicha favqulodda vaziyat rejasining ikkinchi, oxirgi darajasiga ko‘tarilishida olib keldi. Germaniya hukumati, agar iyul oyida yetkazib berish avvalgi darajasiga qaytmasa, mamlakatda energiya narxi uch baravar ko‘tarilishi va bir qator sanoat tarmoqlari to‘xtab qolishidan xavotirda.
Financial Times nashrining yozishicha, nemis rasmiylari “Gazprom”ning “Shimoliy oqim” orqali yetkazib berishni to‘liq to‘xtatishidan xavotirda. Spiegelning yozishicha, Germaniya “Shimoliy oqim 2”ning Germaniya qismini milliylashtirishi mumkin. Bild nashri Bavariya korxonalari assotsiatsiyasining tadqiqotiga tayanib, Rossiyadan gaz yetkazib berish to‘xtatilishi tufayli Germaniya yalpi ichki mahsulotning 12,5 foizini va 5,6 million ish o‘rnini yo‘qotishi haqida xabar berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |