Fiqhiy mazhablar - Payg’ambarimizning (s.a.v.) muborak hayotlarining ohiriga kelib, Qur’oni Karim oyatlari tushushi ohiriga yetib qoldi. Keyingi bosqichdagi oyatlarning aksariyati hukmlarga tegishli edi. Turli qabila va yurt odamlari Islomni qabul qilishdi. Yangi musulmonlar qarshisida deyarli yigirma uch yil davomida tushib to’plangan oyatlarni o’qib-o’rganish, ularga amal qilish, shariat ahkomlarini o’z hayotlarida tadbiq qilish vazifasi turar edi. Tabiiyki, yosh sahobalar o’zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar eskilaridan sha’riy masalalarini so’ray boshlashdi. Bu ishlarda ba’zi sahobalar o’z ilmlari, topqirliklari bilan boshqalardan ajralib chiqdilar. Ulamolarimiz fiqh bilan mashhur bo’lgan to’rt xalifani, Abdulloh ibn Ma’sud, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr ibn Oss, Zayd ibn Sobit va Oisha onamizni (r.a.) misol qilib keltiradilar.
Shuningdek payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.) aholisi musulmon bo’lgan uzoqroq yurtlarga o’z vakillarini, o’sha yerdagilarga shariat ahkomlarini o’rgatish, ularning hayotida oriz bo’ladigan masalalarni hal etish uchun yubora boshladilar.
Jumladan, Yamanga Muoz ibn Jabalni (r.a.) yuborishni iroda qildilar. Muoz ibn Jabal (r.a.) o’z ish joylariga jo’nab ketayotganlarida payg’ambar (s.a.v.) u kishini to’xtatib, " U yerda senga bar masala oriz bo’lsa, qanday qilib hukm chiqarasan? " deb so’radilar. Muoz ibn Jabal (r.a.) " Allohning kitobi ila ", deb javob berdilar. Rasuli Akram (s.a.v.): " Allohning kitobidan topa olmasangchi? " deb so’radilar. Muoz ibn Jabal (r.a.) " Allohning payg’ambari sunnati ila ", deb javob berdilar. Payg’ambar (s.a.v.): " Allohning payg’ambari sunnatidan ham topa olmasangchi? " deb so’radilar. Shunda Muoz ibn Jabal (r.a.) qarab turmosdan, " fikrim ila ijtihod qilaman ", dedilar. Payg’ambar (s.a.v.) bu javoblardan g’oyat mamnun bo’ldilar va: "Alloh rasulining vakilini, Allohni va rasulini rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo’lsin ", dedilar.
Barcha hadis kitoblarida keltirilgan ushbu mashhur voqea asrlar davomida faqihlarimizni yangidan-yangi ilmiy cho’qqilarga, izlanishlarga chorlashi bilan birga, Qur’oni Karim oyatlari, boshqa hadislar bilan bir qatorda fiqh ilmiga hujjat va dalil bo’lib kelmoqda.
Birinchi hijri asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda Islom dini dunyo bo’ylab keng tarqaldi. Turli arab bo’lmagan halqlar ham musulmon bo’ldilar. Tabiiyki, ular o’zlariga Qur’oni Karim va payg’ambarimizning (s.a.v.) sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emaslar. Bir tarafdan til bilmaydilar, qolaversa, ilmlari yo’q. Nima qilish kerak? Bilganlardan so’rash kerak. Shunday qilib, asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni o’rgatadigan, ularning savollariga javob beradigan kishilar ajralib chiqa boshladi. Keyinchalik sharoit butun boshli kitoblar ta’lif qilish, masalalarni jamlab bayon qilishni ham taqozo qilib qoldi. O’sha davrda hatto davlat boshlig’i ham kishilarga fiqhiy ko’rsatmalar majmuosi lozimligini anglab yetgan. Shuning uchun ham Islom olamining turli joylarida fiqh ulamolari yetishib chiqa boshladilar. Mazkur ulamolar o’z ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga to’rtta narsani asosiy manba qilib olganlar.
Birinchisi: Qur’oni Karim, faqih Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo’lsa, avvalo Qur’onga murojaat qiladi. Unda nima hukm bo’lsa, hech qanday ikkilanishsiz qabul qiladi. Ikkinchisi: Payg’ambarimizning (s.a.v.) sunnatlari. Agar faqih o’sha masalaga javobni Qur’ondan topa olmasa, sunnatga murjaat qiladi. Uni topib hukmini bayon ham qiladi.
Uchinchisi: Ijmo’-bir davirning ijdihod ahli bo’lgan ulamolarning bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridi.
To’rtinchi: Qiyos. Ya’ni, avvalgi manbalarda hukmi kelmagan masalani, shunga o’xshash manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish.
O’sha davrda ko’plab faqihlar yetishib chiqqanlar. Ularning ko’pchiligi o’zlari dunyodan o’tishlari bilan fiqhiy ishlari ham qolib ketgan. Ammo musulmonlar ommasiga keng tarqalgan, shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari ko’p bo’lgan ulamolar fiqhiy mazhab sohiblari, deb tan olingan. Shulardan to’rttalari butun dunyoga mashhur bo’lganlar va ularning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar:
1. Hanafiy mazhabi - Shom, Turkiya, Turkiston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh va boshqa yurtlarda keng tarqalgan.
2. Shofe’iy mazhabi - Misr, Suriya, Indoneziya, Malayziya, Filippin, Tayland va ba’zi Afrika davlatlarida tarqalgan.
3. Molikiy mazhabi - Libiya, Tunis, Jazoir, Mag’rib, Mavritaniya, Nigeriya va boshqa Afrika davlatlarida torqalgan.
4. Hanbaliy mazhabi - Arabiston yarim orolida tarqalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |