Missionerlik va prozelitizmning shakllari. XXI asr boshida missionerlik haqiqatan ham o’ziga xos xususiyatlar kasb etmoqda. Eng avvalo, missionerlar konkret mamlakatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan o’zlarining g’arazli maqsadlariga erishishda unumli foydalanishga harakat qilayotganliklarini ta’kidlash zarur. Bunda boquvchisini yo’qotgan bolalar, qarovchisiz qolgan qariyalar hamda nogironlar muammolari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar va muassasalarga xayriya yordamlarini ko’rsatish, aholining nochor qatlamlarini moddiy qo’llab-quvvatlash va muhtojlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash, ularga tibbiy yordamni tashkil etish orqali o’z qarashlari va harakatlariga xayrixohlikni uyg’otishga intilmoqdalar.
Missionerlarning turli davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida olib borayotgan amaliyoti tahlili xristianlikni targ’ib qilishda maxsus Adabiyotlar, audio va videokassetalarni mahalliy tillarda tayyorlash va bepul tarqatish, masihiylikka da’vat g’oyalari bilan sug’orilgan maxsus gazeta va jurnallarni nashr qilish masalalariga ham alohida e’tibor berilayotganini ko’rsatadi.
Ayni paytda, sport to’garaklari tashkil qilish va musobaqalar uyushtirish, ularning ishtirokchilariga xristianlikni targ’ib qiluvchi maxsus bukletlar tarqatish va sovg’alar berish hamda aholining turli qatlamlari bilan doimiy muloqotda bo’lish va ta’sir o’tkazish doirasini kengaytirish maqsadida tibbiyot, ta’lim-tarbiya sohasiga maxsus kadrlarni yuborish (tibbiy xizmatchi, o’qituvchi-murabbiy va sh.k.) yo’li bilan «tayanch nuqtani» tashkil etish va unga suyangan holda missionerlikni kuchaytirishga intilish ham mavjudligini ta’kidlash joiz.
Erkin targ’ibot olib borish va faoliyat doirasini keskin kengaytirish maqsadida ayrim missionerlik tashkilotlarining o’z harakatlarini xalqaro nodavlat tashkilotlari maqomida amalga oshirishga intilayotgani ham hozirgi davrdagi missionerlikning muhim xususiyatlaridan biridir. Bunday intilish ortida o’ziga xos mantiq bor, albatta. Tajriba bunday maqom missionerlik faoliyati haqli e’tirozlarni keltirib chiqarganda ularning xalqaro huquq normalarini ro’kach qilishiga va uning himoya mexanizmlaridan foydalanishga urinishlariga, o’z harakatlarini xas-po’shlashga va javobgarlikdan qochishga intilishlariga zamin yaratishini ko’rsatadi.
Missionerlar zamonaviy texnika va texnologiya, ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalari imkoniyatlaridan ham samarali foydalanishga harakat qilmoqdalar. Turli davlatlar va mintaqalarda ish yuritayotgan missionerlar internet tarmog’i orqali o’z faoliyatlarini muvofiqlashtirayotgani, moliyaviy mablag’larni bemalol u mamlakatdan bu mamlakatga o’tkazayotgani ham shunday xulosa chiqarish uchun asos bo’ladi. Bunday yo’l bilan missionerlar va ularning homiylari u yoki bu davlatdagi diniy muvozanatni izdan chiqarish, soxta insonparvarlik yordami ko’rsatish bahonasida o’z ta’sir doiralarini kengaytirishga intilmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |